Пт, 2024.11.15, 05.00
SITE LOGO

 

Меню сайта
Разделы новостей
Habarlar
Maktublar
She'rlar
Hikoyalar
Latifalar
Maqolalar
Kim? qachon? Qaerda?
G'oya mualiifi Maryamjon Bobojonova
Календарь новостей
«  Апрель 2007  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
30
Поиск
Друзья сайта
Статистика
Наш опрос

"Bananas" nimasi bilan yaxshi?

[ Natija · Arkhiv ]

Javoblar: 30
Главная » 2007 » Апрель » 25 » TOPTALGAI GUL
TOPTALGAI GUL
01.32
TOPTALGAI GUL
Muqaddas Abdusamatova

Hammasiga o'sha Mahzunanikidagi kecha sabab bo'ldi. Agar Majnuna bunaqa bo'lishini bilganda asti bormagan bo'lardi. Endi boshlanayotgan yop-yorug’ hayot yo'liga o'zi rahna solishini bilganda edi... Afsus bilmadi, bilolmadi.

... Majnuna ikkinchi kursdan buyon Azimjon bilan sirlashib yurardi. Buni hamma kursdoshlari bilishardi. Imtihonlarga darsni ham birga tayyorlashardi. Vaqti-bemahal kinoga borishdi, yotoqhonada birga choy ichishdi. O'sha kecha dugonasining tug'ilgan kuniga ham birga kelishdi.

U erdagi mehmonlar to'rda o'tirgan oq ko’ylakli ozg’in, qoracha yigitdan boshqa hammasi tanish edi. Majnuna avvaliga e'tibor bermadi. Azimjon unga shu qadar mehribonlik ko'rsatib o'tirardi. Hali tarelkasiga turli-tuman taomlar solib qo'yardi. Hali ko'rgan, eshitganlaridan gapirib kuldirardi. Muzika qo'yilgach, birga raqsga ham tushishdi. Kecha oxiriga borib rosa qizidi.

Ro'parada o'tirgani uchunmi Majnunaning ko'zi bir-ikki boyagi yigitga tushdi. U ham tikilib turgan ekan, darrov nigohini oldi. Buni ikkovidan boshqa hech kim sezmadi. Keyin Majnuna Azimjon bilan yana raqsga tushdi. O'ynab turib, u negadir o'sha yigit tomonga yurdi, yigit buni qizning taklifi deb tushundi, chog’i.

Dast o'rnidan turib o'ynab ketdi. "Yashavor Asrorqul, qo'ymaysan" dedi davradan kimdir. U chindan ham raqsga yaxshi tushardi. Ularga xalal bermaslik uchun Azimjon sekin joyiga o'tirdi.

- Ismingiz Asrorqul ekan, bilib oldik. - Meniki Majnuna, - o'yin aralash dedi qiz.

- Buncha chiroyli, - shivirladi yigit, muzika ohangiga mos harakatlar bilan ular shu qadar zavqli raqsga tushishardi. Davradagilar qarsak chalib qo'shilishardi. Majnuna esa shu dam Azimjonni unutib Asrorqulga butunlay mahliyo, uning o'ziga yarashayotgan jozibali harakatlariga qarab to'ymasdi. Raqsda kim o'zarga o'ynayotgandek noz-karashma qilar, nozli ibolar bilan uni o'ziga chorlardi.

Bu orada Azimjonning davradan chiqib ketganini ham bilmay qoldi. Kuy tugagach, o'rniga kelib o'tirgandagina u yodiga tushdi. Boshqalarning "sendan arazlab ketdi" degan ma'nodagi qarashlariga:

- Zarur ishlari bor edi, bilardim. - deb qisqa javob qildi. Nega bunday qilganini o'zi ham bilmaydi. Lekin shu topda uning negadir Asrorqulga qaragisi, yana birga raqsga tushgisi kelardi. Yigit ham buni sezib turardi.

Ular kech tarqalishdi. Mahzunaning shuncha qistoviga qaramay Majnuna o'z yotoqxonasiga ketadigan bo'ldi.

- Vaqt allamahal, yolg'iz ketsang xavotir olaman, - dedi dugonasi. Majnuna shu gapni kutib turgandek:

- O'zim ham yolg’iz ketolmayman, qo'rqaman. – Azimjonning yo'qligi darrov bilindi, - dedi. Balki Asrorqul kuzatib qo'yar, - uning ovozida iltijo ohangi bor edi.

