Пт, 2024.11.15, 04.22
SITE LOGO

 

Меню сайта
Разделы новостей
Habarlar
Maktublar
She'rlar
Hikoyalar
Latifalar
Maqolalar
Kim? qachon? Qaerda?
G'oya mualiifi Maryamjon Bobojonova
Календарь новостей
«  Апрель 2007  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
30
Поиск
Друзья сайта
Статистика
Наш опрос

"Bananas" nimasi bilan yaxshi?

[ Natija · Arkhiv ]

Javoblar: 30
Главная » 2007 » Апрель » 25 » NON HIDI
NON HIDI
01.20
NON HIDI
Muqaddas Abdusamatova

Tong otdi. La’lixon erinibgina o’rnidan turdi. Deraza yoniga keldi. Tashqariga qaradi. Baland-balaid binolar.
Hu-vv pastda gugurt qugisidek bo’lib ko’rinayotgan mashinalar g’ir-g’ir o’tib turibdi.

- Kelganimga ham bir oydan oshdi, - xayolidan o’tkazdi u. - Hali o’rganolmayapman.

La’lixon asli toshkentlik. Onasining kenja qizi bo’lgani uchun ancha erka o’sdi. Uyda aytgani aytgan bo’ldi. Ko’ngli nimani tusasa otasi darrov muhayyo qilardi. Maktabda ham o’rtacha o’qidi. Zo’rg’a tugatdiyu boshqa o’qimadi. Ko’zga yaqin emasmi, sovchilarning keti uzilmadi. Uzatishdi. Omadi bor ekan. Yaxshi erga uchradi. Toparmon-tutarmon... Qiyinchilik ko’rmadi. Uch nafar bolani o’ynab-o’ynab katta qildi. Ikki o’gil, bir qiz. Katta o’g’li va qizini oldinma-ketin to’y qilishdi. Elga osh berishdi. Qudalari ham o’ziga o’xshagan
orzu-havasli, dasturxonli odamlar. Yolg’iz nevarasini bir yoshgacha bag’riga bosib katta qildi. Keliniga qarashdi.

Umr bo’yi ishlamadi. Uyda o’tirdi. Bekalikni o’rniga qo’ydi. Hech narsaga zoriqqani yo’q. Eri baraka topgur hammasini bisyor qildi. Bolalari ham rizqli-nasibali bo’lishdi. Bolaligida erka o’sgan edi. Uyida ham erka xotin bo’ldi. Qo’shqavat uylarda yayradi. Qo’ni-qo’shnilar hurmat qilishardi uni. Yig’inlarga borsa joyning to’ri uniki bo’ldi. U yashagan “Ming-o’rik” mahallasida eriniig ham hurmati baland edi. “Ming-o’rik”ning dovrug’i ham shaharga yoyilgandi.

Ba’zilar uni non mahalla ham derdi. Novvoy Farida xola yopgan nonlarni egan odamning og’zida mazasi qolardi. La’lixonning uyi uch-to’rt eshik narida joylashgandi. Erta tongda butun mahallaga non hidi taralardi. Shundan hammaning ko’ngli tog’ bo’lardi. Novvoy xola har kuni nonushtaga ikkita non chiqarardi. Qishda qaymoq bilan tanovvul qilinardi. Yozda esa husayni bilan. Kayfiyati buzilgan chog’larda ari ham, o’zi ham erta tongni non hidi taralishini kutishardi. Farida xola birinchi tandirni ochishi bilan mahalladagilarning dimog’lariga yoqimli hid urilardi. La’lixonga esa bu ajoyib hid juda qadrdon bo’lib qolgandi. Shundan keyin vujudida engillik paydo bo’lardi. Yolg’iz ugina emas, maxalladagi katgayu kichik shunga odatlangan edi. Ayrim ota-onalar bolalarini “non hididan bebahra qolgur” deb urishardi.

