Bu qiz bilan Amir Temur xiyoboni yonidagi sayilgoh ko’chasida tasodifan tanishib qoldim. U rassom ekan. Qiz bir-biridan go’zal suratlar yonida xomush o’tirardi. Avvaliga unga e’tibor bermasdan manzaralarga boy suratlarni tomosha qila boshladim. Ko’m-ko’k dala ustida uchib ketayotgan oppoq qushlar va ularning tepasidagi qora bulut yonida parvoz qilayotgan bahaybat bugutsimon qush etiborimni tordi. Bir muddat tikilib qoldim. Nega bunday? Oppoq qushlar ustiga qop-qora qush?! Sababini so’rash maqsadida rassomga yuzlandim. Rassomning barmoqlari har hil bo’yalib ketgan, hatto yuzining u yer-bu yeriga ham bo’yoq chaplab olgandi. Rassom menga qarab turardi-yu, biroq hech narsani ko’rmayotgandek edi. - Yaxshi qiz, - dedim. U seskanib ketdi-da, menga qarab jilmaydi. - Kechirasiz, bezovta qildim shekilli. - Yo’q, - dedi u. – O’zim doim shunaqa. - Nega mana bu rasmingizda oq qushlar ustida bahaybat qora qush turibdi? - Uni qo’yavering. Oq bor joyda qora ham bo’ladi. Bu juda oddiy, shundaymasmi? Yoki safsata deyish ham mumkin. Menga esa boshqacha ko’rinadi. Shu rasmni ko’rsam quvonib ketaman. Zo’r-a! Oqni doimo qora yeydi. Men anglab yetgan falsafa bu. Nima qilay? Qorani oq yeyishiga aqlim yetmasa men aybdormi? Qolaversa, qoralar doim baquvvat bo’ladi. Ularning qanotlari uzun-uzun. Rasmga yaxshilab qarang, soyasizyam bor. - Shulardan zavqlanasizmi? - Siz sotib olasizmi? Qimmat emas. Orginal rasm. Ikki oy ishlaganman. Qarang, shu yerga olib chiqqanimga bir yil bo’lsayam, hali-hanuz bo’yoq yangigina surtilganga oxshaydi. Yoki sizning ham pulingiz yoqmi. - Qancha turadi? - Arzon, dedimku. Ikki oylik mehnatim… - Tushindim. - Mening hayotim bu. Hayotimni arzimas pulga sotyapman. Sizga hayot kerak emasmi? - Hayot?! Birovning hayoti kerak emas. - Shunaqami? Unda pulingizga ham bu rasmni bermayman. - Siz meni tushinmadingiz… - Tushundim. Undan ko’ra buni bolalar uyiga topshiraman. U yerda bunga o’xshganlar ko’p. Orasiga yana bitta yetimcha qo’shilsa nima qilibdi? – dedi u yig’lamoqdan nari bo’lib. - Sizning suratingiz bebaho asar, - dedim qizni xursand qilish uchun. - Rostdanmi? – uning ko’zlari chaqnab ketdi. - Albatta, - dedim o’zimni memnun ko’rsatib. - Rahmat! – dedi qiz. So’ng qator qilib terib qo’yilgan suratlarga ishora qildi. – Ikki oy bo’ldi bittasini sotganimga. Shundan beri hech kim boshqa olmayapti. - Nega? - Hamma tomosha qiladi. Sizga o’xshab uzoq termulib turadi. Keyin hech narsa demay ketvoradi. “Bir ota o’n bolani boqadi, ammo o’n bola bitta otasini boqishga qurbi yetmaydi”, - degan gapni eshitganmisiz? Bular ham meni boqolmayapti, - dedi u kulub. - Vaqti kelsa boqadi. - Buning uchun mana bu chinorlar qurib, - u yonidagi daraxtlarni ko’rsatdi, - o’rniga boshqalari o’sib chiqishi kerak. - Hafa bo’lmang, hammasi hali oldinda. - Men ham shunaqa deyapman. Boshqalar ham umidvor… - Xayr. - Olmaysizmi? – xavotirlanib so’radi u. - Siz haqqingizda yozaman, - dedim boshqa narsa o’ylab topolmagach. - Yozmang, bir chaqaga qimmat mening hayotim. Yana yozsangiz ham bir chaqalik bo’lib qolmasin, - dedi u yarim hazil, yarim jiddiy qilib. - Unda yozganimni mana bu suratlarning yoniga qo’yaman. Turadi, oshnolari bilan birga. U indamadi. Endi keta boshlagandim, yugirib kelib meni to’xtatdi: - Mana, oling, sizga yoqib qolgan bo’lsa, - dedi u qizarib. Men cho’ntak kavladim. U qo’limdan tutib, pul chiqargani qo’ymadi… Oradan bir oy o’tdi. Men o’sha qizning yoniga bordim. Chizgan rasmlarini tomosha qildim. Lekin u meni tanimadi … Ulkan dengizda suzib ketayotgan kema chizilgan rasm gardishidan orqa tomonga yaxshi niyat bilan pul qistirib ketdim…
Muallif: Nuriddin Ismoilov “Odomlar orasidagi odamlar” kitobidan Maryamjon Bobojonova tomonidan lotin alifbosiga o’griib ko’chirib bosildi.