Kulgim qistadi. "Kimda nima tashvish" deganlari shumikin? - Ishqilib, kuyov bilan gapinglar bir joydan chiqsa bo'ldi-da, bolam. Biz kampirlar kelishib ketaveramiz. Ammaginam! Axir, xuddi shu siz aytganingiz bo'lmayapti-ku! Kuyov bilan gapimiz bir joydan chiqmayapti-ku! Nima qilay? Kechikdimmi? Yo'q! Hali ham kech emas. Muzaffar Ilhomning oldiga borish kerak. Ko'zlariga tik qarab, ochiqchasiga gaplashish kerak. Ko'nglida nima, bilish kerak. Agar... Nima bo'libdi? Avval qiyin bo'ladi, keyin sekin-sekin ko'nikasan. Agar... Yanglishayotgan bo'lsam-chi? Koshkiydi... Men hammasidan ko'zimni yumib yuboraman. Azoblarimdan ham, uning sarguzashtlaridan ham, barcha o'tgan gaplardan, ko'zimni yumaman. Oyim to'g'ri aytadi. Ayol nimalarni kechirmagan? O'rnimdan tura solib, xonamga otildim. Shosha-pisha kiyinib, hovliga tushdim. Ayvon pastida endigina kelgan bo'lsa kerak, ko'cha ki-yimida akam turardi. Yonida oyim bilan ammam. Bir nimalarni shivirlashishyapti. Meni ko'rib jimib qolishdi. - Qayoqqa ketyapsan? - so'radi oyim. - Hozir kelaman. Yo'lakka otildim. Bu trolleybus muncha sekin yurmasa? Nashriyotga yetib kelganimda ish kuni poyoniga yetib qolgan, yo'lak bo'shay boshlagandi. Muzaffar Ilhomning xonasi yo'lakning qoq o'rtasida edi. Xonada Muzaffar Ilhom yo'q, birgina keksa mudir qog'ozlarini taxlardi. Meni ko'rib ko'zoynigini qo'llariga oldi. -Muzaffar Ilhom yo'q-ku, Mag'ruraxon. Ikki soat bo'ldi, Farg'onaga ketdi. -Farg'onaga? -Xabaringiz yo'qmi, hali? - mudir taajjub bilan meni boshdan-oyoq kuzatib chiqdi. - Uning otasi qazo qildi-ku. Turgan joyimga mixlandim-qoldim. Mudir menga yana bir nimalar dedi. Tushunmadim. Sudralib uyga qaytdim. Uyda meni men bilgan o'sha xabar kutardi. Muzaffar Ilhomning o'zi akamga kelib aytganmish. Endi to'yning yaqin o'rtada bo'lishi dargumon edi. To'y keyin ham bo'lmadi. Siz qumni siqimlab qo'yganmisiz? Mening orzularim ham barmoqlarim orasidan qum misol to'kilib tushdi... * * * Kecha boshlagan yomg'ir hamon eziladi. Hovli yuzasi xalqob, akasiyalarning bujur tanalari ho'l, o'rtadagi gulzor o'rni chirik xazonlar-u, ular orasida bo'rtib yotgan qup-quruq gul poyalari.... Derazadan tashqariga ko'z tashlagancha xayolga berilaman: -Dil og'rig'iga eng yaxshi davo- vaqt, deb bejiz aytishmagan ekan, yillar o'tishi bilan hayotim yana izga tushganday edi. Lekin... Ha, hayot goh oftobli, goh chaqmoqli, goh yomg'irli lahzalar ichra o'tarkan. Sharfimga mahkamroq o'randim. Atrof jim-jit. Tashqaridan yomg'irning shitirlashi-yu, bilagimdagi soatning chiqillashi eshitiladi, xolos. Darslar allaqachon tugagan, Nazira opa yo'q, Xurshid aka va Baxtiyor kengash majlisida, uning navbatdagi kitobchasi muhokamasida. Men ham ketsam bo'lardi. Yomg'irning tinishidan umid yo'q. -Yana tokchadamisiz, Mag'rura? Tavba, bu Sadriddin mening odatimni qayerdan biladi, a? Eshik yopiq edi, qanday kira qoldi? Sadriddin pardani bir chekkaga surib menga qaradi. -Tokchada qiziqroqmi, deyman? -Buni tokchada o'tirgan odam biladi. -Shunday deng? Sadriddin bir sakrab tokchaga chiqdi-da, ro'paramga chordona qurdi. -Qalay?