Главная » 2006»Август»13 » Ulug'bek Otajonov: Hozirgi kunda yulduz bo'lish oson
Ulug'bek Otajonov: Hozirgi kunda yulduz bo'lish oson
12.46
O'zbek estrada san'ati olamida bir nechta oilaviy sulola vakillari bor. Hozirgi kunda barchaning sevimli xonandasiga aylanib qolgan Ulug'bek Otajonov ham aynan ana shunday sulolalardan biridir. Yaqinda estradamizning ushbu yorqin yulduzi bilan suhbatlashdik. - Eng oxirgi taronalaringizdan biri "Sensiz" qo'shig'i muxlislar ko'nglidan joy oldi. Keling, suhbatimizni mana shu qo'shig'ingiz yaratilishi to'g'risida gapirib bersangiz? - Hozirda mamlakatimizda juda ko'plab yosh va iste'dodli bastakorlar faoliyat olib borishmoqda. Men imkon qadar mana shularning hammasini ijodini kuzatishga harakat qilaman. Shulardan biri bugungi kunda "Shahzod" guruhida faoliyat olib borayotan Shuhrat Ilhomov bo'ladi. O'z o'rnida shuni aytish kerakki, bastakorlar ham qaysi xonandaga qanaqangi musiqa ma'qul kelishini juda yaxshi bilishadi. Shu ukamiz menga atab musiqa yozib, eshitib ko'rishimni so'radi. Eshitganimda menga ma'qul keldi. So'ngra birgalashib Mahmud Toir qalamiga mansub she'rga shu kuyni bastaladik. Mana ko'rib turganingizdek, "Sensiz" taronam shu yo'sinda dunyo yuzini ko'rdi. - Sizdagi kuch-g'ayratning manbai nima? - Avvalambor, bu Ollohdan deb bilaman. Keyin esa otam ham o'z vaqtida mening musiqaga iste'dodim borligini bilib, to'g'ri yo'nalishga sola bildilar. Shuni aytishim mumkinki, o'zimga va san'atimga ishonaman. - O'tgan yillarga qandaydir ayanch bilan qaramaysizmi? - Albatta hayot tez o'tib bormoqda. Vaqt beayov va shafqatsiz deganlari rost ekan. Ammo shunga qaramay, buyuk iste'dod egalari bo'lmish bir qancha ustozlarim qo'lida tarbiya topib, ular bilan birgalikda bir necha tarona yaratishga ulgurganimga Ollohga shukr qilaman. O'tayotgan yillar mobaynida har bir ishni o'z vaqtida qilish kerak ekanligiga yanada ko'proq guvohi bo'ldim. - Shu yillar ichida inson sifatida o'zgardingizmi? - Qo'ldan kelgancha bir xil bo'lishga harakat qildim. Har holda o'zimni yomon inson deb hisoblamayman. (kuladi) Yoshligimizdan bizni tarbiyamiz bilan otam jiddiy shug'ullanganlar. Hayotda yaxshi va yomon odamlar ko'p. Mana shularga qarab ham, ulardan yaxshi jihatlarini olishga va o'zingdagi ba'zi bir nuqsonlarni yo'qotishga harakat qilar ekan inson. - Pul siz uchun qanday ahamiyatga ega? - Pul men uchun ikkinchi darajali ahamiyatga ega. Menimcha, hayotda undan ham qiziqarli va muhimroq narsalar ko'p. Keyin qolaversa, pul topib uni kerakli narsalarga va o'z vaqtida ishlata bilish ham san'at. - O'zingizni estrada yulduzlarimizdan biri ekaningizga ishonmas ekansiz. Shu rostmi? - Avvalambor shuni aytishim kerakki, zamonaviy estradadan ko'ra milliy san'atimiz, milliy estradamiz men uchun ancha muhimroq. Ishonish yoki ishonmaslikka keladigan bo'lsak, bu haqda bir narsa deyishim qiyin. Hozirgi kunda yulduz bo'lish juda oson. Ammo ustazoda va asl san'atkor nomini olish juda qiyin. Men hamisha mana shu nomga munosib bo'lishga intilaman. - Ulug'bek Otajonov bo'lishning eng qiyin tomoni? - Ollohga el suygan san'atkorning farzandi bo'lib tug'ilganim uchun behisob shukronalik qilaman. Doim biz aka-ukalar bizni deb, otamning nomlariga noma'qul gaplar aytilmasligiga harakat qilamiz. O'zimiz uchun buni sharafli burch deb bilamiz. - Og'ir vaziyatlardan qanday qutulib ketasiz? - Deyarli hamma narsa o'tkinchi ekanligini ongim bilan anglay ola bilishim uchun ham og'ir vaziyatlardan chiqib keta olaman. - Dunyoni sizning-cha nima yangilaydi? - Yaxshi insonlarning yaxshiliklari. - Eng yaqin do'stlaringiz... - Hozirgi kunda do'st topish juda qiyin. Ammo shunga qaramay, menda ham o'z do'stlarim bor. Eng avvalambor, ota-onam bo'lsa, keyin esa hozirda men bilan yaqindan birgalikda ishlayotgan insonlar. - Sizning ham ko'nglingizni junbushga keltirgan san'atkorlar bo'lganmi? - Yaxshi san'atkorga tan bermaslikning hech iloji yo'q. Ustoz san'atkorlarimizning taronalarini tinglaganimda tanamni bir ajib his egallay boshlaydi. Shunda oddiy bir tinglovchi sifatida musiqa ilohiy narsa ekanligiga o'zim ham yana bir bor guvohi bo'laman. - Farzandingiz ham sizning yo'lingizdan borishni istasa rozi bo'larmidingiz? - Buni vaqt ko'rsatadi. - Kelgusidagi rejalaringiz? - Hozirgi kunda o'z biznesimni yo'lga qo'yganman. Ammo bu qo'shiq kuylamayman degani emas. Bu yil ham muxlislarimni bir necha ajoyib taronalarim bilan xushnud etish niyatim bor. - Suhbatimiz oxirida muxlislarga tilaklaringiz? - Avvalambor, yurtimizda tinchlik bo'lsin. Har bir yurtdoshimizning oilasida qut-baraka bo'lsin. Eng asosiysi, biz erkaklarning baxtiga bekajonlarimiz hamisha sog'-omon va latofatli bo'lib yurishsin. - Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur.