Пт, 2024.11.15, 10.07
SITE LOGO

 

Меню сайта
Разделы новостей
Habarlar
Maktublar
She'rlar
Hikoyalar
Latifalar
Maqolalar
Kim? qachon? Qaerda?
G'oya mualiifi Maryamjon Bobojonova
Календарь новостей
«  Апрель 2007  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
30
Поиск
Друзья сайта
Статистика
Наш опрос

Bananas zo'r bo'lishi uchun nima qilish kerak?

[ Natija · Arkhiv ]

Javoblar: 62
Главная » 2007 » Апрель » 7 » Orzular diyoriga safar
Orzular diyoriga safar
12.31
Hikmatlarda aytilishicha, Alloh taolo Nuh to‘fonidan keyin Ibrohim alayhissalom va ul zotning o‘g‘illari Ismoil alayhissalomga Ka’bai Muazzamani qurishni buyurdi. Ka’bai sharif qayta bunyod bo‘lgach, Haq taolo ushbu binoni ulug‘ ibodatgoh o‘laroq ixtiyor etganini bildirdi va “payg‘ambarlar otasi” Ibrohim alayhissalomga jamiki mo‘minlarni ziyoratga chaqirishga amr qildi. “Allohning do‘sti” degan ulug‘ nomga musharraf bo‘lgan payg‘ambar Yaratgan buyrug‘iga muvofiq, insonlarni Ka’ba ziyoratiga chaqirdi. Alloh taolo rahmat tilagan bandalariga payg‘ambari da’vatini yetkazdi. Kimki o‘sha vaqtda Allohning elchisi chaqirig‘iga “labbay” degan bo‘lsa, u albatta, Makkai Mukarramaga boradi va Ulug‘ Uyni tavof qiladi.
O‘sha davrlardan beri Ka’bai Muazzamani ziyorat qilish qalbida imoni bor har bir musulmonning eng buyuk orzusi, hayot-mamot tilagi bo‘lib qoldi. Buyuk ibodatgoh qad rostlagan Makkai Mukarrama va Sarvari olam Muhammad (s.a.v.) davrlarida Islom dini markazi bo‘lgan Madinai Munavvara orzular diyoriga aylandi...

Assalom, Madinai Munavvara!

Butun dunyodan Islom dinining beshinchi ustuni bo‘lmish Haj arkonini bajarish uchun kelgan mo‘minlar safar davomida Payg‘ambar (s.a.v.) shahri — Madinai Munavvarani ham ziyorat qilishadi. Bu — sunnat amal. O‘zbekistonlik hojilar avvalgi yillarda dastlab Jidda orqali Makkaga kelishardi va Haj arkonlari ado etilgandan keyin Madinaga borishardi. Bu safar esa hojilarga qulaylik yaratish maqsadida dastlab Madina ziyorati tashkil etildi.

Toshkentdan uchgan samolyot Madinai Munavvara shahriga 5 soatu o‘n daqiqada yetib boradi. Ikki shahar o‘rtasidagi masofa 3303 km ni tashkil etadi. Odatda, inson uzoq safarga chiqqanda, uni eng avvalo yo‘l azobi tashvishga soladi. Lekin, qiziqki, qaerga, nima maqsadda ketayotganingizni yodda tutsangiz va ixlosu e’tiqodda mustahkam tursangiz, yo‘l mashaqqati ham bilinmas ekan. To‘g‘ri, 5 soatlik parvozdan keyin Madina tuprog‘iga qadam qo‘yganda, dastlab biroz charchoq bilinganday bo‘ladi. Lekin ota-bobolarimiz minglab farsax masofani ot-aravada-yu, piyoda bosib kelishgani va muborak safarni ado etishgani xotirga keladi-yu, birdaniga charchoq, toliqish ham yoddan ko‘tariladi. Inson o‘zini bardam, tetik his qila boshlaydi.

Madinaning chog‘roq aeroportidan avtobuslarga o‘tirib, mehmonxona tomon ketyapmiz-u, negadir xayolimga o‘tmish davrlar manzarasi keldi. Bundan bir asrcha oldin vatandoshlarimiz qanday sharoitda Hajga borishardi? Maktab bolasiga ham ayonki, u paytlarda minglab chaqirim yo‘lni soatlarda bosib o‘tuvchi samolyot degan mo‘’jiza bo‘lmagan. Qolaversa, hali xalqaro munosabatlar tarkib topmagan bir davrda yo‘llarda musofirlarni talash va qaroqchilik rosa avj olgan. Lekin bu kabi safar mashaqqatlari, yo‘l qiyinchiliklariga qaramay, ota-bobolarimiz ming bir mushkulotlarni yengib Hajga borishgan. Yaratganning chaqirig‘iga “labbay” deb, farz amalini ado etay deb, ulkan ajrlarga ega bo‘lay deb, Haq rizosini topay deb safarga chiqishgan...

O‘zbekistonlik hojilar uchun hozirlab qo‘yilgan mehmonxonaga yetib kelganimizda, kutilmagan holat ustidan chiqdik: avtobusdan tushar-tushmas bizni arabiy oq libos kiyib olgan bir guruh kishilar (ular orasida qora hijobli ayollar ham bor) o‘rab oldi. Bular bir paytlar turli sabablarga ko‘ra vatanni tark etgan va ayni vaqtda arabistonlik bo‘lib ketgan o‘zbeklar ekan. Tashqi ko‘rinishidan ularni yerlik aholidan ajratish qiyin. Lekin ona yurt haqida bir mujda eshitishga mushtoq bo‘lib turgan qora ko‘zlar, sof o‘zbek tilida yangrayotgan, vatan sog‘inchi bilan to‘lib-toshgan so‘zlar suhbatdoshlarni bir qarashdayoq “fosh” qilib qo‘yadi.

Yoshi 80 larga borgan, farzand va nabiralari bilan mehmonlarni kutishga chiqqan otaxon diqqatimizni tortdi. Suhbat asnosida ma’lum bo‘ldiki, bu nuroniy mo‘ysafid poytaxtimizda masjid qurdirgan Ismatullo Toshkandiy ekan. Otaxonning aytishlariga qaraganda, O‘zbekistonga uch-to‘rt yilda bir marotaba kelib turadilar. Lekin shunga qaramay, vatan sog‘inchi sabab, har Haj mavsumida o‘zbekistonlik hojilar bilan uchrashish va ulardan ona yurt haqidagi mujdalarni eshitish odatini kanda qilmaganlar. E’tiborimizni tortgan va, ochig‘i, biroz hayratimizga ham sabab bo‘lgan holat shu bo‘ldiki, Ismatullo Toshkandiyning Arab tuprog‘ida tug‘ilgan kichik yoshdagi farzandlari va hatto nabiralari ham o‘zbek tilida biyron so‘zlashardi...

