"KICHIK EKRAN"NING KATTA TASHVISHLARI O’sha vaqtlarda televidenie hamma uchun yangilik edi. Tomoshabinlar har bir ko’rsatuvni intiqlik bilan kutardilar, televidenie xodimlariniku qo’li-qo’liga tegmas, har bir muvaffaqiyatli chiqqan ko’rsatuv ular uchun naq "bayram" bo’lib ketardi. Bu paytga kelib, Mahkam Mahammetov ham O’zbekiston televideniesining ilk qaldirg’ochlari safidan o’rin ola boshlagan, Buxoro viloyat teatriga bosh rejissyor bo’lib ishga borishu, hatto harbiy xizmat ham "bir chekkaga" chiqqan, u "respublika televideniesiga kerakli yosh mutaxassis" sifatida shu dargohda qoldirilgan edi. Mahkam aka o’sha kezlari Adabiy-dramatik ko’rsatuvlar tahririyatida ishlardi. Tahririyat bosh muharriri atoqli tarjimon Qodir MirMahammetov edi. Tomoshabinlarning teleko’rsatuvlarga talabi katta, bu tashnalikni yolg’iz efirga "jonli" beriladigan "axborot"laru, konsertlar bilangina qondirib bo’lmasdi. Shu sababdan ham, televideniega asta-sekinlik bilan bo’lsa-da, yangi janrlar kirib kela boshladi, xususan, badiiy asarlarni inssenirovka va telespektakllar shaklida talqin etishga kirishildi. Nihoyat, Mahkam Mahammetov orzu qilgan kun etib keldi. Yosh rejissyor hali institutda o’qigan paytlaridayoq, o’zi sevib o’qigan ayrim badiiy asarlarni sahnalashtirish ishtiyoqida yurgan edi. Shulardan biri, yozuvchi Parda Tursunning "O’qituvchi" romani edi. Qizig’i shundaki, bu asar hozirda sizu-biz bilgan yirik, mukammal roman shaklida chiqmagan, u goh "Haq yo’l", goh "Etim", goh "O’qituvchining yo’li" singari nomlar ostida chop etilgan, hatto bosh qahramonning ismi ham bir qissada Xolmurod, boshqasida Ergash, yana boshqasida Elmurod deb atalib ketilavergan edi. Mahkam Mahammetov o’z vaqtida adabiyotimizda hodisa sifatida e’tirof etilgan ana shu asarga qo’l urishga qaror qildi. Televidenie rahbarlari ham uning bu tashabbusini qo’llab-quvvatlashdi. Eng mushkul tomoni, u paytda hozirgidek texnikalar yo’q, inssenirovkalashtirilgan asar ekranda "jonli" namoyish etilishi kerak edi. Bulardan ham muhimi, muallif Parda Tursunning oldidan birrov o’tish, u bilan uchrashib, roziligini olish lozim edi. Mahkam aka ana o’sha kunlarning birida yozuvchining Xadicha Sulaymonova ko’chasida joylashgan uyiga qarab yo’l oldi. So’rab-surishtirib topib bordi. Eshikni o’rta yoshlardagi bir oq-sariq ayol ochdi. Mahkam aka unga dardini aytdi. -Parda akangiz xasta, ko’p bezovta qilmang, vaqtlarini olmang, -dedi ayol o’tingan ohangda. Mahkam aka ichkariga o’tdi. Chog’roqqina xonadagi usti kitob-qog'ozlarga to’la stol yonida Parda Tursun o’tirar edi. Elkasida beqasam to'n. Boshida do’ppi. Ko’zida oynalari dumaloq, ingichka bandli ko’zoynak. Nimalarnidir yozib-chizish bilan band edi. Ko’rishishdi. Mahkam aka adibning xotiniga bergan va’dasiga ko’ra, "gapni cho’zib" o’tirmadi. Televidenieda shu asar asosida televizion spektakl qo’yish niyatida ekanligi, shuning uchun televidenie imkoniyatlarini hisobga olgan holda unga ayrim o’zgarishlarga ruxsat berishini so’radi. Adibning xastalik soya tashlagan rangpar yuziga tabassum yoyildi. -Meni asarimga bunchalik e’tibor berib, shuni lozim topgan ekansizlar, bundan xursandman,-dedi u asta,-lekin hali uni pishib-etilgan mukammal asar deyolmayman. Men ilgari chiqqan kitoblarimni qo’shib, ishlab yaxlit, katta roman holida nashr ettirish niyatidaman. Endi uning nomi "O’qituvchi" bo’ladi. Bosh qahramonning ismini ham Elmurod deb qo’ymoqchiman!... Mahkam aka o’sha kuni adibning uyidan qanot qoqib uchgudek, suyunib chiqdi. Muallifning roziligi olingan edi. Shunday qilib, asar ustida ish boshlandi. Inssenirovka matni taxt qilindi. Aktyorlar tanlandi. Bosh qahramon Elmurod roliga Mirsharof Sodiqov degan bola (hozirda fan doktori) taklif qilindi. Qolgan rollarni Afandixon Ismoilov, Karim Xonkeldiev, Manzura Hamidova, Muhabbat Yo’ldosheva singari taniqli artistlar ijro etadigan bo’ldilar. U paytlarda asar ustida juda jiddiy ishlanar edi. Chunki, hozirgidaqa kinotasmalaru, videokassetalar, zamonaviy texnikalar yo’q, ya’ni spektakl efirga "jonli" ketardi. Bunda xom-xatala ishga, pala-partishlikka yo’l qo’yib bo’lmaydi. Sahnalashtiruvchi-rejissyorga esa juda katta mas’uliyat yuklanadi. Bu masalada, taniqli kinooperator Po’lat Rasulov Mahkam akaga yaqindan yordam berdi. ...Nihoyat, tomosha boshlanadigan soatlar keldi. Hamma pult oldida o’tiribdi. Aktyorlar joy-joyida. Spektakl Elmurodning etim qolish sahnasidan boshlandi. Musiqa. Faryod. Ekranga "Elmurod" degan titr chiqib keldi... Hamma hayajonda. Televizion spektakl bir yarim soat atrofida ketgan bo’lsa, pult oldidagi kishilar ham bir yarim soat ko’zida yosh bilan o’tirdilar. "O’qituvchi" romani asosidagi telespektakl nafaqat televidenieda, balki respublika madaniy hayotida katta voqea bo’ldi. U tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. "Endi o’ylaymanki,-deydi Mahkam aka o’sha kunlarni eslab,-har qanday "jonli" tomoshaning ta’siri kuchli bo’larkan. Asar ekran orqali bir marta namoyish etiladi. Takroriy qo’yishning imkoni yo’q. Shuning uchun ham bu asar uchun bor kuchimizni safarbar qilgan edik. "O’qituvchi" meni shaxsiy hayotimda ham burilish yasab yubordi. Ana shu asarni sahnalashtirish uchun olgan haqimga uylandim. "Xudo hoxlasa, farzand ko’rsam ismini Elmurod qo’yaman",-deb niyat qildim va niyatimga etdim, buni qarangki ana shu farzandim Elmurod "O’qituvchi" romani asosida keyinchalik qayta qo’yilgan telespektaklda o’sha qahramonning yig’lab yurgan bolalik paytini o’ynadi. Bu taqdir o’yinimidi, taqdir hazilimidi, yo mukofotimi, bilmadim. Lekin, o’shanda "O’qituvchi" romani asosidagi telespektaklni ko’rish uning muallifi Parda Tursunga nasib etmagan ekan. Spektakl efirda namoyish etilgan paytda adib hayotdan ko’z yumgan edi..."
|