Fayzulla Isoqov: Tarixni soxtalashtirmasdan borligicha ko'rsatish lozim Gulchehra Murodali Toshkent 07/08/2006 Tarix fanlari doktori, Fayzulla Isoqov, mustaqillik boshida O’zbekiston tarixini qoliplashtirishga qarshi chiqqani uchun taqiqqa uchragan. Haqiqat va erkin matbuot O’zbekistonni taraqqiyotga olib kelgan bo’lar edi, deydi ijodkor. 15 asr minatyurasi: Ilk o'zbek qabilalari va safoviylar. Manba: Turkiya Universiteti “Hatto 1991-92 yillarda ham maqolalarim chiqqan. Lekin bizda rasmiy yondashuvlar o’zgargandan keyin, men bu yondashuvlarga qo’shilmaganim uchun maqolalarim matbuotda chiqmaydi. Menda masalan hozir mustamlaka davriga oid umumiy tarixini yoritgan asarim bor, qo’lyozma. Sovet davrini boshdan oxirigacha yozgan asarim bor. Lekin O’zbekistonda men bu asarlarimni chiqarishga hech qanday imkoniyatim yo’q”, -deydi tarixchi Fayzulla Isoqov. “Gap shundaki, bu asarlarimni qayerga olib borilmasin hozirgi bizda hukmron bo’lgan tarixiy yondashuvlarga zid chiqardi. Tarixni, o’tmishni qoralab bo’lmaydi. Bizda tarix hozirgi siyosiy nuqtai-nazardan yondashib yoritilyapti. Yuz yillik Somoniylar davri birorta bir darslikda ochiq, batafsil yoritilmagan. Yoki bo’lmasa, o’zbek davlatchiligining uch ming yilligi, bu mutloqa aql bovar etmaydigan narsa-ku. Uch ming yil oldin o’zbek bormidi, tojik bormidi, qirg’iz bormidi, qozoq bormidi?”, -deydi Fayzulla Isoqov. Amir Temur navbatdagi yurishi oldidan vazirlari bilan maslahat qilmoqda “Fayzulla Isoqov tarixchi sifatida katta bir olim. Demokratiyani chuqurlashtirishda, demokratiyani xalqqa yetib borishida Fayzulla Isoqovning ham hissasi katta deb bilaman. Ziyolilarimizning kamchiligi, xalqning nomidan gapirishadi, lekin xalqni himoya qilishmaydi. Xalqni himoya qiladigan shaxslar mana shu Fayzulla Isoqovga o’xshagan shaxslar. Fayzulla Isoqov yozayotgan maqolalaridan bir nechtasi chiqib turganida jamiyatda katta o’zgarish bo’lardi, jamiyatda fikrlash o’zgarar edi”, -deb hisoblaydi shoir va jamiyatshunos Sobit Madaliyev. “Tarixni buzib ko’rsatish mutloqa to’g’ri bo’lmaydi. Har bir voqea o’z nomi bilan tarixda qoladi. Masalan, “Loy jangi” deymiz, Amir Temur Chinozning oldida jang qilganda, yomg’ir yog’ib loy bo’lib ketgan, shuning uchun “Loy jangi” deb ataladi. Jahon tarixida “G’alati urush” degan nom bor, yoki bo’lmasa “Oq va qizil atirgullar urushi” degan nom bor. Bizda masalan, Ulug’ Vatan urushinin hozir faqat 1941-45 yil urushi deb nomlashadi. Bu begona urush, birovlarning urushi bo’lgan, degan gaplar hozirgi urush qatnashchilari, urush invalidlarining hammasiga haqoratli gap emasmi? Amir Temur - Frantsiya muzeylaridan biridagi haykal Vatanparvarlik faqat Amir Temurni ilohiylashtirish bilan vujudga kelmaydi -ku. Amir Temurning ham xatolari ko’p bo’lgan. Masalan, Xorazmni ikki marta tekislab arpa ektirib yuborganlari, yoki Hindistonda yuz ming asirni o’ldirtirgani, Dehli maxaradjasi bilan jangi oldidan. Mana shunaqa narsalarni ko’rsatib o’tsa, bu tarixiy dalillar hammasi, tarixiy faktlar. Oqni oq, qorani qora qilib ko’rsatish kerak”, -deydi tarixshunos olim Fayzulla Isoqov. Tarix fanlari doktori, professor Marat Boboxo’jayevga ko’ra, Fayzulla Isoqov XIX-XVIII