Jalolobodning hijobli ayollari Qirg’iziston janubida xotin-qizlarning kun sayin dindorlashib borayotgani, jumladan o’z xohishi bilan xijobga kirayotgani kuzatiladi. Qirg’iziston janubidagi aholisining asosiy qismi o’zbeklardan iborat Jalolobod shahri ko’chalarida ro’mol o’ragan – hijobli qizlar ko’plab uchraydi. O’zaro suhbatlarda, yoshlar o’rtasida diniy kayfiyat kuchliligini sezish mumkin. Dilrabo Mirzaqayumova Jalolobod Davlat Universitetida o’qiydi. Uning aytishicha, u 2 yil avval ro’mol o’ray boshlagan. “Meni [ro’mol o’rashga] hech kim majbur qilmagan. O’zim o’qib, tushunib ro’mol o’radim. Qur’onda yozilgan ekan, payg’ambarimizga (SAV) Islom ayollari o’ranishi buyurilgan”, – deydi u. Yosh qizlarning ro’mol o’rab yurishi avval ko’pchilikka erish tuyulgan bo’lsa, hozir bu odatiy holga aylangan. Dunyoqarashi Sovet davrida shakllangan ota-onalar ham endi Islomni o’rganishni xohlaydigan farzandlari ra’yiga qarab ish tuta boshlagan. Ra’no Mamitova hukumat qaramog’idagi “Jalolobod tongi” gazetasida ishlaydi. Jurnalist qizlari tezroq voyaga yetib, madrasada o’qishini orzu qiladi. “Madrasalarga borsangiz, yarmi qirg’iz qizlar. Chiroyli, farishtamisol kiyingan, gap-so’zlari o’rni-o’chog’ida qizlar. Men ham “qizlarim qani endi tezroq voyaga yetsayu, madrasaga berib o’qitsam” deya havas qilaman. Buning foydasi bo’lsa borki, zarari yo’q”. Dilrabo Mirzaqayumova universitetga birinchi marta ro’mol o’rab kelgan kunini yaxshi eslaydi. “Tanish-bilishlarim “o’ranib olibdi” deb taajjublangan. O’qishda o’qiyman, chet elliklar bilan muomala qilaman. Hozirga kelib, shaharda o’rangan qizlar ko’p, shuning uchun muammo ham yo’q”, – deydi u. Dilrabo shu payning o’zida aholi o’rtasida ro’mol o’ragan ayollarga nisbatan shubhali munosabat borligini ham inkor qilmaydi. “Ro’mol o’raganlarni ko’pchilik “hizbutchi”, “vahhobiy” deb o’ylaydi. Lekin men bu noto’g’ri fikr deb hisoblayman. Har bir o’rangan ayolni qandaydir bir guruhga mansub deb ayta olmaymiz. Balki ularning orasida bo’lishi mumkin. Lekin Jaloloboddagi islomiy kayfiyatning kuchayayotgani, menimcha, demokratiyaning bizga bergan tuhfasidir”. Jurnalist Ra’no Mamitova aholi o’rtasida diniy kayfiyat kuchayishi sababini “odamlarning qalb ko’zi ochilayotgani” bilan izohlaydi. “Allohni taniyapmiz. Ilgari “din af’yundir, ateizm” deb dinni qoralaganmiz. Endi esa o’zligimizni taniyapmiz. O’zligimizni tanidikmi, endi sekin-asta Islomga kirib boryapmiz. Xudo xohlasa, yaqinda hammamiz ro’mol o’rasak, hijobga kirsak, Alloh buyurgandek yashasak yomon bo’lmaydi. Hozir mana, zamon notinch – bir yerda to’polon, bir yerda urush. Men aytaman, agar dinni yaxshi bilganimizda shunday narsalar bo’lmas edi. Zamonni ushlab turgan ahli ilm…” Diniy kayfiyatning kuchaya borishi rasmiylarning xavotiriga ham sabab bo’lgan. Jalolobodda shu yil boshida o’quvchi qizlarning maktablarga ro’mol o’rab kelishini ta’qiqlash masalasi kun tartibiga qo’yildi. Ota-onalar va maorif xodimlari o’rtasida boshlangan bahslarga Qirg’iziston ombudsmeni Tursunboy Bakir o’g’li chek qo’ygan. “Yagona maktab kiyimi yo’q ekan, qizlarning yalang’och yurilishiga ruxsat berilarkan, maktab o’qituvchilari jim turishadi. Agar qiz yalang’och yurishdan uyalsa, Xudo ishonsa, uni nimagadir ta’qib qiladilar. Qirg’iziston qonunlarida ro’mol o’rash ta’qiqlanmagan, nimaiki ta’qiqlanmagan ekan, uni qilish mumkin”, - deydi Tursunboy Bakir o'g'li. Qirg'iziston janubida hijobli ayollar ko'paymoqda Alisher Soipov Qirg'iziston 16/08/2006
|