Пт, 2024.11.15, 06.41
SITE LOGO

 

Меню сайта
Разделы новостей
Habarlar
Maktublar
She'rlar
Hikoyalar
Latifalar
Maqolalar
Kim? qachon? Qaerda?
G'oya mualiifi Maryamjon Bobojonova
Календарь новостей
«  Апрель 2007  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
30
Поиск
Друзья сайта
Статистика
Наш опрос

"Bananas" nimasi bilan yaxshi?

[ Natija · Arkhiv ]

Javoblar: 30
Главная » 2007 » Апрель » 11 » O'zbekistonda teatr san'atiga qiziqish so'nib bormoqda
O'zbekistonda teatr san'atiga qiziqish so'nib bormoqda
00.33
O'zbekistonda teatr san'atiga qiziqish so'nib bormoqda
Gulchehra Murodali
Toshkent
08/04/2007

Bugun chipta olish ilinjida kassa oldida turnaqator bo’lib turgan odamlarni uchratish har bir teatr jamoasining orzusiga aylanib qolmoqda
Bugun O’zbekistonda taxminan 40 ta teatr faoliyat ko’rsatadi. Biroq yangi davr mamlakatda san’atning ommabop hisoblanib kelingan teatr sohasiga ham o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmagan.

Har bir davr uchun o’sha davr hayoti, turmushi, odamlar kayfiyatiyu xarakterini yaratadigan asarlar talab qilinadi. Biroq zamonaviy qahramon obrazini yaratish ayni paytda teatrlar oldidagi muammolardan biri ekanini aytadi dramaturg Muhammad Xayrullayev:

“Zamonaviy ijobiy qahramon hamisha har bir jamiyat uchun ma’lum darajada bayroq bo’lib xizmat qilib kelgan. Agar shu nuqtai-nazardan qaraydigan bo’lsak, mana otgan yillar davomida hali bizning o’zbek teatr sahnasida shu mavzuda yetarli asarlar yaratildi, deb ayta olmaymiz. Bu birinchi navbarda, biz, daramaturglarning yetarli ish qila olmayotganimizda, deb o’ylasak bo’ladi”.

O’zbekiston xalq artisti To’ychi Oripovning aytishicha, teatrlarda zamon talabiga javob bermaydigan, badiiy zaif, kishini fikrlashga undamaydigan asarlar ko’paymoqda.

Tomoshabinning teatrdan qochayotgani boisi turmushning ijobiy tomonlari bilan birga nuqsonlari ham sahnaga chiqmayotganida, Milliy akademik drama teatri aktyori:
Tomoshabinning teatrdan qochayotgani boisi turmushning ijobiy tomonlari bilan birga nuqsonlari ham sahnaga chiqmayotganida
“Yengil-yelpi spektakllar ko’payib ketdi. Kuchli dramatik asarlar bo’lardi-ku. Endi hozir komediya bo’lsa ham, yaxshi komediyalar yo’q-da. “Yurak sirlari” degan bir mahalda qo’yilgan, mana “Kelinlar qo’zg’oloni” asari. Usmon Azimning “Bir qadam” spektakli, bu juda odamlarni o’ylantiradigan masala ko’tarilgan u yerda”.

Badiiy yuksak asarlarning yetishmasligi, tomoshabinning ozligi, mablag’ masalasi bugungi o’zbek teatrlarining asosiy muammosi hisoblanadi. Keyingi paytlarda qaysiki teatrda komik asar qo’yilsagina, o’sha yerda tomoshabin tirbandligi ko’zga tashlanmoqda.