- dedi keyin. -Zo'r! U ozg'in bo'ynini cho'zib kuzata boshladi. -Haqiqatan ham hovli boshqacha ko'rinarkan bu yerdan. Hammayoq xal-qob, ho'l.... Nimasi tomosha qilishlik? Bahor bo'lsa boshqa gap edi. Har holda ko'z yayraydi. -Bahorgacha shunisi ham yarab turaveradi. Sadriddin kulib yubordi. Uning yayrab kulishini birinchi bor ko'rishim. Shu topda u tamom boshqacha bo'lib ketdi. Ko'zlari xuddi - yosh bolanikidek charaqlab, ozg'in yuzlarida kulgichlar o'ynadi. Ro'paramda shalpangquloq, peshonasi ustidagi bir tutam sochlari qoshlarini to'sgan yoqimtoygina yigit o'tirardi. -Boriga shukr deng, -dedi u kula-kula. - Shukur qilish yaxshi. Faqat odamzod doimo shukr qilavermaydi-da! Oxirgi so'zlarni u jiddiy tortib gapirdi. -Kursimizda Matluba degan bir qiz bor edi. Shu Matluba derazadan qarashni yaxshi ko'rardi. Biz yotoqxonada to'qqizinchi qavatda turardik. To'qqizinchi qavatning derazasidan nima ko'rish mumkin? Faqat osmon. Matluba derazasining oldidagi stolga chiqib olib osmonni tomosha qilib o'tirardi. -Nega endi stolga chiqib? -Nima qilsin? Hozirgi binolarda tokcha yo'q, kursi pastlik qiladi, stol qulay-da! -Keyin-chi? -Nima "keyin"? -Matlubaga nima qildi? - Hech nima. O'qishni bitirdi. Ketdi. Boshqa ko'rmadim. Balki erga tekkkandir, bolalarini ergashtirib yurgandir. Sadriddin kulimsirab menga qaradi. - Balki hozir ham tokchada o'tirgandir. Kulib yubordim. Menga Sadriddin qo'shildi. - Kayfiyat zo'r-u! Ikkimiz yalt etib qaradik. Ostonada qorovul chol turardi. - Tokcha qalay? - dedi u ko'zlarini ola-kula qilib. - Zo'r! - javob qildi Sadriddin. - Kursidan yaxshimi? YO har qalay kursi durustmi? Yuzimga olov tekkanday bo'ldi. Sakrab tokchadan tushdim. Ketimdan Sadriddin sakradi. - Qo'ysangiz-chi? - Sadriddin qip-qizarib ketdi. - Qayerda o'tirishimiz bilan nima ishingiz bor? - Sen bilan-ku ishim yo'g'-a... U yog'ini eshitmadim. Xonadan chiqib ketdim. Paltomni yo'l-yo'lakay egnimga ildim-u, tugmalarini qadashga sabrim chidamay, ko'chaga otildim. Shu zahoti izg'irin yuz-ko'zlarimni chaqib oldi. Qo'lqopimni qoldirib chiqibman. Soyabon ham yo'q. Orqaga qaytishni istamasdim.Boshyalang ketaverdim. Ortimdan Sadriddin quvib yetdi. U ham boshyalang, qip-qizil sharfi bo'ynida uzun-qisqa bo'lib osilib yotardi. Qo'lida soyabonim bilan qo'lqoplarim. - Mag'rura, nima bo'ldi, chaqirsam ham eshitmaysiz-a? Jimgina qo'lqoplarimni olib kiya boshladim. Sadriddin soyabonimni yoyib boshim uzra tutdi. - Qorovuldan xafa bo'ldingizmi? - dedi u. - Qo'yavering, nima desa deyaversin. Iste'fodagi ziyoli! "Nega kursida o'tirmaysan"mish! Xa-xa-xa! Men ham kulib yubordim. Bir payt