Ey, do'st Ey, do'st ancha yo'lni yurib qo'ydik biz, Yomonu yaxshini ko'rib qo'ydik biz, Kelib bu dunyoda ne qilding desa Odamg'a odamlik qilib qo'ydik biz. Kimlarga yoqmadik kimlarga yoqdik, Ishqning ummonida mavjlanib oqdik, Habibim dermu deb termulib boqdik, Qalbda ishq olovin yoqib qo'ydik biz. Halolu poklikdan yiroqlab ba'zan, His va ehtirosga to'lib yotdik biz, Tumanlar ichinda tentirab oxir Iymon eshigini kelib ochdik biz. Kimdir yo'limizga g'ov bo'lmoq bo'ldi, Kimdir jonimizga chang solmoq bo'ldi, Kimdir uyimizga o't qo'ymoq bo'ldi, Tavakkal Alloh deb turib qo'ydik biz. Yaxshilik yig'lab, so'ng kulganin ko'rdik, Yomonning jazosin olg'anin ko'rdik, Sotqinning sarmisor bo'lg'onin ko'rdik, Haqning haqligini bilib qo'ydik biz. Ey do'st, bu dunyoning poyoni yo'qdur, Kim shohu kim gado kim och, kim to'qdur, Bunda kelganning hech ketgisi yo'qdur, Ajib bir dunyog'a kelib qoldik biz. Yomonlik oxiri zimiston tuman, Yaxshilik oxiri go'zal bir chaman, So'rsangiz chamansan va yoki tuman, Ezgulik urug'in ekib qo'ydik biz. Hotami toylarni Olloh ham sevar, Mardlik ham nomardlik yonma-yon yurar, G'irrom ham g'oliblik davosin qilar, Bunga istehzoli kulib qo'ydik biz. Olamni yaratgan qodiri qudrat Kimga qilich bermish kimlarga hikmat, Niyat shu tirikmiz baholi qudrat Yaratganga qullik qilmoq bo'ldik biz. Ey, do'st ancha yo'lni yurib qo'ydik biz, Yomonu yaxshini ko'rib qo'ydik biz.
|