SAHNADA “YALLA” - Ansamblning dastlabki yutuqlari haqida so'zlab bersangiz. - Kollektivimiz asli 1970 yillarda tilga tushdi. Toshkentda bo'lib o'tgan "Biz internatsionalistlarmiz" siyosiy kushiqlar festivalida qatnashib, oradan bir yil o'tmay O'zbekiston komsomoli mukofoti laureati bo'ldi. 1973 yilda esa Berlinda - yoshlar va studentlarning X Jahon festivalida ishtirok etdik. O'shanda kuy, qo'shiq kuch-qudratining shohidi bo'ldim. Tomoshabinlar qo'shiqlarimizdan zavqlanib bizga hamohang kuylashgandi. Qalbimda qo'shiqning qanoti borligiga,u xalqlar o'rtasidagi do'stlikni mustahkamlovchi vosita ekanligiga ishonch paydo bo'lgandi. Ansamblimiz ijro etgan E. Shiryaevning “Xirosima” qo'shig'i hammaga birdek yoqqan edi. Vatanparvarlik ruhi bilan yo'g'rilgan har qanday qo'shiq yoshlarning tinchlik uchun kurashida ommaviy qurol ekanligini o'shanda his qilganman. - Ansambl faoliyati doimo yutuqlardan iboratmi yo qiyinchiliklar ham bo'lganmi ? - Bo'lmasam-chi.1970 yilda kollektivdagi barcha yigitlar u yoki bu sabablarga kura tarqab ketdi. Avvalgi ishtirokchilardan bir o'zim qoldim. Juda qiyin bo'ldi. Davom ettiray desam hammasini qaytadan boshlash kerak edi. Kim bilan? Buning uchun san'atni tushunadigan ijodiy intiluvchan yigitlar kerak edi. - Topdingizmi shunday yigitlarni ? - Ulardan birinchisi Rustam Ilyosov bo'ldi. U bilan Yaltada hamdo'stlik qo'shiqlarining eng yaxshi ijrochisi uchun Butunittifoq tanlovida tanishib qoldik. Bu tanishuv uchun taqdirdan bir umr minnatdorman. Uning konservatoriyani bitirgani, yuksak professionalizmi ayni muddao edi. Uning milliy musiqani jon-dilidan sevadigan tug'ma talant egasi ekanligini ko'rib yayrab ketdim. Hozir barcha xalq qo'shiqlarimiz kuyini qayta ishlab, zamonaviylashtirib, estradaga moslagan ham Rustam. Boris Grishkovichni keyin Rustam olib keldi. U hali konservatoriyani tugatmagan bo'lsa-da, san'at sohasidagi keng mushohadasi, sologitarani yaxshi bilishi bizga ma'qul keldi. Toshkent teatr va rassomchilik san'ati institutini tugatgan Javlon To'xtaevni yangi formatsiyadagi musiqachi deymiz. Abbos Agiev faoliyatini gitara chalishdan boshladi. Bizda hozir klavishlik asbobni hamma bemalol chalaveradi. Sezgan bo'lsangiz u ko'proq cholg'u asbobga emas, zalga qarab jilmayib turadi. Aslida sintezatorni, elektron stringni chalish katta mahorat talab qiladi. Musiqa asbobiga tikilib qolmasdan zalni o'ziga maxliyo qila olishi Abbosda ana shu mahorat mujassamligidan dalolat. Alisher To'laganov serqirra ijodkor. Rustam kslmasdan avval faqat baraban chalardi. Lekin ansambl uchun buning o'zi kamlik qilishini tushuntirdik. Ko'p o'tmasdan doira-nog’ora - hammasini tilga kiritadigan bo'ldi. U tinib-tinchimas, mehnatkash yigit. Ishlab, o'qib charchamaydi, vokalni o'rganamanmi-o'rganaman, deb turib oldi. O'qidi, ustozlardan saboq oldi. Orzusiga etdi. "Shahrisabz"ni gohida u kuylaydi. Kollektivimiz a'zolari shunaqa fidoyi san’atkorlar. - Ansamblning o'ziga xosligini nimada deb bilasiz? - Eng muhimi qaytariq, taqlidchilikka yo'l qo'ymaslik, chunki birovga o'xshatib kuylash ijrochisi qanchalik talantli bo'lmasin, originaldan ortda turadi. Shuningdek, kollektivimiz ijodiy muvaffaqiyatining asosini xalq og'zaki ijodi tashkil qiladi. Buni hatto nomi ham aytib turibdi. "Yalla" bir vaqtning o'zida ham qo'shiq, ham raqs ijrosi xalqimiz san'atining turli uslublaridan biridir, xolos. Biz ko'pincha yangi dastur tayyorlayotganda xalqimiz muqaddas san'atining boy an'analariga suyanamiz. - Boshqa san'atkorlar bilan ishlagan paytlaringiz ham bo'lganmi? - 1984 yilda tomoshabinlar juda yaxshi kutib olgan "Yallama yorim yallo" dasturini tayyorlashda san'atda nomi mashhur postanovkachi G. Vozovskiy yaqindan yordam berdi. U dasturni mizanstsenalar bilan boyitishda barchamiz bilan birdek til topa oldi. Raqslar postanovkachisi Zav'yalovning xizmatlari ham zoe ketmadi. Bunday qaraganda sahnada mendan boshqa hammaning qo'li band. Hammada cholg'u asbob bor. Shunga qaramay sahnadagi raqs diqqatni tortadi. Rassom Kojevnikovaning kiyim tanlashdagi xizmatlarini alohida ta'kidlagim keladi. Qizig'i, kiyimlarning har birini kuy-qo'shiqlarimizga moslab yaratgan. Klassiklardan Rudakiy, Umar Hayyom, Mahtumquli va boshqalarning asarlarini ijro etganimizda ko'pincha oq kiyimda yoki zar to'nda chiqamiz. Ba'zan esa qizil, sariq rangdagi kostyumlarda, qo'shiqning mohiyatidan kelib chiqib kiyinamiz. - Ijodiy gastrollarning ko'pligi kollektivni charchatmaydimi ? - Gapingizda jon bor. Tomoshabinlar orasida "Yalla" Toshkentda gastrolda ekan" degan gap yuradi. Chunki biz juda ko'p safarda bo'lamiz. Deyarli barcha mamlakatlarda bo'ldik. Muhimi shundaki, kollektivimiz har bir gastrolni navbatdagi imtihon deb biladi. Unga tayyorgarlik, dasturni qayta nazardan o'tkazish mahoratni oshiradi, mas'uliyat yuklaydi. Yana bir narsani alohida ta'kidlagim keladi. Biz chet ellarga safarga otlanganda albatta tomoshabinlar go'zal O'zbekiston, uning bunyodkor xalqi, odamlari haqida tasaivur hosil qilishni maqsad qilib qo'yamiz. "Bu o'lka qanday go'zal", "O'zbekiston", "Uchquduq", "Shahrisabz" kabi qo'shiqlar shular jumlasidan.
|