Vatanim Men dunyoni nima qildim, O`zing yorug` jahonim, O`zim xoqon, O`zim sulton, Sen taxti Sulaymonim, Yolg`izim, Yagonam deymi, Topingan koshonam deymi, O`zing mening ulug`lardan Ulug`imsan, Vatanim… Shodon kunim gul otgan sen, Chechak otgan izimga, Nolon kunim yupatgan sen, Yuzing bosib yuzimga. Singlim deymi, Onam deymi, Hamdardu hamxonam deymi, Oftobdan ham o`zing mehri - Ilig`imsan, Vatanim. Sen Mashrabsan, Xalqda tumor, Balxda dorga osilgan, Navoiysan, shoh yonida Faqirini duo qilgan. Yassaviysan, meniki deb, Ko`ringan da'vo qilgan, Ming bir yog`i ochilmagan Qo`rig`imsan, Vatanim. Sen Ho`jandsan, Chingizlarga Darvozasin ochmagan, Temur Malik orqasidan Sirdaryoga sakragan, Muqannasan qorachig`i Olovlarga sachragan, Shiroqlarni ko`rgan cho`pon Cho`lig`imsan, Vatanim. Kim Qashqarni qildi makon, Kim Enasoy tomonda, Jaloliddin - Qurdistonda, Boburing - Hindistonda, Bu qanday yuz qarolig` deb Yotarlar zimistonda, Tarqab ketgan to`qson olti Urug`imsan, Vatanim… O`g`lim desang osmonlarga G`irot bo`lib uchgayman, Chambil yurtda Alpomishga Navkar bo`lib tushgayman, Padarkushdan pana qilib Ulug`beging quchgayman, G`ichir-g`ichir tishimdagi So`lig`imsan, Vatanim… O`tgan kuning - o`tgan kundir, O`z boshingga yetgan kun, Qodiriyni bergan zamin, Qodiriyni sotgan kun. Qo`lin bog`lab, Dilin dog`lab, Yetaklashib ketgan kun, Voh bolam! deb aytolmagan Dudug`imsan, Vatanim. Yoningda qon yig`lagan bir Shoiringga qarab qo`y, Gar Qo`qonga yo`ling tushsa, Detdomlarni so`rab qo`y. Hech bo`lmasa Usmon hokin Keltirmoqqa yarab qo`y, Olislarda qurib qolgan Qudug`imsan, Vatanim… Sen - shoxlari osmonlarga Tegib turgan chinorim, Ota desam, O`glim deb, Bosh egib turgan chinorim, Qo`ynimdagi iftixorim, Bo`ynimdagi tumorim, O`zing mening ulug`lardan Ulug`imsan, VATANIM
|