Mehmonxona eshigi oldida qo‘li qo‘liga tegmay kitob tarqatayotgan yana bir nuroniy otaxon bilan yuzma-yuz keldik. Bu kishini Abdulqodir al-Marg‘iloniy deb tanishtirishdi. Aytishlaricha, asli kitobdor-savdogar bo‘lgan vatandoshimiz har yili o‘zbekistonlik hojilarga ehson uchun kitob ulashar ekan...

O‘zbekistonliklar uchun hozirlangan mehmonxona Haramdan (Masjidun-Nabaviydan) bor-yo‘g‘i ikki kilometr masofada joylashgan. Bu, tabiiyki, hammamizni quvontirdi. Chunki bu yerda mehmonxonaning qadr-qimmati uning xizmat ko‘rsatish darajasi bilan emas, ko‘proq muqaddas masjidga qanchalik yaqinligi bilan belgilanadi. Garchi biroz toliqqan bo‘lsak ham, guruhimiz a’zolari bilan tun yarmigacha ilk taassurotlarimizni almashdik...

95 nomga ega shahar

Madinai Munavvara asli “nurafshon shahar” degan ma’noni bildiradi. Bu muazzam maskan 14 asrdan buyon islom olamining muqaddas qadamjosi sifatida e’zozlab kelinadi. Islomgacha shahar Yasrib deb nomlangan. Alloh taolo Muhammad (s.a.v.) ni 40 yoshlarida butun bashariyatga haq yo‘lni ko‘rsatuvchi elchi qilib tanlagach, ul zot Makka shahrida 13 yil insonlarni islomga targ‘ib qildilar. Lekin mushriklar hukmronligi ostida bo‘lgan Makkada bu davr ichida kam sonli kishi islomni qabul qildi. Mushriklar tomonidan musulmonlarga tazyiq va ta’qib kuchaygach, Haq taolo Payg‘ambar (s.a.v.) ga hijrat qilishni — Makkadan Madinaga ko‘chishni amr qildi. Shu tariqa melodiy 622 yilda Payg‘ambar (s.a.v.) tug‘ilgan shaharlari Makkadan Madinaga safar qildilar. Ayni shu vaqtdan musulmon olamining yil hisobi — hijriy sananing birinchi kuni boshlandi. Shu tarzda Yasrib Madinatun-Nabiy, ya’ni Payg‘ambar shahri nomi bilan sharaflandi va Islom dini markaziga aylandi.

Bu shaharda yurgan chog‘ingizda hayajon Siz bilan doimiy yo‘ldosh bo‘ladi. Chunki bu tuproqqa Sarvari koinot Muhammad Mustafo (s.a.v.) ning muborak qadamlari tekkan. Payg‘ambar alayhissalomning 10 yillik hayotlari ushbu zaminda o‘tgan va ul zot ayni shu muborak tuproqqa dafn qilinganlar. Nurafshon maskanda Qiyomatgacha hidoyat mayog‘i bo‘lgan Qur’oni karimning ko‘plab oyatlari nozil bo‘lgan. Mushafi sharif ham aynan Madinada ilk bor kitob holiga keltirilgan.
Yerlik xalqning aytishiga qaraganda, Madina shahri “Dorul-sunnat”, “Qubbatul-islom”, “Baytur-rosulillah”, “Dorul-Fath”, “Dorul-abror”, “Toyiba” va “Al-Muborak” kabi 95 nom bilan atalar ekan. Madinaliklar asosan savdo-sotiq va mehmonlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanishadi. Bir qarashdayoq shaharda eng ko‘p ko‘zga tashlanadigan binolar savdo do‘konlari, mehmonxona va masjidlar ekaniga amin bo‘lasiz. Madinani nurafshon shahar deyishganicha bor. Shaharda hayot kechayu kunduz tinmaydi. Katta ko‘chalarni yoritib turuvchi son-sanoqsiz chiroqlar yarim tunda ham kunduz charog‘onligini yodga soladi.

Sakkizinchi mo‘jiza

Madinaga kelgan tunimizning ertasigayoq Masjidun-Nabaviyga bordik. Aslida hamma hamrohlar ham ushbu muazzam masjidni ko‘rish va Payg‘ambar (s.a.v.) ravzalarini ziyorat qilishni intiqlik bilan kutayotgan edi.

Masjidun-Nabaviy — birinchi ko‘rishdayoq har qanday inson aqlini shoshiradigan muhtasham va muazzam ibodatgoh. Payg‘ambar alayhissalom sahobai kiromlar bilan besh vaqt namozni ado etgan ushbu masjid asli 622 yilda bunyod etilgan. Rasululloh (s.a.v.) vafotlaridan keyin bu masjid bir necha o‘n marotaba ta’mirlangan va kengaytirilgan. So‘nggi o‘nyilliklarda olib borilgan katta bunyodkorlik natijasida masjid bugungi betakror-beqiyos go‘zal suratga keltirildi.

Dunyoning yetti mo‘’jizasi haqida ko‘p gapiriladi. Nazarimizda, Masjidun-Nabaviyni hech ikkilanmay sakkizinchi mo‘’jiza sifatida jahon me’morchiligi durdonalariga qo‘shish mumkin.

O‘quvchida tasavvur hosil bo‘lishi uchun ayrim ma’lumotlarni keltirib o‘tsak. Masjidning hududi 165 ming kv. metrni tashkil etadi. Agar bu raqamga bino atrofidagi maydonlarni ham qo‘shsak, masjidning umumiy hududi 235 ming kv. metrga yetadi. Shunday ulkan maydonga ega masjid o‘z bag‘riga 1 milliondan oshiq namozxonni sig‘diradi. Lekin, qiziqki, ana shunday katta maydonni egallagan masjiddan ham ibodat qilish uchun bo‘sh joy topish amri mahol...

Masjidun-Nabaviy jahon me’morchiligining eng so‘nggi yutuqlari asosida ta’mirlangan desak ishonavering. Masjidda son-sanoqsiz konditsionerlardan tortib eskalatorlargacha, sovutish va elektr tarmog‘idan tortib yong‘in xavfsizligi tizimigacha — barcha xizmat turlari mavjud. Namozgohda hatto politsiya va tibbiy punktlar ham bor.

