Пт, 2024.11.15, 04.41
SITE LOGO

 

Меню сайта
Разделы новостей
Habarlar
Maktublar
She'rlar
Hikoyalar
Latifalar
Maqolalar
Kim? qachon? Qaerda?
G'oya mualiifi Maryamjon Bobojonova
Календарь новостей
«  Апрель 2007  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
30
Поиск
Друзья сайта
Статистика
Наш опрос

"Bananas" nimasi bilan yaxshi?

[ Natija · Arkhiv ]

Javoblar: 30
Главная » 2007 » Апрель » 22 » Adabiy-badiiy asarlar – huquqiy muhofazada
Adabiy-badiiy asarlar – huquqiy muhofazada
22.52
Mamlakatimiz Adabiy-badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bern konvensiyasiga qo‘shilganiga ikki yil to‘ldi.

O‘zbekiston Mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi bosh direktorining o‘rinbosari Alisher Hafizov bilan ushbu Konvensiyaning ahamiyati, uning yurtimizda amal qilishi tufayli o‘tgan davrda erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar haqida suhbatlashdik.

– Mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan yurtimizda ma’naviy mulk rivoji va muhofazasiga e’tibor kuchaydi. O‘tgan davrda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni muhofaza etishning puxta tashkiliy-huquqiy asoslari yaratilgani bunga yaqqol misoldir.

Yurtimizda mualliflar huquqlari va ular tomonidan yaratilgan asarlar muhofazasini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilayotganining boshqa bir muhim mezoni shuki, 1996 yildayoq Oliy Majlis tomonidan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi hududida 2005 yilning 19 aprelidan e’tiboran Adabiy-badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bern konvensiyasi qoidalari amal qilayotgani bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi.

O‘tgan davrda mamlakatimizning taraqqiyot yo‘lida qo‘ygan dadil odimlari, shuningdek, Bern konvensiyasiga qo‘shilish uchun muayyan tayyorgarlik ko‘rish hamda ushbu Konvensiyaga qo‘shilganimizdan so‘ng uning qoidalarini to‘la amalda tatbiq qilish bilan bog‘liq dolzarb masalalar milliy qonunchilikka muayyan o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etgani tabiiy. Shu munosabat bilan yurtimizda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqildi va 2006 yil 20 iyulda qabul qilindi.

Mazkur Qonunda huquqning tegishli tarmog‘ida qo‘llanadigan asosiy tushunchalar qamrab olingan, ularni amalda joriy etish mexanizmlari belgilab berilgan. Asarlardan ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini hisobga olgan holda, xususan, Internet tarmog‘ida foydalanish usullari ko‘zda tutilgan moddalar, ayniqsa, e’tiborlidir.

Bugungi kunda ushbu Qonun Bern konvensiyasi qoidalarini hayotga tatbiq etish borasida dasturilamal bo‘lmoqda. Xususan, mualliflik haqlarini yig‘ish va taqsimlash vakolatiga ega agentligimiz, o‘zining ana shu huquqiga ko‘ra, mualliflar bilan ularning huquqlarini boshqarish yuzasidan shartnomalar tuzmoqda, shuningdek, tuzilgan shartnomalar asosida mualliflik haqlarini yig‘moqda. Ayni paytda agentlik tomonidan o‘zbekistonlik besh yuzdan ziyod muallif manfaatlarining mamlakatimizda va xorijda himoya qilinishi ta’minlanayotir.

Adabiy-badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bern konvensiyasi tarixiga kelsak, u 1886 yilda qabul qilingan hamda dunyoda birinchi bor mualliflik huquqi himoyasi sohasida minimal xalqaro standartlarni joriy etgan qadimiy shartnomalardan biridir. Bugungi kungacha ushbu Konvensiyaga jahonning 163 davlati qo‘shilgan. Bern konvensiyasi muayyan bir davlatda yaratilgan asarning Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan boshqa davlatlarda ham muhofaza qilinishini ko‘zda tutadi.

Misol uchun, O‘zbekiston hududida yaratilgan biror-bir adabiy-badiiy asar nainki mamlakatimizda, balki Konvensiya ishtirokchisi hisoblanuvchi barcha davlatlarda birdek muhofaza etiladi. Bunda har bir ishtirokchi davlatda maxsus tashkil etilgan vakolatli idoralar – mualliflarning mulkiy huquqlarini jamoa asosida boshqaruvchi jamiyatlar o‘zaro hamjihatlikda asarlarni muhofaza qilish tizimini vujudga keltiradi.

Mamlakatimizda O‘zbekiston Mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi ana shunday vakolatli idora hisoblanadi. Agentligimiz xorijiy mamlakatlarda yurtimizdagi mualliflar nomidan ish ko‘radi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida, tegishli xorijiy tashkilotlar bilan tuzilgan ikki tomonlama bitimlar asosida, chet ellik mualliflarning huquqlarini himoya qiladi.