La’lixonning kelinini aytmaysizmi, non hidiga bosh qorong’i bo’ldi. To’rt-besh oygacha kezi kelganda nonvoy xolaning yoniga chiqib o’tirgan paytlari bo’ldi. Buni bilgan qo’shnilar nevarasini “shirmoy non” deb ataydigan bo’lishdi. Omon bo’lgurning yuzi ham naq shirmoy non. Hammaning havasi keladi.

Shahar loyihasi bo’yicha mahalladagi hovlilar buziladigai bo’ldi. Boshqalar qatori La’lixon ham avvaliga rosa kuyindi. Keyin ko’pga kelgan to’y-ku, deya o’ziga tasalli berdi. Buzish oson, qurish qiyin deyishadi. Birpasda baland imoratlar qad ko’tardi. Mahalladagilarning ko’pi shundoqqina yangi uylarga ko’chishdi. La’lixon ham o’ziga to’rtinchi qavatdan to’rt xonali uy oldi. Katta o’g’liga yonidagi uch xonaligini oldi.
Qarang-ki, to’rt tarafga tushgan baland imoratlarning o’rtasida Farida xolaning hovlisi buzilmasdan qoldi. Tandiri ham.

Endi tong paytida dimoqa uriladigan non hidi avvalgisidan ham yoqimli taraladigan bo’ldi. La’lixon uyg’ondi deguncha yoniga kelib, issiq non hididan to’yib-to’yib nafas olardi. Boshqa derazalardan qarab turgan qo’shnilar bilan bosh irg’ab so’rashgan bo’ladi. Farida xola ham bilgandek goho ularga qarab qo’yadi. Keyin derazadan turib birov to’rtta, birov ikkita non buyurishadi. Hamma shunga o’rganib qolgan. Eriga bo’lsa-ku o’n xil ovqatdan ko’ra bir dona issiq non afzal.

Ba’zida La’lixon novvoy xolaga jizza beradi. Jizzali non hidi, ta’mi yana ham xushbo’y, shirin. Qo’shni Ikrom amaki bo’lsa go’shtli nonni yoqtiradi. Har kuni bo’lmasa ham, goho-goho “qo’lbola” go’shtdan o’zi olib keladi. Novvoy xola uniyam dilidagini uqib olgan. Birovga yalpizli, birovga piyozli, birovga kunjut, birovga sedanani ko’proq soladi. Xullas, ko’pchilikning ko’nglini olishga o’rganib ketgan novvoy xola.

La’lixon umrida birovnikida yotib qolmagan. Faqat eri bilan dam olishga borardi. Erini qizg’anmaydi. Ko’ngli nozik. Nima ham bo’ldiyu qarindoshlari qiz uzatadigan bo’ldi. To’yda elib-yugurdi. Uzatishib bormoqchi emasdi. Qizning onasi qo’ymadi. G’azalkent yaxshi joy. Havosi toza. Ko’rib, dam olib kelasiz, deya ko’ndirdi.

La'lixon ko'pchilik bilan qizni uzatishib bordi. Kechqurun yaxshigina to'y bo'ldi. To'g’ri, shahardagidan boshqacharoq rasmrusumi ko'p ekan. Kelin-kuyovni go'shangaga kiritib xotinlar allamahalgacha irim-sirimini qilishdi. Azonga yaqin bir-ikki soat uxlashgan bo'ldi. La'lixon ham azonga yaqin ko'z yumdi. Tongda odatiy tuyg’u bilan uyg’ondi. Lekin bu erning havosi ham maqtashgandek emas ekan.

Bir kuni qaysidir davrada o'tirishganda:

- Bekor ham o'tiribmiz-ku uyda. Undan ko'ra boshqalarga o'xshab Amriqoga borib ishlab kelaylik. O'zi jo'natib, o'zi kutib oladigan firmalar bor ekan. Ham ko'rib, ham pul ishlab kelamiz, - dedi kimdir.