- Siz rozi bo'lsangiz, bajonidil, - u dadil javob qildi.

Ertasi kuni Majnuna Azimjonni uchratganda har doimgidek yuragi shuvillab ketmadi. Uning zaharxanda qilib aytgan ikki og’iz gapi bamisoli ustidan muz bo'lib quyildi. Avvallari salgina qattiq gap bo'lsa, yotib uyqusi kelmasdi. Bugun bo'lsa negadir darrov ko'z oldiga Asrorqul keldi. Uning araziga kuyinmadi ham. Oradan ikki-uch kun o'tgach, darsda o'tirishganda xat yozib uzatgan edi. Azimjon hammaga ko'rsatib, namoyishkorona yirtib tashladi. "Bor-e" dedi keyin u ham. Endi uning nigohi ko'proq Asrorqulni sog’inardi.

U o'qishni allaqachon tutatib, qaysidir ilmiy tekshirish institutida ishlayotganini o'sha kuni Mahzunadan eshitgandi.

Majnunaga necha kungacha o'qishdan keyin kimdir kutayotgandek tuyulaverdi. Nazarida hozir tashqariga chiqadi. O'sha yigit bilan iliq so'rashadi, kursdosh qizlar havas qilishadi. Negaki, Azimjon bilan aloqasi uzilganini rosa gapirib yurishibdi. Zora, o'sha gaplar to'xtasa. Azimjon ham ko'rishi mumkin. Mayli ko'rsin. Asrorqul undan ortiq bo'lsa borki, kam emas...

Lekin yuragi hapriqib, tashqariga chiqadi-yu, hech kimni uchratmaydi. Necha kungacha shunaqa qilib yurdi. Yo'q, kelmadi.

Axiyri qiz buni yigitlik g’ururiga yo'ydi. O'zi borishga jazm etdi. Mahzunadan ish joyini so'rash uchun bordi. Tasodif, Asrorqul o'sha tug’ilgan kuni kitobini qoldirib, olgani kelgan ekan.

Tashqarigacha kuzatib chiqqan Mahzuna:

- Azimjonning kuyasiga uchramagin tag'in, o'rtoqjon, - deb qo'ydi dugonasining qulog'iga. Unga javoban Majnuna xandon otib chiroyli kuldi. Qizning taklifi bilan o'sha kuni ular kinoga borishdi. Qaytishayotganda ularning kino haqidagi fikrlari bir joydan chiqmadi.

- Juda sog’intirib qo'ymasdan, hech bo'lmasa institutga yo'qlab kelarsiz, - dedi xayrlasha turib Majnuna. - Xo'pmi?

Asrorqul yana o'zi yaxshi ko'rgan so'zni takrorladi: "Nasib qilsa". Lekin uni yurakdan aytmayotgani shundoqqina sezilib turardi. Uni tushunib bo'lmaydi o'zi. Bir qarasang juda ochilib-sochilib gaplasharkan. Bir qarasang "ichimdagini top" deb turib oladi.

Iigit kishining balki shunaqa bo'lgani yaxshidir. Balki... bu hammasi kibr bo'lsa-chi? Azimjon bunaqa emasdi-ku. Aytgandek, o'sha kuni u she'r ham o'qigandi, shoirligi ham bor ekan. Ishqilab tushunib etguncha yuragi yorilib bo'larkan. Majnunaning ko'ziga uzoq vaqtgacha uyqu kelmadi, xayollari chuvalashib ketdi. Baribir Asrorqulning Azimjondan ustun tomonlari ko'pga o'xshadi. Birgina shoirligining o'zi... Qizning vujudini o'rin ustida shirin orzular qamrab oldi.

Ergalab u yaxshi kayfiyat bilan uyg’ondi. O’qishga bora turib, gazeta oldi. Auditoriyaga kirib uni varaqlarkan, ko'zlari chaqnab ketdi. Asrorqulning nim tabassum bilan tushgan surati hamda bir necha she'rlari bor ekan. O'qidi. Muhabbat, sevgini alqabdi. Majnuna ularni xuddi o'ziga atalgandek, zavqlanib qayta-qayta o'qirdi. Kursdoshlarining she'r xususidagi baholari qulog’iga kirmasdi ham.

Dars tugagach, Majnuna odatdagidek qizlar bilan keta turib:

- Voy qizlar, qaranglar-a, gazetadaga shoir yigit turibdi, - deb qoldi. Majnunaning yuragi "shig’" etdi. Lekin suratda hayotdagiga nisbatan chiroyliroq ekan, - qo'shib qo'ydi boyagi qiz yana.