Tasavvuringiz yorqinroq bo‘lishi uchun e’tiboringizni masjidga doir yana boshqa ayrim raqamlarga qaratsak. 81 ta eshikka ega bo‘lgan imorati oliy tomiga maxsus harakatlanadigan 27 ta gumbaz o‘rnatilgan. Pult yordamida boshqariladigan gumbazlar binoda havo haroratini mo‘’tadil saqlash imkonini beradi. Darvoqe, muhtasham masjidda 2028 ta ustun bor. Binoni atrof-javonibdan qurshab olgan o‘nta minoraning balandligi esa 104 metrni tashkil etadi.

To‘g‘risi, dunyoda go‘zal va muhtasham imoratlar ko‘plab topiladi. Biroq ularning ulug‘ligi faqatgina aql yordamida anglashiladi. Masjidun-Nabaviyning ulug‘ligini esa aql va qalb vobastaligida his etish mumkin...

Buxoriy avlodlariga yo‘l bering...

Bu yerga qadam ranjida qilgan har bir mo‘min Payg‘ambar (s.a.v.) ravzalarini ziyorat qilish va ul zotga o‘z salomlarini yetkazishga harakat qiladi. Namozi asrdan keyin biz ham guruhdoshlarimiz bilan ravzai muborakni ziyorat qilishga qaror qildik. Ziyorat vaqtida esa yana bir ibratli voqea shohidi bo‘ldik...

Payg‘ambar (s.a.v.) qabrlariga asosan masjidning “Salom” darvozasi orqali kiriladi. Ayni shu darvoza tunu kun ziyoratchilar bilan gavjum. Biz ziyorat uchun kelgan vaqtda ravzada hojilar ko‘p bo‘lgani sababli darvozani o‘nga yaqin mirshab to‘sib turardi va ichkarina odam qo‘yilmasdi. Ma’lum bo‘lishicha, darvoza bir necha soat ichida ochilmas ekan. Bizning esa fursatimiz ziq, ixtiyorimizdagi vaqt kam qolgan edi. Guruhimiz a’zolari: “Nima qilamiz?” deganday tarjimonimiz va guruhboshimiz Nozim aka Najmiddinovga qaradik (Yaman va Liviya davlatlarida bir necha yillar ishlab malaka oshirgan, arab tilini mukammal o‘zlashtirgan Nozim aka safar davomida eng yaqin ko‘makchimiz bo‘ldi). Guruhimiz rahbari mirshablardan biriga yaqin soatlarda Madinadan ketishimiz, ravzai muborakni ziyorat qilmay ketsak bo‘lmasligini tushuntirishga urindi. Mirshab, tabiiyki, tushunishni istamadi. Ozroq kutishga qaror qildik. Vaqt o‘tishi bilan darvoza oldida kutayotgan ziyoratchilar soni tobora oshib borardi. Nimadir qarorga kelgan guruhboshimiz chetda turgan nozirdan mirshablar rahbari kimligini so‘radi. Yuzlab ziyoratchilardan tashkil topgan katta oqimni tartibga solayotgan va, aftidan, og‘ir ish anchayin toliqtirgan nazoratchi saf boshida turgan barvasta kishini ko‘rsatdi. Tarjimonimiz soniya ichida saf avvalidagi mirshabboshi bilan nimalarnidir gaplashdi. Dastlab suhbatdoshi talabini butkul rad qilgan arab noziri oz o‘tmay nima mo‘’jiza ro‘y berdi-yu, bizni imlab chaqirdi va... yuzlab kishilar ko‘zi oldida darvozani to‘sib turgan “xalqa”dan o‘tkazib yubordi. Darvozadan kirar-kirmas guruhboshimizni savollarga ko‘mib tashladik. Ma’lum bo‘lishicha, Nozim aka nozirboshiga vaziyatni tushunishtirishga uringan, biroq suhbat soz tushavermagach, axiyri “Bizlar Imom Buxoriy yurtidan kelganmiz”, deb aytgan ekan. Qaysar va bir so‘zli nozirning shahdidan qaytashiga sabab bo‘lgan bor-yo‘q so‘z ana shu edi...

Madinadagi ikki kun davomida Islom tarixida ilk bino etilgan masjid — Quboni ziyorat qildik, Uhud jangi o‘tgan va 70 sahoba shahid ketgan maskan bilan tanishdik, Ikki qibla (Qiblatayn) nomi bilan tanilgan masjidda bo‘ldik...

Ikki kun ko‘z ochib yumguncha o‘tdi-ketdi. Tashkiliy guruh tomonidan Makkaga ketishga tayyorlanish aytilganda, ko‘pchilik g‘alati ahvolga tushib qoldi: bir tomondan, Madinai Munavvaradek go‘zal shaharni tark etish barchani mahzun holatga solib qo‘ygandi; ikkinchi tomondan, Hajning asosiy ruknlari ado etiladigan va Ka’bai Muazzama joylashgan Makkai Mukarramani ko‘rish orzusi yuraklarga tinchlik bermasdi...

Balad Al-Amin ostonasida

Nurafshon Madina shahridan avtobuslarga o‘tirib, Makkai Mukarrama tomon ketyapmiz-u, negadir xayolimga o‘tmish davr manzaralari keldi. Bundan bir asrcha oldin vatandoshlarimiz qanday sharoitda Hajga borishardi? Maktab bolasiga ham ayonki, u paytlarda minglab chaqirim yo‘lni soatlarda bosib o‘tadigan samolyot atalmish mo‘’jiza bo‘lmagan. Qolaversa, hali xalqaro tartib-qoida va munosabatlar qaror topmagan bir davrda yo‘llarda musofirlarni talash va qaroqchilik avj olgan. Lekin bu kabi safar mashaqqatlari va yo‘l qiyinchiliklariga qaramay, ota-bobolarimiz ming bir mushkulotlarni yengib, muqaddas qadamjolar ziyoratiga borishgan. Yaratganning chaqirig‘iga “labbay” deb, ulkan ajrlarga ega bo‘lay deb, Haq rizosini topay deb xolis niyatda olis safarga chiqishgan...

