Biror muhim yumushingiz yodingizga kelib, kompyuteringizni ishga tushirmoqchi bo‘ldingiz, ammo negadir maqsadingiz amalga oshmadi. Qarshingizdagi buyum sizga bo‘ysunishni istamadi. Nega? Balki sizning kompyuteringiz ham «g‘arazlar bo‘roni»ga tushib qolgandir? Bu bo‘ron hozirda nihoyatda ko‘p kompyuterlarga tahdid solayapti. Fan tilida uni «virus» deb atashadi. Ilk kompyuter viruslari 1982 yilda talaba Rich Skrenta tomonidan hazil tariqasida tarqatilgan bo‘lib, u kompyuterdagi o‘yinlarni ishdan chiqarar va tizim ishga tushirilganda sizga atab hazilomuz she’rlar o‘qiy boshlardi. «Elk Kloner» nomini olgan bu virus 50 bora she’r o‘qigandan so‘ng o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketardi. Shundan so‘ng bir necha turdagi mayda-mayda viruslar paydo bo‘ldi. 1987 yilga kelib ular shu darajada ko‘pa¬yib ketdiki, endi «viruslar epidemiyasi» degan ibora qo‘llanila boshlandi. Aynan mana shu yilda birinchi epidemiya Brayn nomi bilan tar¬qatildi. Natijada birgina AQShning o‘zida 18.000 ga yaqin kompyuterga zarar yetdi. Olimlar esa virus tarqatgan «zararkunanda»ni izlashga tushib ketishdi. Bu borada yaratilgan dastur virus kashfiyotchisining uy manzili va telefon raqamini topib berdi. Ikkinchi epidemiya Lexay universitetida boshlandi. 4000 ga yaqin kompyuterni ishdan chiqargan virus kutubxonadagi kitoblarning elek¬tron ko‘rinishi muhrlangan disketlarni ham yo‘qqa chiqardi. Uchinchi epidemiyaning tarqalishiga 1987 yil 30 dekabrda Ierusalim universiteti sababchi bo‘ldi. Tarqatilgan virusning maqsadi kompyuterdagi kerakli fayllarni o‘chirib tashlashdan iborat edi. 1989 yilga kelib esa «Datacrime» nomli «bo‘ron» ko‘tarilib, u faqatgina fayllarga emas, ishchi tizimga ham tahdid sola boshladi. Birgina Niderlandiyaning o‘zida zararlangan kompyuterlar soni 100.000 dan oshib ketdi. Asta-sekin viruslardan pul ishlash maqsadida foydalanila boshlandi. Shunday viruslar yaratildiki, ular kompyuteringizdagi ma’lumotlarni o‘ziga ko‘chirib olib, sizdagisini yo‘q qilib yuborardi. Ekranda esa «ma’lum summani kerakli manzilga jo‘natsangiz, ma’lumotlaringiz qaytariladi», degan yozuv paydo bo‘lardi. 1990 yilga kelibgina viruslar muammosi global muammoga aylandi. Uni hal qilish borasida turli yig‘ilishlar, xalqaro konferentsiya¬lar o‘tkazila boshlandi. Natijada davlatlar tomonidan Frado va Whale deb nomlangan ilk antivirus (viruslarga qarshi dastur) ishlab chiqildi. Dastur ancha sodda ko‘rinishga ega bo‘lsa ham kompyuterdagi zararlangan qismlarni topar va ularga tuzatish kiritardi. Vaqt o‘tgan sari viruslarning tuzilishi ham murakkablasha bordi. Endi Windows dasturini ishdan chiqaruvchi Nightfall, Nostradamus, Nutracker Pascal kabi turlari ishlab chiqildi. Bunga qarshi esa Norton, Kasperskiy, spyware, doctor web, panda nomli dasturlar yaratildi. Bugungi kunda kompyuter viruslariga qarshi dastur ishlab chiquvchi kompaniyalar mavjud. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, bir oyda dunyo bo‘yicha 6000 ga yaqin zararli dasturlar ishlab chiqarilayotgan ekan. Yana bir qiziq ma’lumot shuki, viruslar tarqatishda talabalar birinchi, internetdagi xat markazlari ikkinchi, kompyuter klublari uchinchi o‘rinda turarkan. Ba’zilar hazil tariqasida virus tarqatsalar, ayrimlar dushmanlik kayfiyatida bu ishni amalga oshiradilar. Hatto ba’zi mamlakatlar boshqa davlat kompyuterlariga virus yuborib, statistik ma’lumotlar, davlat sirlari kabi muhim ma’lumotlarni qo‘lga kiritmoqchi bo‘ladilar. Shuning uchun bu turdagi o‘yinlar «g‘arazlar bo‘roni» deb nomlanadi. Kompyuteringizni ishga tushirmoqchi bo‘ldingiz, biroq qarshingizdagi buyum bo‘ysunishni istamadi. U aniq «g‘arazlar bo‘roni»ga tushib qolgan. Ehtiyot bo‘ling! Bo‘ron hali tingani yo‘q. Olimjon ABDUShUKUROV, O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi
|