Teatrlarda aynan yengil komediya janridagi asarlarning namoyish etilayotgani sababini hamda teatrlar uchun bugun dolzarb bo’lgan mavzu haqidagi fikrini dramaturg Muhammad Xayrullayev mana bunday izohlaydi:

“Komediya janrini biz hali to’la egallab oldik, deb aytishim qiyin. Nega-ki, bu o’ta murakkab janr. Komediyada ikkita xavf bor, bu – bachkani bir spektaklga, bachkana bir asarga aylanib qolishi hech gap emas. Natijada teatr san’atidan ancha uzoqda bo’lgan, pastroq darajadagi tomoshabinlarnigina o’ziga jalb qila olishi mumkin. Lekin intellektual odamlarning aytaylik, talabiga javob bermaydi, ularni qanoatlantirmaydi", -deydi u.

Muhammad Xayrullayevning aytishicha, teatrlar bozor iqtisodiga o’tgan, ularga mablag’ kerak.

"Tomoshabinlarni esa ko’proq yengil kulgi ko’proq qiziqtirayapti. Natijada biz ularning orqasidan ergashib qolyapmiz. Dolzarb bo’ladigan mavzu bitta, u ham bo’lsa zamonaviy ijobiy qahramon. Ya’ni biz bir formatsiyadan ikkinchi formatsiyaga o’tganimizdan keyin odamlarning ongidagi o’zgarishlarni sahna qahramonlari orqali tomoshabinga yetkazishimiz kerak bo’ladi”, - deb hisoblaydi dramaturg.

Komediya janridagi spektakllarning hammasini ham yengil-yelpi deb bo’lmaydi, deydi san’atshunos olim Tohir Islomov. Unga ko’ra jiddiy spektakllarga tomoshabinning kelmasligi sababi dramaturgiya hamda sahnalashtirish sifatining pastligida.

“Chimildiq” yoki undan keyin qo’yilgan “Qalliq o’yin” degan spektakllar faqat masxarabozlikka yaqin komediya emas. Bular jiddiy asarlar. Ular xalqimizning qadimgi, unut bo’layotgan urf-odatlarini san’at vositasida maydonga olib chiqayotgan, xalqqa qaytarib berayotgan san’atlar bular".
Tarixiy yoki zamonaviy jiddiy asarlarga odamlar kelmay qo'ygan
Lekin, deydi Tohir Islomov, tarixiy yoki zamonaviy jiddiy asarlarga odam kelmaydi, sababi dramaturgiyaning va sahnalashtirishning sifati past.

"Shuning uchun san’atkorlarimizning eng asosiy vazifasi komediyalar bilan bir qatorda hozirgi zamonamizning yetakchi tendensiyalari haqida jiddiy gapiradigan, odamlarni o’ylantiradigan Haqiqatni olib chiqish vaqti keldi”, - deydi san’atshunos olim.

O’tgan asrning boshida Behbudiyning “Padarkush” dramasi tomoshabinlar uchun farzandlarini o’qimishli, ilmli qilishda katta saboq bo’lganini eslashadi. Biroq bugungi spektakllarda bunday ta’sir kuchi sezilmasligini aytadi baxtiyor ismli talaba:

“Millatga saboq beradigan teatrlar qo’yilmayapti. O’sha teatrlar yo’qligi uchun teatrlarda tomoshabin muammosi, turli xil iqtisodiy muammolar paydo bo’lyapti. Masalan, teatrlarga bugun boradigan odamlar bilan qiziqsangiz, majburan olib kelingan odamlar, qaysi bir tashkilotda ishlaydigan, yoki institutda, yoki kollejda o’qiydigan talabalarni majburan domlasi boshida turib, o’shanaqa holatga kelib qolgan".

Bugun chipta olish ilinjida kassa oldida turnaqator bo’lib turgan odamlarni uchratish har bir teatr jamoasining orzusiga aylanib qolmoqda. Mablag’ topishu tomoshabinni jalb qilish uchun yengil asarlarni sahnaga olib chiqayotgan teatr jamoalari omma orqasidan ergashib emas, ommani yuksak san’at ortidan ergashtirish lozimligini unutib qo’yayotgan ko’rinishadi

Категория: Habarlar | Просмотров: 1151 | Добавил: | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]