Madina shahri chegarasida Zulxulayfa degan masjid bor (Bu yerni Abyori Ali deb ham atashadi). Ayni shu maskanda madinaliklar va Payg‘ambar shahri orqali Makkaga kelayotgan hojilar ehromga kirishadi. Haj arkonlarini mufassal va mukammal tushuntirgan Payg‘ambar (s.a.v.) turli mamlakatlardan Ka’bai sharifga keladigan hojilar uchun miyqot (chegara) ni tayin belgilab berganlar. Bunga ko‘ra, agar miyqotdan ehromsiz o‘tilsa, katta gunoh sanaladi.

Zulxulayfada Umra niyati bilan ehromga kirdik va talbiya aytishni boshladik (Qoidaga ko‘ra, Makka shahriga borgach, dastlab Umra ibodati ado etiladi va ehromdan chiqiladi. Arafadan bir kun oldin esa Haj niyati bilan qayta ehrom kiyiladi. Bu tamattu’ Haji deb ataladi).

Ehrom arab tilida “poklanish” degan ma’noni anglatadi. Ulug‘ ziyoratni ko‘ngliga tugib, Makkaga kirib kelayotgan hojilar ham ruhiy, ham jismoniy poklanish tilagida ehrom bog‘laydilar. Hajning asosiy uch farzidan biri bo‘lgan bu amal katta hikmat va ibratga ega. Ya’ni, ehrom Haq taolo oldida shohu gado, boyu kambag‘al teng ekani, Olamlar Parvardigori bandalarning davlati va mol-dunyosiga qarab emas, qalbi va amaliga qarab marhamat etajagini yana bir karra yodga soladi.

Madina bilan Makka shahri orasi 420 km ni tashkil etadi. Asosan, taqir sahro va kichik tog‘lardan iborat ikki shahar o‘rtasidagi masofa avtobuslarda bosib o‘tiladi. Birinchi qarashdayoq kishi e’tiborini tortadigan jihat shuki, ikki muqaddas shaharni bog‘lovchi yo‘l havas qilarlik darajada ko‘rkam suratga keltirilgan. Tekis, ravon va ozoda yo‘ldan ketar ekansiz, bu joy bir paytlar chaqir tikanak makoniga aylangan qum barxanlari bo‘lganiga ishongingiz kelmaydi. Muqaddas shaharga olib boruvchi yo‘lda masjid va o‘rta asrlar rabotlarini eslatuvchi dam olish joylari ko‘p uchraydi.

Odatda, musofir shaharga qadam qo‘yayotganingizda, sizni noma’lum xavotir chulg‘aydi. Biroq Balad Al-Amin (xavf-xatardan omonda bo‘lgan shahar) — Makkaga kirishda mutlaqo boshqa holatni his etasiz: qalbingizda o‘zingiz ham kutmagan xotirjamlik paydo bo‘ladi.

Yo‘llar va dillar tutashgan maskan

Makkai Mukarramaga tungi soat 12 larda kirib bordik va o‘zbekistonlik hojilar uchun hozirlab qo‘yilgan mehmonxonalardan biriga joylashdik. Qo‘noq makonimiz muqaddas shaharning Aziziya Janubiya tumanida qaror topgan. Dastlabki suhbatlardan bildikki, mehmonxonamiz Masjidul-Haramdan biroz uzoqda (12 km) joylashgan ekan.

Erta tongda Ka’bai Muazzamani tavof qilish va Umra ibodatini ado etish niyati bilan Masjidul-Haramga yo‘l oldik. Makkai Mukarramaning markazida joylashgan muqaddas masjidga go‘yo ulkan bir ohanrabo o‘rnatilgan. Bu yerga shaharning turli chekkalaridan son-sanoqsiz odam oqib keladi. Kunning istalgan vaqtida kuzating, ayni manzara guvohi bo‘lasiz: Masjidul-Haram joylashgan hudud va ko‘chalar ibodatga kelayotgan va namozgohdan chiqayotgan musulmonlar bilan tirband, gavjum bo‘ladi. Makkaning barcha markaziy ko‘chalari ayni shu nuqtada tutashadi.

Masjidul-Haram yuragi sanalgan Ka’bai Muazzamani ko‘rganda, har qanday qalbi tosh inson ham beixtiyor ko‘zi yoshlanganini his etadi. Chunki Ka’ba ziyorati ko‘nglida imon uchquni bor har bir mo‘min fitratiga jo bo‘lgan azaliy va abadiy orzudir. Alloh taolo Qur’oni karimning “Oli Imron” surasida marhamat qilib aytadi: “Albatta, odamlar ibodat qilishlari uchun qurilgan birinchi uy Makkadagi muborak va butun olamlar uchun hidoyat (mayog‘i) bo‘lgan Ka’badurki, unda maqomi Ibrohim va unga kirgan odam har qanday xavf-xatardan omonda bo‘lishi (kabi) ochiq oyat-alomatlar bordir” (oyati karima mazmuni).

Darhaqiqat, Alloh taolo bu makonni otamiz Odam ato davrlaridan buyon ulkan obro‘ bilan sharaflagan. Bani bashar paydo bo‘lgandan to shu paytgacha Ka’batulloh muqaddas ibodatgoh sifatida tavof etilmoqda. Bu yerga Alloh taoloning ulug‘ payg‘ambarlari — valiy zotlar qadami tekkan. Ka’bai Muazzamaning Alloh nazdidagi ulug‘ligi shu qadarki, bu yerda bir-biriga qo‘pol munosabatda bo‘lish, janjallashish va hatto o‘simlik hamda hayvonot olamiga ozor berish ham harom sanaladi.

Ko‘zni quvnatuvchi go‘zallik

Ka’bai sharifni dastlab Allohning buyrug‘i bilan Odam ato bunyod etganlar va u “Baytul-Ma’mur” (Obod uy) deb atalgan. Nuh to‘fonidan keyin Ibrohim alayhissalom va u zotning o‘g‘illari Ismoil alayhissalom tomonidan muqaddas Ka’ba qayta qurilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v.) davrlarida ham Baytulloh ta’mirlangan. Ezgu ishga Payg‘ambar alayhissalom o‘zlari bosh bo‘lganlar. Keyinchalik turli podshohliklar davrida ham Ka’bai Muazzama bir necha bor yangilangan. Mahalliy aholining aytishiga qaraganda, Baytulloh so‘nggi marta 1996 yilda ta’mirlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ka’bai sharifning balandligi 15 metrga yetadi. Muqaddas binoning yon tomonlari uzunligi esa taxminan 12 va 10 metrga teng. Baytulloh qarshisiga kelganda, qalbni ifodalab bo‘lmaydigan his-hayajon qamrab oladi. Ka’bai sharif devorlaridan taralayotgan yoqimli mushk isi yuraklarni to‘lqinlantirib yuboradi.