Sadriddin qo'limdan ushlab bir chetga tortdi. Chunki orqadan mashina kelardi. Oq "Neksiya" yo'ldagi xalqobdan asta-sekinlik bilan o'ta boshladi. Yonimizga kelganda to'satdan tezlab ketdi. Rulda Xurshid aka o'tirardi. - Hayronman, kengashga chetdan shuncha odam chaqirishning nima keragi bor ekan? Hammasi o'qib chiqquncha vaqt o'tadi, xolos. Shu to'rt yil ichida yana bitta kitobchaning materialini to'plab olsa bo'lardi. - To'plab olavermaysizmi? - E, qo'l borarmidi? Muhokama bo'lmaguncha ishga o'tirolmayman men. Baxtiyor bilan metro bekati yonida ko'rishib qolgandik. Endi u yo'l-yo'lakay kechagi muhokama tafsilotlarini gapirib kelardi. Dars boshlanishiga erta, biz bemalol, shoshilmasdan kelardik. Yomg'ir tingan, havoda chirik hazonlar hidi anqir, bulutlarning bir cheti yirtilib, osmon rangi ko'rina boshlagan edi. - Xurshid aka meni ancha himoya qildi. Yaxshi odam-da... Hayronman, shunday odam haligacha yolg'iz yashasa! Ayollarning ko'zi qayerda o'zi? "Xurshid aka-chi?, istehzo bilan o'yladim men. Uning ko'zi qayerda?" Foyeda qorovul chol meni o'qrayib kutib oldi. Kechagi voqea esimga tushib, kulib yuboray dedim. Tanaffusda Xurshid akaning xonasi yonidan o'tayotib, u yerdan qattiq-qattiq ovozlar chiqayotganini eshitib qodim. Kimdir jahl bilan gapirardi. Unga javoban Sadridddin nimadir dedi. Oxirida Xurshid akaning bosiq ovozi keldi. Keyin yana boyagi jahldor ovoz... Bu - qorovul cholning tovushi edi. Sal o'tmay eshik zarb bilan ochildi. Yo'lakka avval qorovulning ovozi uchib chiqdi. So'ng o'zi ko'rindi. - Buni Universitet deb qo'yibdi. Masxaraxona emas! Yosh avlodga tarbiya beruvchilarning holi shu bo'lgandan keyin... - deyardi u. Men tezgina kafedra xonasiga kirib oldim. Chol Xurshid akaning oldiga janjal qilib kirgani aniq edi. Yo'lakda nimalar bo'layotganini tasavvur qilib ko'rdim. Qorovul keta-ketguncha gapirinib ketdi. Gulmira piqillab kuladi. Talabalar yelka qisishadi. Sadriddin bechora qip-qizarib turaveradi. Faqat Xurshid aka... Nima deb o'yladiykin? U kecha ham bizni ko'chada, bitta soyabon ostida turganimizni ko'rib qolgan edi. Sadriddin mening qo'limdan ushlab chetga tortganini ham, turgan gapki, ko'rgan. Endi nima deb o'ylaydi? - Senga nima? - Voy-bo'y... So'radim-da... Sadriddin... - Nima Sadriddin? - YOqadimi senga? - Esing joyidami? Men beixtiyor o'rindiq tepasiga osilib tushgan na'matak shohlarini tortqilay boshladim. Gulmira yuzimga diqqat bilan tikildi. Keyin yengil tin oldi. - Xayriyat-ey... Unda nega o'zingni gap-so'zga qo'yib yuribsan? - Nima deding? - Qorovulning janjalidan keyin... Har qandoq odam ham bir gap bo'lgandir axir, deb o'ylaydi-da! - Sen ham shunday o'yladingmi? - Qo'ysang-chi... O'rtog'ingman, axir... Faqat... Gulmira bir zum jim qoldi. Sekingina yuzimga qarab qo'ydi. - Sadriddin yaxshi ko'radi seni. Sezasanmi? - Bas qil... Istamayman