Birov u dedi, birov bu. Oxiri o'n nafar ayol jo'naydigan bo'lishdi.

- Mayli, aylanib, ko'rib kelarsan. Ko'pchilik ekansizlar, - dedi eri. O'zi kuzatib qo'ydi.

Ular samolyotga chiqquncha qanaqadir qiziqish bilan hech narsani sezishmadi. Havoda ikki-uch soat uchishgandan keyin yuragining allaqaeri uzilgandek bo’ldi. Etib borishgandan keyin ham La’lixon ancha qiynaldi. O’n nafar ayolning barchasini katta stadionga supurib-sidirishga ishga tayinlashdi. Ish haqi yomon emas. Ko’k pul to’lasharkan. Ish boshlanganiga bir oy bo’ldi. Ko’pchilik ko’nikib qoldi. La’lixon hamon ko’nika olmayapti. Io’l azoblaridan keyin o’ziga kelguncha hafta o’tdi. Bir amallab ishga chiqib kelyapti. Kechqurunlari katta shaharni bir-ikki aylanishdi. Chiroyli, ozoda. Hammasi ertaklardagidek. O’zbeklar ham ko’p ekan. Ular qachonlardir kelib, shu erda yashab qolishgan. Ayrimlari bilan tanishib olishdi. Lekin baribir, harna urinmasin nimanidir sog’inadi.

Ayniqsa tong chog’ida yuragida g’alati sog’inch hissini tuyadi.

Shukr, uydagilardan ko’ngli to’q. Eri, bolalari bilan telefonda gaplashib turishibdi. Hammalari
sog’-omon, xavotir olmang, deyishyapti. Faqat eri qiynalmayapsanmi, deb so’raganda yig’lab yuborgisi keladi-yu o’zini tiyadi. Nabirasi, bolalarini suratiga kechqurun bir-bir qarab keyin yotadi. Necha martalab tushiga kirishyapti. Lekin baribir nimanidir juda sog’inayotgandek, nimadir etishmayotgandek tuyulaveradi.

Hozir ham o’z uyidagi kabi derazadan pastga qarayapti. Farida xolaning tandiri va nurab qolgan hovlisini emas, gugurt qutisidek mashinalarni ko’ryapti. Dimog’iga urilgan havodan yotsirab nafas olyapti. O’sha o’zi to’yib-to’yib nafas oladigan non hidini sog’inyapti.

Endi tushundi, ota-bobolar o’z uying, o’lan to’shaging, deb bejiz aytishmagan ekan, xayolidan o’tkazdi La’lixon. Ming chiroyli bo’lgani bilan Toshkent qayda-yu, bu sershovqin shahar qayda. Aslini olganda menga kerakmidi bu erga kelib shuncha qiynalish. Nima etishmasdi. - Uning vujudini o’sha o’zi sog’ingan non hidi tobora ko’proq qamrab oldi. Ko’zlarida beixtiyor yosh qalqdi. Kecha, undan oldingi kun ham shunday bo’lgandi. Yo’q, ko’nikish qiyinga o’xshaydi, - yana o’yladi u ishga kiyinayotib. Dugonalari chaqirishdi. Yo’lakay har kim dilidagini to’kib soldi. La’lixon sog’inch tuyg’usi boshqalarda ham borligini eshitib, o’zini yupatishga urindi. Ammo har ne urinmasin, Farida xolaning tandiri ko’z oldiga kelar, yoqimli non hidi vujudini qamrab olardi.

- Ishdan qaytgach, erimga xat yozaman. - diliga tugdi u. - Nima bo’lsa ham qaytaman. Ko’k puli ham kerakmas.Tezroq o’z uyimga, o’z yurtimga boray.

La’lixon o’sha kuni kechqurun bo’lishini ilhaqlik bilan kutdi. Kechqurun esa eriga xat yozdi...

Категория: Hikoyalar | Просмотров: 1303 | Добавил: Nodira | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]