Ka’batullohning janubi-sharqiy burchagiga “Hajarul-asvad” (qora tosh) o‘rnatilgan. Ka’ba tavofi ayni shu burchakdan boshlanadi va mazkur yerda nihoyalanadi. Aytishlaricha, Odam alayhissalomga Alloh taolo tuhfa etgan ilohiy toshning rangi dastlab oppoq bo‘lgan va keyinchalik ziyoratga kelayotgan bandalarning gunohlari sabab qorayib ketgan. Hajarul-asvadni o‘pish — sunnat amal. Lekin bu har kimga ham nasib etavermaydi. Chunki tavofga kelgan minglab insonlarning barchasi Hajarul-asvadni o‘pish va Rasululloh (s.a.v.) sunnatlarini bajarishga sa’y qiladi.

Muqaddas uyning sharqiy tomonida — Baytulloh eshigi qarshisida Maqomi Ibrohim (Ibrohim alayhissalomning oyoq izlari saqlangan joy) bor. Alloh taolo Qur’oni karimda alohida e’tirof etgan bu maskan ham Haj davomida ziyorat qilinadi. Ibrohim alayhissalom muqaddas uyni qurayotgan paytda oyoq izlari tushib qolgan bu tosh ham Allohning irodasi bilan bizning zamonamizga qadar yetib kelgan.

Ka’bai Muazzama maxsus mato — kisvo bilan o‘ralgan. Baytulloh ustini bu tariqa yopinchiq bilan ziynatlash Payg‘ambar (s.a.v.) tomonidan buyurilgan. O‘tgan asrlar davomida Makkani idora etgan podshohlar Ka’bani kisvo bilan yopishga alohida e’tibor bergan bo‘lsalar-da, bu tadbir muntazam davom etmadi. Hozirga kelib, Ka’bai sharif har yili yangi kisvo bilan ziynatlanadi. Eski ka’bapo‘sh esa tabarruk hadya sifatida musulmonlarga tarqatiladi.

Aytishlaricha, Makkada faqat kisvo to‘qish bilan shug‘ullanadigan maxsus korxona mavjud. Mohir zardo‘zlar, tikuvchi va to‘quvchilar yil bo‘yi ka’bapo‘sh tayyorlash bilan mushg‘ul bo‘lishadi. Asl ipakdan to‘qiladigan matoga Qur’oni karimning muborak oyatlari tilla suvi yuritilib, Suls yozuvida naqsh etiladi. Har bir qarichiga “Alloh” lafzi muhrlangan kisvo, haqiqatan ham, musulmon san’ati va hunarmandchiligining go‘zal, betakror namunasi sanaladi. Muborak matoning go‘zalligini faqat uni ko‘rgandagina to‘la tasavvur etish mumkin, xolos.

Shifobaxsh suv mo’jizasi

Matof maydonida (Ka’batulloh joylashgan sahn shunday ataladi) Zamzam bulog‘i bor. Hali chaqaloq bo‘lgan Ismoil alayhissalomga Alloh tomonidan tuhfa etilgan ushbu muborak buloq suvi ilohiy hikmatga ega. Ziyorat uchun kelgan hojilar asrlar davomida Ka’ba sahnida otilib chiqayotgan buloqning shifobaxsh suvidan bahra olganlar. Hozirga kelib, tavof paytida Matof maydoniga yig‘ilgan minglab ziyoratchilarga noqulaylik tug‘dirmaslik uchun buloq asosi devor bilan berkitilgan. Yer ostiga o‘rnatilgan maxsus nasoslar shifobaxsh suvni masjidning turli nuqtalarida joylashgan kranlarga tarqatib beradi. Zamzam suvini tarqatish va sovutish kompyuter yordamida boshqariladi. Shuningdek, katta bosim bilan oqadigan quvurlar obi Zamzamni shahar chetidagi suv qadoqlash muassasalariga yetkazadi.

Ibrohim alayhissalom davridan buyon oqib turgan Zamzam bulog‘i — Alloh taoloning ibratli mo‘’jizalaridan biri. Ziyorat uchun kelgan millionlab hojilar Zamzam suvidan to‘yib-to‘yib ichishadi, yuz-qo‘llarini yuvishadi, yana o‘z vatanlariga bir necha o‘n litrlik idishlarda olib ketishadi. Xullas, buloq suvidan har kuni millionlab litr istifoda etiladi. Lekin shunga qaramay, daryoyu dengizlar qurib ketayotgan bir davrda kichikkina buloq suvi Yaratganning mo‘’jizasi tufayli hamon oqib turibdi.

Hadisi sharifda Zamzam suvi ochga taom, kasalga shifo ekani va qanday niyatda ichilsa, ana shunga ijobat bo‘lishi aytilgan. Safar davomida mazkur hadis nechog‘li haq ekaniga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘ldik...

Makkaga kelgan kunimiz ob-havo almashgani uchunmi, hamrohlarimizda birining qorni og‘rib qoldi. Zudlik bilan oshqozon ish faoliyatini yaxshilashga yordam beradigan dori-darmonlar topib berishdi. Bemor dorilarni icha boshladi. Lekin ma’lum fursat o‘tsa hamki, hamrohimizda ijobiy o‘zgarish sezilmadi. Safar ozig‘i yoqmadimi, ishqilib, ahvoli battar yomonlashaverdi. Ertasiga Harami sharifga boradigan bo‘ldik. Bemor hamrohimiz ham ahvoli bundayligiga qaramay, masjidga bordi. Hamma unga xolis niyat bilan Zamzam suvidan ichishni tavsiya qildi. Tavofdan keyin hammamiz shifobaxsh suvdan to‘yib ichdik. Betob birodarimiz ham Yaratgandan shifo so‘rab qadimiy buloq suvidan ichdi. Ishonsangiz, rangi oqarib, bir ahvolda yurgan hamrohimizni oradan biror soat o‘tib... sog‘lom holda ko‘rdik. Bizga xursand bo‘lib hikoya qilishicha, Zamzam suvini ixlos bilan ichgandan keyin qorin og‘riq deganlardan asar ham qolmabdi...

