Turkmanistonda prezident saylovlarida muvaqqat rahbar Qurbonguli Berdimuhammedov g’alaba qilgan. Turkmaniston Markaziy Saylov komissiyasi raisi Murod Qoriyev yangi prezident deyarli 90 foiz ovoz yiqqanini ma'lum qilgan. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Turkmanistondagi delegatsiyasi saylovda kuzatuvchi sifatida ishtirok etmagan. Xorijiy jurnalistlarning axborot olish huquqi cheklangan. Xalqaro tashkilotlar va muhojiratdagi muxolifat saylovlarni adolatsiz deb atagan. Muxolifatga saylovda qatnashishga yo’l berilmagan. AQSh Turkmaniston ichki siyosatiga aralashmasligini, biroq Ashgabat siyosatini yaqindan kuzatayotganini aytib keladi. Saylov haqida hali rasmiy bayonot yo’q. Tabiiy gazga boy Turkmaniston xalqaro hamjamiyat nazarida dunyodagi eng yopiq jamiyatlardan biri. Ammo Rossiya, Yevropa Ittifoqi va AQShni qiziqtirgan eng katta masala – yangi prezident Turkmaniston gazini eksport qilishda davom etishidir. Dunyo bo’yicha Turkmaniston gaz zahiralari 12-o’rinda turadi. Qurbonguli Bermuhammedovning qasamyod marosimida bir qator davlat rahbarlari ishtirok etgan Bo’hronlarni o’rganuvchi xalqaro tashkilot Berdimuhammedovni Turkmaniston xalqiga erkinlik berishga, ularning siyosiy-ijtimoiy huquqlarini ta’minlashga chaqirmoqda. 50 yoshli Berdimuhammedov mamlakatda iqtisodiy imkoniyatlarni oshiramiz, fuqaro huquqlari e’zozlanadi va axborot erkinligi joriy etiladi deb va’da bermoqda. Turkmanboshi Saparmurod Niyozovning eng ishongan kishilaridan biri, kasbi aslida tish shifokori, 49 yoshli Qurbonguli Berdimuhammedov 2001 yili bosh vazir muovini etib tayinlangan. Hukumatda turli lavozimlarda 10 yildan ortiq ishlagan, biroq xalq orasida tanilmagan. Berdimuhammedovning qasamyod marosimida Afg’oniston rahbari Hamid Karzay, Rossiya Bosh vaziri Mixail Fradkov, Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, Ukraina rahbari Viktor Yushchenko va Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili ishtirok etgan. O'zbekistondan marosimda Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi raisi Erkin Xalilov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti G’arb davlatlarini Turkmanistonga bosim o’tkazib, huquq ahvolini yaxshilashga chaqirgan. Tashkilot Turkmanistonni eng repressiv davlatlardan biri deb biladi Amerika Ovozi
|