asrlarda O’zbekistonda istiqomat qilgan boshqa millatlarning vakillari qanday xorijga borib qolganlari, hozir qanday aloqasi bor O’zbekiston bilan, shularni yoritgan. Masalan, qozoqlar, qirg’izlar Xitoyda turgan bo’lsa, qaysi siyosatning natijasida u yerga borib qolgan? Hozirgi siyosatga, yoki o’tgan siyosatga qaramasdan hamma faktlarni ob’yektiv yoritib bergan. “Somoniylar forsiy sulola bo’lgani bilan u vaqtda tojik degan gap bo’lgan emas. Bu hammasi X-asrga oid voqealar. Somoniylar Movaraunnahrda hokimiyat tepasiga kelishgandan keyin, o’sha vaqtda Abu Nosir Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, juda ko’p shoirlar, tarixchilar hammasi shu davrda ijod qilgan. Iqtisodiyoti ham juda rivojlangan. Somoniylar davri har holda yuz yillik tarix. 999 yili faoliyati tugagan bu sulolaning. Darsliklarda Somoniylar yoki tilga olinadi, yoki olinmaydi, shu bilan o’tib ketiladi. 100 yillik davr tarixdan xuddi o’chirilganday. Bu mutlaqo noto’g’riku. Ayni shu vaqtda qirg’izlar ko’chib keldi, qoraqalpoqlar ko’chib keldi, Enasoy bilan Oltoy tomonidan. Bu yerda juda ko’p etnik voqealar bo’lib o’tgan o’sha vaqtda. Gap shundaki, Somoniylar davlatining poytaxti Buxoro bo’lgan-ku. Uzoq tarixni, yaqin tarixni yoritganda ham bugungi O’zbekistondagi siyosatni mutlaqo hisobga olmasdan yozish kerak. Bizda bitimlar bor, Karimov qo’l qo’ygan, Turkmaniston, Qozoqiston, Qirg’iziston, Tojikiston bilan umumiy tariximizni yozish to’g’risida. Umumiy tarixni yozish u yoqda tursin, beshta respublikaning tarixchilari hali biron marta yig’ilib, mundoq do’ppini stolga qo’yib yoki qalpog’inimi, maslahatlashgani yo’q-ku. Tariximizda umumiylik ko’p-ku”, -deb o’z mulohazalarini bayon etadi Fayzulla Isoqov. “Fayzulla Isoqov O’zbekistonda bugungi jamiyatimizda, bugungi rivojlanayotgan mamlakatimizda haqiqatan ham katta shaxs. Hamma narsaga o’zlarinig erkin fikrlari bor va shu fikrlarini bildirishga, aytishga harakat qiladilar. Hech kim aytmagan masalalarni ko’taradilar. Masalan, 1993 yili Lotin alfbosiga o’tish haqida gap chiqqanida, tarixchi sifatida lotin alifbosiga o’tish qanaqa o’zgarishlarga olib kelishi mumkin, xalqimizni qanday qiynab qo’yishi mumkin va kelajakda bizning bolalarimizga qanday ta’siri bo’lishi mumkinligi haqida prezidentimizga xat yozgan edilar”, -deydi Sobit Madaliyev. Tarix fanlari doktori, professor Fayzulla Isoqov demokratiya sari qadam tashlayotgan O’zbekistonning ijtimoiy, siyosiy ahvoliga nazar tashlaydi: “Har qanday xalqning ham, har qanday millatning ham tarixidagi eng zo’r yutug’i – milliy va siyosiy mustaqilligi. Lekin bu mustaqillikning sharofatidan unumli fodalaniladimi yoki safsata gaplar bilan o’tib, ahvol ilgarigidan ham battar bo’ladimi, bu asosan yuqori hokimiyat organlariga bog’liq, siyosiy doiralarga bog’liq. Har qanday demokratik jamiyatda ham fikrlarning xilma-xilligi, qarama-qarshiligi hammasiga o’rin topilishi kerak. Bizda lekin konstruktiv muxolifat shakillanishiga to’sqinlik qiliniyapti. Agar demokratiya quruq gap bilan cheklanadigan bo’lsa, u demokratiya emas. Demokratiya xalqning hayotini kundan-kunga yaxshilashga xizmat qilishi lozim”, -deydi tarixshunos olim Fayzulla Isoqov.
|