Qadimiylik va zamonaviylik chorrahasi

Makkai Mukarramaga tashrif buyurgan har bir mo‘min kechayu kunduz Masjidul-Haramda bo‘lish, Ka’bai sharifni tavof qilishni niyat qiladi. To‘g‘risi, inson har qanday go‘zal imorat, ko‘rkam qasrga kirganda ham, ma’lum fursat o‘tishi bilan u yerni tark etishni xohlab qoladi. Lekin Masjidul-Haramga kirgan mo‘min bu yerda ko‘proq va yana ko‘proq bo‘lishni istaydi. Chunki bu maskan ilohiy fayzu tarovat bilan ziynatlab qo‘yilgan.

Namozgoh kechayu kunduz ziyoratchilar bilan to‘la bo‘ladi. Bu yerda kun o‘tib, tun pardasi yoyilganini faqat samoga boqibgina bilish mumkin. Hadisi sharifda aytilishicha, Masjidul-Haramda o‘qilgan bir namozga boshqa masjidlarda qilingan ibodatdan ko‘ra 100 ming karra ko‘proq savob yoziladi. Masjidning Alloh taolo huzuridagi maqomi g‘oyat yuksak va baland. Buni Ka’butulloh joylashgan maskan Qur’oni karimda Masjidul-Haram (muqaddas masjid) nomi bilan 15 marta zikr etilganidan ham bilish mumkin.

Hajning asosiy arkonlari ado etiladigan Masjidul-Haram asrlar davomida necha o‘n marotaba ta’mirlandi. Dastlab xalifa Umar (r.a.) davrlarida kengaytirilgan masjid binosi keyingi sulolalar hukmronligi paytida ham ta’mir etib borildi. O‘tgan asrning so‘nggi choragida esa masjidda tarixdagi eng ulkan bunyodkorlik amalga oshirildi. Ilg‘or zamonaviy texnologiyalar va qadimiy me’morchilik an’analaridan foydalanib, jahon arxitekturasining betakror durdonalaridan biri bunyod etildi.

Haramning yuksakka bo‘y cho‘zgan minoralari shaharning chor atrofidan ko‘rinib turadi. Masjidning oppoq marmar qoplangan devorlari quyoshning zarrin nurlarida tovlanib, ko‘zni qamashtiradi. Tunda esa Haram minoralari va baland devorlariga o‘rnatilgan son-sanoqsiz chiroqlar beqiyos go‘zal manzara kasb etadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, muqaddas masjid hududi 356 ming kv. km ni tashkil etadi. Ibodatgoh ichida 1 milliondan oshiq odam namoz o‘qishi mumkin. Masjid atrofidagi maydon va yo‘laklar ham qo‘shilsa, bu raqam yanada oshishi mumkin. Masjidun-Nabaviy kabi Makka Harami ham barcha zamonviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Masjidda o‘nlab eskalator va liftlar, yuzlab ventilyatorlar ishlaydi. 9000 kishiga mo‘ljallangan tahoratxonalar hojilar xizmatida.

Masjiddagi ozodalik, saranjom-sarishtalikni ko‘zni quvontiradi. Lekin, taassufki, ora-sira Masjidul-Haram(!) binosiga... chiqindi tashlaydigan musulmonlar ham uchrab turadi. Madaniyati biroz pastroq dindoshlarning bunday xatti-harakati dilingizni og‘ritadi.

Haramning chor atrofida va ko‘chalarda sigaret chekish inson sog‘lig‘i va imoniga zarar ekani ifodalangan ulkan pannolar o‘rnatilgan. Lekin shunga qaramay, ziyoratchi hojilar orasida, hatto ehrom kiygan holatda tamaki burqsitayotganlari uchrab qoladi.

Ana shu kabi holatlar kishini o‘yga toldiradi. Demak, mo‘minlar Islom madaniyatini chuqurroq o‘rganishlari uchun ma’rifiy targ‘ibotni kuchaytirish zarur. Xususan, Haj qilish niyatida kelayotgan ziyoratchilarni kamida bir yoki ikki oylik maxsus kurslarda o‘qitish kerak. Balki ana shunda musulmon odobiga zid ko‘ngilsiz holatlar kamayar.

Bunday xulosaga kelganimiz bejiz emas. Chunki Hajning boshqa ruknlari ado etiladigan Arafot, Mino kabi yerlarda ham musulmon madaniyatiga zid yana ko‘plab ko‘ngilsizliklarga to‘qnash keldik...

Dunyo va oxirat eshigi bir qadam

Masjidul-Haramdan chiqib, ozroq yursangiz, savdo qatorlari — bozorga duch kelasiz (Bu holat dunyo va oxirat eshiklari bir qadam ekanini yana bir karra yodga soladi go‘yo). Endigina foniy olamning bitmas-tuganmas g‘amlaridan forig‘ bo‘lib, ularni bir lahzaga bo‘lsa-da unutib, ruhingiz tozarib, Ka’batulloh ziyoratidan chiqasiz-u, o‘zingiz sezmagan-istamagan holda yana dunyo tashvishlari bag‘riga sho‘ng‘iysiz. Bu yerda turli davlatlardan keltirilgan kiyim-kechak, estalik buyumlari, ming turdagi tasbehlar, mushku anbar va kitoblar sotiladi. Bozorda asosan mahalliy yoshlar va qo‘shni mamlakatlardan ish istab kelgan kishilar savdo qilishadi. Hojilar estalik sovg‘a sifatida olib ketadigan tasbehlar, turfa shaklu shamoyildagi do‘ppilar Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Pokiston, Hindiston, Misr, Malayziya kabi dunyoning turli mamlakatlaridan keltiriladi. Savdo qatorlarini tark etib, biror chaqirim yursangiz, katta yo‘llar kesishgan chorrahaga duch kelasiz. Ayni shu yerdan shaharning turli tumanlariga eltuvchi tunnel va katta yo‘llar o‘tgan.

Hijoz viloyatining ma’muriy markazi — Makkai Mukarramada taxminan 400 mingdan oshiqroq kishi istiqomat qiladi. Shahar aholisi xuddi madinaliklar kabi asosan savdogarlik va mehmonlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Makka — dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri. Bu yerga bashariyat otasi Odam alayhissalomning qadami tekkan. Ya’ni, Yer yuzidagi dastlabki hayot shu tuproqda boshlangan. Shu bois ham, Makkai Mukarrama tarixda “Ummul-balad” —

“Shaharlar onasi”

deb nomlanadi. O‘tgan mingyilliklar davomida ushbu shahar muqaddas qadamjo sifatida dunyo musulmonlarini o‘ziga jalb etib kelgan. Xususan, Islomdan keyingi davrda shaharning ziyoratgoh sifatidagi ahamiyati beqiyos darajada oshgan.
Makka Mukarrama — “girdogirdi” tog‘lar bilan o‘ralgan maskan. Bu jihatdan shahar tog‘ o‘rtasiga o‘rnatilgan kosani yodga soladi. Bundan ming yilcha oldin muqaddas maskanga tashrif buyurgan sayohatchi adib Nosir Xisrav o‘z “Safarnoma”sida bu haqda shunday yozadi: “Makka shahri tog‘lar orasida va siz qaysi tomondan kelmang, to shaharga yetmaguncha, uni ko‘ra olmaysiz”.