– O‘zbekistonlik mualliflarning huquqlari muhofazasi qaysi mamlakatlarda amalga oshirilmoqda?

– Agentlik ikki tomonlama shartnomalar asosida Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina, Ozarboyjon, Turkiya, Ispaniya singari bir qator mamlakatlar hududlarida yurtimiz mualliflari nomidan ish ko‘rmoqda. Hozirgi kunda Bern konvensiyasining ishtirokchisi hisoblanuvchi boshqa mamlakatlarga ham shu kabi ikki tomonlama shartnomalarni imzolash bo‘yicha takliflar yuborilgan.

Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zbekistonlik ijodkorlarning asarlariga nisbatan qiziqish juda katta ekani ma’lum. Masalan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston singari mamlakatlarda hamyurtlarimiz asarlaridan juda faol foydalanilmoqda. Hozir Bern konvensiyasi talablariga binoan mualliflarimizning asarlaridan foydalangani uchun ushbu mamlakatlar tomonidan O‘zbekistonga qalam haqi to‘lanishi mexanizmlarini shakllantirish va rivojlantirish borasida izchil ish olib borilayapti.

Bern konvensiyasi, shuningdek, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonun asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 8 yanvarda “Mualliflik haqi va boshqa haq to‘lash turlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Endilikda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi mualliflar asarlaridan foydalanishda ushbu hujjatga asoslanmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimiz mualliflari, shuningdek, asarlardan foydalanuvchi shaxslar aksar hollarda o‘z haq-huquqlarini to‘la bilmasligi bilan bog‘liq muammo ham mavjudligi sir emas.

Bu kabi holatlarga barham berish maqsadida agentlik mutaxassislari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga Bern konvensiyasi hamda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonun normalarining mohiyati va ahamiyati keng tushuntirilmoqda. Har chorakda mualliflar, huquq egalari va huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari uchun maxsus kurs va seminarlar tashkil etilyapti. Bugungi kungacha mualliflar va huquq egalari uchun 15, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari uchun esa 5 ta seminar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Internetda agentlikning sayti ochilgan. Uning sahifalarida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilikka doir to‘liq axborot, shuningdek, asarlardan foydalanish jarayonlariga taalluqli ko‘plab savollarga batafsil javoblar bilan tanishish mumkin.

– Bu boradagi istiqboldagi vazifalarga ham to‘xtalsangiz...

– Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar buzilishining oldini olish – agentligimizning ustuvor vazifalaridandir. Bu borada huquqni muhofaza qilish idoralari uchun “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzarliklarni aniqlash usullari” metodik qo‘llanmasi ishlab chiqildi.

Huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ishtirokida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha ishchi komissiya tuzilgan. Har oyda xo‘jalik subyektlarida, shuningdek, jamoat joylarida tekshiruvlar o‘tkazilib, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga doir qonun hujjatlariga qanday amal qilinayotgani o‘rganib borilmoqda.

Shu o‘rinda yana bir masalaga to‘xtalishni istardim. Dunyoning boshqa davlatlari qatori mamlakatimizda ham asarlarning kontrafakt nusxalarini tayyorlash va sotishga qarshi kurash tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ma’lumki, litsenziyalangan, ya’ni qonuniy asosda yaratilgan bitta musiqiy albomning narxiga asar mualliflariga, ijrochilariga to‘lanadigan haq, bosmaxona va reklama xarajatlari, shuningdek, soliqlar, xususan, daromad solig‘i, qo‘shimcha qiymat solig‘i va boshqa shu kabi to‘lovlar kiradi.

Musiqiy albomning kontrafakt, boshqacha aytganda, “qaroqchi”lik nusxasini tayyorlashda esa bunday sarf-xarajatlar “tejab” qolinadi. Litsenziyalangan musiqiy albom bilan uning kontrafakt nusxasini tayyorlash uchun sarflangan xarajatlar qiyoslansa, o‘rtadagi farq katta ekani yaqqol ko‘rinadi.

Kontrafakt mahsulot uchun, bir tomondan, muallif va ijrochilar tegishli haqini olish imkoniga ega bo‘lmaydi, ikkinchi tomondan, davlatga soliq to‘lanmaydi, demak, davlat budjeti ham muayyan miqdordagi tushumdan mahrum bo‘ladi. Shu bois manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasida bunday qonunbuzarliklarning oldini olish va ularga barham berishning yuridik va amaliy mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.

O‘zbekistonda Bern konvensiyasi qoidalari amal qilayotgani mamlakatimiz taraqqiyparvar dunyo bilan tengma-teng odim tashlayotganidan yana bir dalolatdir. Bugungi kunda biz nainki xorijning ma’naviy mulkidan risoladagidek foydalanish, ayni chog‘da o‘zimizning adabiy-badiiy asarlarimizni ham dunyo bo‘ylab eksport qilish huquqiga egamiz.

Категория: Maqolalar | Просмотров: 1321 | Добавил: Nodira | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]