Asrorqul qizni ko'rdi. Turgan joyida bosh irg'ab so'rashgan bo'ldi, joyidan jilmadi.

Majnuna dugonalariga "boraveringlar" dedi-yu, o'zi yigit tomonga yurdi. Qizlarga gap topildi. Biri "Azimjon o'lsa o'ligi ortiq", dedi. Ikkinchisi, "Axir bu shoir-ku" deb yonini oldi. Uchinchisi, "manman ekan, voy-bu, namuncha, kelib so'rashsa nima bo'larkan" dedi.

- She'ringiz chiqibdi, tabriklayman, - qizning salom o'rniga aytgan gapi shu bo'ldi.

- Rahmat. Filfakda bir tanishimda ishim bor edi, - dedi Asrorqul.

- Yaxshi hamki tanishingiz bor ekan, bo'lmasa... Bizni yo'qlab kelibsiz deb o'ylabman. Mayli, qizlar kutib qolishmasin, - qiz bu gapni sinamoq uchun aytgani sezildi.

- Qizlar allaqachon ketib qolishdi. Yuring, yaxshisi kinoga boramiz.

Majnuna bu taklifdan sevinib ketdi. Film juda zerikarli ekan. U qiziqsinib Asrorqulni savolga tutardi. She'r yozishni qachon boshlagani-yu, nima uchun shu paytga qadar uylanmagani bormi, hammasini so'radi. Yigit bo'lsa uning har bir harakatini kuzatar, kishi bilmas qizni sinovdan o'tkazardi.

Kino tugagach, u bog’ga kirishni taklif qildi. Bir paytlar oqshomlari gavjum bo'ladigan bog’da odam kam edi. Ular xoliroq joydagi o'rindiqqa o'tirishdi. Asrorqul qizni kuzatib qaytdi.

Shundan keyin yana u jim bo'lib ketdi. Majnuna telefon qildi. Hayriyat joyida ekan. Asrorqul ishi ko'pligini bahona qilib kelolmasligini aytdi. Oradan qancha o'tganini bilmaydi. U yana zerikdi. Bu safar tslefon qilganiga pushaymon bo'ldi. Ko'p bezovta qilmang, qabilida aytgan gapi unga og’ir botdi. O'zicha araz qildi. Baribir yigitdan darak bo'lmadi. Azimjon oldida, kursdoshlarim oldida nima degan odam bo'ldim...

Oxiri she'r yozgan bahonasida uning ishxonasiga bordi. Asrorqul suyunib kutib oldi. Chindan ham ishi ko'pdir. Shuncha vaqt ko'rishmadik, o'ylagandi u. Yanglishgan ekan. Uning sovuq muomalasi, xuddi endi birinchi bor ko'rishayotgandek befarq qarashi alam qildi. Yaxshi ham, yomon ham gapirib ko'rdi. Bo'lmadi. Dadilligi tutib, dangaliga o'tdi.

- Bir marta kinoga borgan bo'lsak, bu sizga uylanaman deganim emas-ku. To'g’risini aytsam, biz yigitlar sehrli narsalarga ko'proq talpinamiz.

Majnuna ham bo'sh kelmadi. Aytar gapini aytib, yuragini bo'shatib oldi. Eshikni qattiq yopib, shaxd bilan ketayotgandi, Asrorqul uni kuzatib chiqdi.

- Biz siz bilan do'st bo'lib qolamiz. She'rlaringizni olib keling. Chiqarishga yordam qilaman.

Qiz bu gaplarni chala-yarim eshitdi. Endi u bilan uchrashgandagi voqealarni ko'z oldiga keltirardi.

Shu xayollar og’ushida ketayotgan Majnuna zinadan tusha turib oyoq ostida yotgan gulga ko'zi tushdi. Kimdir toptab ketgan bo'lsa ham, so'lib ulgurmagan, yaproqlari yashnab turardi. Majnuna uni qo'liga olib bir zum tikildi, negadir o'zini shu gulga o'xshatdi. Keyin uni oldi-da yon tomonidagi gulzor chetiga ehtiyotlab qadab qo'ydi.

Erdan bahra olib balki o'sib ketar deb o'yladi. Lekin u ertasigayoq so'lib qolgandi...

Категория: Hikoyalar | Просмотров: 1182 | Добавил: Nodira | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]