Payg‘ambarlik yeri, vahiy manzili bo‘lgan Makka Islom olamining urib turgan yuragiga mengzaladi. Shaharning nechog‘li ulug‘ sharaf va obro‘ga ega ekanini Alloh taolo Qur’oni karimning “Balad” (Shahar) surasida Makkai Mukarrama nomiga qasam ichganidan ham bilish mumkin (Sharif kitobda Alloh taolo bir qancha o‘rinlarda ahkom va ruknlarning muhimligini ont bilan ta’kidlaydi).

Qur’oni karimda Makka, Bakka, Balad Al-Amin, Um Al-Qura, Al-Haram Al-Amin kalimalari bilan zikr etilgan muqaddas shahar nomiga bejiz “Mukarrama” (karam qilingan) sifati qo‘shilmaydi. Bir qarashda shaharning o‘simlik va hayvonot olami siyrakligini bilish qiyin emas. Makkada xurmo daraxti juda ko‘p uchraydi. Onda-sonda ko‘rinib qoladigan buta va giyohlarni aytmaganda, atrofda ko‘m-ko‘k maysazoru bog‘lar ko‘zga tashlanmaydi. Lekin shunga qaramay, shaharda dunyoning jamiki noz-ne’matlari muhayyo ekani va ular uncha ham qimmat bo‘lmagan narxlarda sotilayotgani hayratingizni oshiradi. To‘rt tomoni tog‘ bo‘lgan shaharni o‘z karami bilan mo‘l-ko‘l rizqlantirib qo‘ygan Zotga beixtiyor hamdlar aytasiz.

Nomi yuqorida zikr etilgan Nosir Xisrav sayohatnoma asarida Makka shahrini g‘aribroq ko‘rinishdagi chog‘roq bir maskan sifatida ta’riflaydi. Bizningcha, shaharni hozirgi qiyofada ko‘rganda, balxlik adib hech ikkilanmay o‘z fikrini o‘zgartirgan bo‘lardi. Chunki zamonaviy Makka betakror go‘zal manzara kasb etgan. Yuzlab muhtasham mehmonxonalar, supermarketlar, ma’muriy binolar, minoralari ko‘kka bo‘y cho‘zgan masjidi oliylar shaharni ziynatlab turibdi. O‘ziga xos me’moriy uslub ifodasi bo‘lgan tosh yo‘llar va oq marmar qoplangan imoratlar esa shahar chiroyiga chiroy qo‘shgan. Shaharda kechayu kunduz hayot tinmaydi. Katta ko‘chalarni yoritib turuvchi son-sanoqsiz chiroqlar yarim tunda ham kunduz charog‘onligini yodga soladi.

Makkada tozalik va orastalikka katta e’tibor qaratilishi e’tiborimizni tortdi. Ko‘chalar va dam olish maskanlari har soatda maxsus tayinlangan ko‘k libosli kishilar tomonidan tozalab, ozoda holatga keltiriladi. Ko‘rinishidan farroshlik bilan shug‘ullanayotgan kishilar xorijdan kelgan ishchilar ekanini bilish mumkin. Aytishlaricha, Makka tozaligi yo‘lida oz emas, ko‘p emas 7000 ga yaqin kishi xizmat qilar ekan.

Rahmonning mehmonlari

Aslida haj amali Islomning asosiy besh ustunidan biri sifatida melodning 628 yili (hijriy 6-7 yillar) da farz qilingan. Bunga dalil Qur’on karimning “Oli Imron” surasi 97-oyatidir: “Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir”. Mana shu hukm sobit bo‘lgandan buyon minglarcha musulmonlar xoh piyoda, xoh otda muborak farzni bajarish ishtiyoqida Yerning turli chekkalaridan Makka sari oshiqadilar. Shukrki, bir paytlar ajdodlarning qo‘l yetmas orzusi bo‘lgan amalni ado etish bizning davrimizga kelib millionlab dindoshlarga nasib etyapti. Zamonlar o‘rtasidagi tafovutni to‘laroq tasavvur qilish uchun quyidagi raqamlarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

1920-yillarda har mavsumda 90 mingdan oshiqroq kishi haj amalini bajargan. Urush yillariga kelib esa, bor-yo‘g‘i 10-20 ming musulmon Ka’batulloh ziyoratini ado etish baxtiga musharraf bo‘lgan.

Tabiiyki, bugunga kelib bu raqamlar butkul o‘zgarib ketgan. Ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda xorijdan Saudiya Arabistoniga muborak ziyorat uchun 1,5 million musulmon kelmoqda. Agar bunga Saudiyaning o‘zidan chiqadigan 1,5 million kishini ham qo‘shsak, yanada ulkan ko‘rsatkich hosil bo‘ladi.

To‘g‘ri, jahonnning 6 milliardlik aholisi oldida bu raqam biroz g‘arib va kichik tuyuladi. Lekin 3 million insonning bir paytning o‘zida yagona maskanga yig‘ilishi aqlni shoshiruvchi vaziyatni yuzaga keltiradi. 3 million kishilik izdihomni tasavvur qilishga urinib ko‘ring. Dunyoning boshqa biror-bir yerida bu qadar ko‘p inson yig‘ilganini ko‘rish mumkin bo‘lmasa kerak.

Hojilarni “Rahmonning mehmonlari” deb atashadi. Mehmon — atoyi Xudo. Odatda, mezbon uyiga tashrif buyurgan qo‘noqlarning hurmati va izzati uchun yaxshilab ziyofat uyushtiradi, mehmonlarning ko‘nglidagi tilaklarni amalga oshirishga harakat qiladi. Xuddi shu kabi hojilar ham Ka’batulloh ziyorati vaqtida Allohning mehmoni bo‘ladilar. Ularga bu dunyoning foniy noz-ne’matlaridan million karra qadrli ziyofatlar beriladi: ularning duolari ijobat etiladi; Haq taolo bandalar bo‘ynidagi tog‘-tog‘ gunohlarni mehmonlik hurmati avf suvi bilan yuvib tashlaydi. Mehmon qalbidagi jamiki tilaklarni ijobat etadi. Zero, bu maskanda o‘z xohish-istaklarini amalga oshirolmay yurgan, har nafasda cheksiz qudrat sohibiga muhtoj bo‘lib turgan inson emas, har ishga qodir zot Alloh mezbonlik qiladi.

