Oynai jahon, radio to‘lqinlari orqali berilayotgan reklamalarda, ko‘cha-ko‘yda osib qo‘yilgan suratli pannolarda nima gaplar aytilmayapti deysiz? Ko‘pchilik reklama matnlari kishining g‘ashini keltiradigan darajada g‘aliz, mazmun-mantiqsiz ekani, ustiga-ustak xato yozilganiga ham chidab kelyapmiz (to‘g‘rirog‘i, gapira-gapira oxiri ko‘nikayapmiz, shekilli). Hatto qiziqchi san’atkorlarimiz o‘z repertuarida ana shu reklama matnlaridan “unumli” foydalana boshlashdi, ya’ni biz reklamalar mazmunsizligidan kulib-kulib hordiq chiqaradigan bo‘ldik. Lekin yaqindan boshlab shunday reklama matnlari paydo bo‘ldiki, ma’nosidan kishining qalbi junbushga keladi, hatto g‘azabing qo‘zg‘aydi. Bunisiga chidash, ko‘nikish mumkinmikan?.. Biz bu o‘rinda ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarini targ‘ib qiluvchi va oshxonalarga chorlovchi ayrim reklamalarni nazarda tutyapmiz. Gap o‘zi ishlab chiqargan yegulik mahsulotni yoki taomning halolligini alohida ta’kidlab jar solayotganlar haqida ketyapti. Oynai jahonda, radioda har yarim soatda qaerda halol kolbasalar sotilishi reklama qilinadi, poytaxtimizda joylashgan bir nechta oshxonalarga kiraverishda “Bizda halol taomlar tayyorlanadi” yoki “Halol taomlarga marhamat!” qabilidagi yozuvlarni ko‘rish mumkin. Yo alhazar, deya yoqa ushlaysan kishi. Bu reklamadan kelib chiqadigan xulosa “Bizda taomlar halol, boshqa joyda esa harom” deganga o‘xshab ketadi-ku. Astag‘furilloh! Biz iste’molchi sifatida, qolaversa, inson sifatida har qanday yemakxonaga tashrif qilar ekanmiz, u yerdagi yeguliklarning sifatli, toza bo‘lishini istaymiz va buni talab qilishga haqlimiz, halol bo‘lishini esa shart deb bilamiz. Qolaversa, taom tayyorlayotganlar taomning halolligini ta’minlashga burchli! To‘g‘ri, sotuvga chiqarilayotgan yegulik mahsulotlarning yaxshisi va yomoni, sifatli yoki sifatsizrog‘i, boringki, mazalisi va bemazasi bo‘lishi mumkin. Demak, reklamada uning sifati maqtaladi. Ammo oziq-ovqatning, taomning nohaloli xaridorga, umuman odamlarga ravo ko‘rilmaydi, buni shariat qonuni ham, dunyoviy qonunlar ham ta’qiqlaydi. Demak, yegulik sifatidagi hamma mahsulot faqat halol bo‘lgan taqdirdagina xaridorga taklif etiladi. Shunday ekan, ayrim tadbirkoru ishbilarmonlarning aynan o‘zi tayyorlagan yegulikning halol ekani to‘g‘risida jar solishi insonlarning iymoniga daxl qilishga teng xatti-harakat, ya’ni odamlarning, hatto o‘zining iymonli ekaniga shubha qilishning o‘zginasi-ku? Halollik har birimizning iymonimizni quvvatlaydi, albatta. Reklama esa o‘z nomi bilan reklama. Uning vositasida moddiy manfaat, foyda ko‘zlangan bo‘ladi. Kimningdir «halol» degan so‘zdan o‘z moddiy manfaati yo‘lida o‘rinsiz foydalanishga urinishi uning halollik tushunchasidan ancha yiroqligini bildirmasmikan? Mavluda QOSIMOVA