sezishni! - Lekin fakultetda ko'pchilik sezadi-da buni! Shuning uchun qorovulning janjali boshqacha ta'sir qildi, shekilli. Chol nima degan, bilmadim, lekin... Hatto Xurshid aka ham anchagacha asabiylashib yurdi! Axir, unga uncha-muncha narsa ta'sir qilmaydi-da! Butun vujudimda titroq turib, ko'zlarimdan yosh qaynab chiqa boshladi. - Hech narsa bo'lgani yo'q edi... Biz faqat gaplashib o'tiruvdik, xolos. Hech gap bo'lgani yo'q! Bo'lgani yo'q! Ey, Xudoyim-ye, to'yib ketdim hammasidan, meni tinch qo'y! Hech kim meni tushunmaydi. Tushunishni istamaydi. Nega bunaqa man? O'zimni-o'zim tushunmayman. Charchadim Gulmir, charchadim... Men o'ksib-o'ksib, vujudim titrab-qaqshab yig'lardim. Ichimdagi faryod sel kabi toshib kelardi, ammo bu selning bo'g'zimdan chiqishi tobora qiyinlashib, nafasim tiqilib, ko'z oldim qorong'ulasha boshladi. Oxiri tomog'im g'ippa bo'g'ilib, nafasim ichimga tushib ketdi... Ko'z oldim qop-qorong'i, zulmat ichra elas-elas akamning ovozi eshitildi: - Ter chiqyapti. Isitma endi tushadi. - Xayriyat! Bu - kennoyimning tovushi edi. "Nima bo'ldi?", o'ylay boshladim men, "betobmanmi? Qachon uyga keldim? Qanday keldim?" - Qimirladi... - Hali uyg'ongani yo'q. Bor, bolalarga qara, shovqin solishmasin. "Qanday betob bo'lib qoldim?" yana o'ylay boshladim men, "Gulmira bilan na'matak tagida o'tiruvdik. Anavi gapni eshitdim. Yig'ladim... Keyin-chi?" Ming urinmay, eslay olmadim. Go'yo, xotiramning xuddi shu yerini birov o'yib olganday, miyam bo'm-bo'sh, tanam holsiz edi. Ich-ichimdan kuchli xo'rsiniq keldi. Uyquga ketdim... ... Ko'zimni ochganimda tong otgan, darpardasi chetga tortib qo'yilgan derazadan ichkariga quyosh nuri yog'ilardi. Palosda Shavkatjon o'ynab o'tirar, kennoyim karavot yonida yelim shprisga dori tortardi. Ruhim ancha yengil, chor-atrofni idrok qilardim. Qimirlaganimni sezib, kennoyim o'girildi. - Uyg'ondingizmi? Xayriyat... - Meni kim olib keldi? - Gulmira. - Ko'p isitmaladimmi? - Uch kun. Keling, ukolingizni qilib qo'yay... Ukoldan so'ng kenoyim olib kelgan yovg'on mastavani ichib o'yga toldim. Qanday qilib, bir zumda betoblanib qolganimni tushunolmasdim. Yana qovoqlarim og'irlasha boshladi... Endi o'ngim va tushim qorishib ketdi. Ajab, bu qanday hol ekanini anglab yetolmasdim. Men bir vaqtning o'zida ham tush ko'rar, ham o'ngimni idrok etardim. O'ngimda akam tepamga kelganini sezdim. "Uyg'ondimi hech?", deb so'radi. "Uyg'ondi, ovqatlandi", javob berdi kennoyim. "Dozani kamaytir", buyurdi akam. "Bir kubikka tushirsam bo'ladimi?" "Bo'ladi". Keyin ovozlar uzoqlashib, anglab bo'lmas shovqinga aylandi. Shovqin mashina g'ildiraklarining ko'lmakdan kechib o'tganda chiqargan tovushining xuddi o'zi edi. "Mashinami?, o'yladim men, - qayerdan kelib qoldi? Axir bu mening tushim-ku!" Bir vaqt Xurshid aka menga qaramay, mashinasini shitob bilan haydab o'tib ketdi...
|