Chodirlar vodiysi

Makkadan 5-6 km masofada Mino vodiysi joylashgan. Bu yerda Hajning vojib amallaridan biri — shaytonga tosh otish bajariladi. Zulhijja oyining 8-kuni, ya’ni Hayitdan ikki kun oldin dunyo musulmonlari ana shu muqaddas vodiyga jam bo‘ladilar. Bu maskanda hojilar bir muddat dunyo hoyu havaslarini unutishga harakat qiladilar. Chunki Minoda o‘tadigan 5-6 kun davomida ziyoratchilar besh-olti yulduzli mehmonxonalarning hashamdor xonalarida emas, chodirlarda tunaydilar. Lekin shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, hojilar istiqomat qiladigan maskan nomi chodir bo‘lgani bilan zamonaviy uylardan kam farq qiladi. Chodirlarga ozoda va toza gilamlar to‘shalgan, konditsionerlar o‘rnatilgan. Poyoni ko‘rinmaydigan sanoqsiz oq chodralarning barchasida shunday...

Haj amallari bundan bir necha asrlar oldin qanchalik mashaqqat bilan bajarilgan. Ochig‘i, bugungi kelib bu qiyinchiliklarning mingdan biri ham qolmagan bo‘lsa kerak. Hojilar amallarni bajarishda qiyinchilikka duch kelmasligi uchun deyarli hamma joyda qulayliklar yaratilgan...

Hikmatlarda keltirilishicha, Alloh taolo payg‘ambari Ibrohim xalilullohni sinash uchun suyukli o‘g‘li Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilishni buyuradi. Yaratganning har bir buyrug‘iga so‘zsiz itoat etgan payg‘ambar farzandi arjumandini so‘yish uchun yo‘lga tushadi. Yo‘lda otasi oldida o‘lim sari ketayotgan Ismoil (a.s) ni qariya chol qiyofasiga kirib olgan shayton: “Otang seni qurbonlik uchun olib ketyapti, joningni saqlash uchun qochmaysanmi?” deya vasvasa qiladi. Shunda yosh bo‘lsa-da, qalbi imon nuri bilan to‘la Ismoil (a.s.) shaytonga qarata bir necha bor tosh otadi. Hozir ham hojilar ayni o‘sha yerda Allohning payg‘ambaridan qolgan odat bo‘yicha la’natga uchragan shaytonga nafratlarini ifoda etib, tosh otadilar.

Minoda qo‘shni mamlakatlardan, shuningdek, Rossiyadan avtobuslarda kelgan ziyoratchilarni ko‘rdik. 3500-4000 km masofani avtobuslarda bosib o‘tgan dindoshlarga ko‘pchilik havas bilan qaradi. Shunda hamrohlardan biri bir necha yil avval O‘zbekistondan haj qilish uchun velosipedda kelgan vatandoshlar haqida so‘zlab berdi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Kimki yayov haj qilsa, unga yetmish Makka savobi beriladi”, degan ekanlar. Hammamiz velosiped, avtobus va... samolyotlarda kelayotgan musulmonlarga ham ana shunday ulug‘ savoblar nasib etishini tiladik.

Duolar ijobat maskan

Arafa kuni hojilar Makka yaqinida joylashgan Arafot vodiysiga keladilar. Hadisi shariflarda “Haj — bu Arafadir”, deyilgan. Ya’ni Arafotda turish hajning asosiy uch farzidan biri sanaladi. Bu amalsiz ziyorat qabul bo‘lmaydi. Arafot vodiysi ham ko‘hna sayyoraning eng muqaddas qadamjolaridan biri. Bu yerda bandalarning har qanday ezgu tilagi, duoyi xayrlari ijobat bo‘ladi. Chunki shayton so‘ziga kirib, taqiqlargan mevani yeb, jannatdan yerga tushirilgan otamiz Odam atoning tavbasi ham ayni shu maskanda qabul bo‘lgan. Bu yerda ko‘proq va yana ko‘proq duoda bo‘lish zarur.

Arafa kuni quyosh o‘z yotog‘iga bosh qo‘ygandan keyin Arafotdan uncha ham uzoq bo‘lmagan Muzdalifaga boriladi. Tog‘lar bag‘rida joylashgan vodiyda bir kecha ochiq osmon ostida ibodat qilinadi. Bu maskanda ham duo va tasbehda bo‘lish afzal.

...Shu tariqa haj ruknlari birin-ketin bajo etildi. Qurbonlik, soch oldirish, shaytonga tosh otish va Ka’ba tavofi bajarilgach, haj ahkomlari yakunlandi. Vatanga qaytish uchun Makkadan Jiddaga ravona bo‘lish vaqti yetdi. Butun dunyo musulmonlarini ohanrabo yanglig‘ o‘ziga tortuvchi Ka’bayi Muazzama joylashgan maskan, Sarvari koinot Muhammad Mustafo (s.a.v.) tavallud topgan, ul zotning bolaligi o‘tgan shahar, Islom beshigi bo‘lgan Makkai Mukarramani tark etish anchayin og‘ir. Bomdodga azon aytilmasdan avtobus Jidda sari sokin yo‘lga tushdi. Kechagina so‘zbozlikda hammaga dars berayotgan hamrohlar ham birdan kamgap bo‘lib qoldi. Hamma o‘z xayoli bilan band. Avtobus sukunatini esa nuroniy bir otaxonning so‘zlari buzdi: “Otam Makka ziyoratiga bormaganlar borguncha, borganlar o‘lguncha armon bilan o‘tadi, degandilar. Bu gap qanchalar to‘g‘ri ekan”. Avtobusdagilar barchasi birdaniga otaxonga qarashdi. Hoji ota ko‘pchilikning ko‘nglidan o‘tayotgan so‘zlarni tilga chiqargandi.

Просмотров: 1211 | Добавил: Nodira | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 1
1 Bek  
0
Bu maqola manga juda yoqdi.

Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]