O'zbek pop musiqasi tanqidchisi yoshlar qarshiligiga uchramoqda O’zbekistondagi “Hurriyat” gazetasining muxbiri Alijon Eshboyevning zamonaviy estrada haqidagi tanqidiy maqolasi va undan g’azablangan yoshlarning jurnalistga tahdid qilishi respublikada keng munozaralarga sabab bo`lmoqda. Jurnalist Alijon Eshboyevning maqolasi zamonaviy o`zbek estradasining yoshlarga salbiy ta’siri, madaniy o`zlikdan uzoqlashtirayotgani va bu jarayonda ayrim studiyalar, nohukumat televideniyelar, sariq matbuotning o`rni haqida. Jurnalist o`z tanqidiga nishon sifatida zamonaviy estradaning vakillari Shoxrux, Shohruhxon va boshqalarni misol keltiradi. Tanqid e`lon qilinishidan biroz o`tib, tanqidga uchragan xonandalarning tahririyatga tashrifi, bu voqeaga prezident devoni vakillarining aralashuvi munozaraga bo`lgan e`tiborni yanada orttirdi. Alijon Eshboyevga ko`ra, tahdidlar uchrashuvda va telefon orqali bildirilmoqda. Shunday davom etadigan bo`lsa, u tegishli organlarga murojaat qilishga majbur bo’lishini aytmoqda. Shohruhxon Biroq “O`zbeknavo” rahbarining muovini Yo`ldosh Norbo`tayevga ko`ra, xonanadalar tahdid qilishganini inkor etishmoqda; ulardan tushuntirish xatlari yozib olingan, ogohlantirilgan. Jurnalistga esa ularning muxlislari qo`ng`iroq qilayotgan bo`lishlari mumkin. Alijon Eshboyevning aytishicha, zamonaviy estrada bilan bog`liq vaziyatda jiddiy xatar mavjud. Bu xatarning rivojlanishiga esa ayrim studiyalar, nohukumat televideniyelar, sariq matbuot va “O`zbeknavo” birlashmasi yo`l ochib berayapti. “Har xil xususiy ovoz yozish studiyalari, kinostudiyalar ochilgan. Ular “O`zbeknavo”dan lisenziyalarni sotib olib, xohlagan narsalarini ko`rsatishyapti. Yoshlarni o`z qobig`lariga o`rab qo`yishmoqda; ular orqasida albatta aniq bir guruh bo`lishi kerak,” - deydi Eshboyev. “O`zbeknavo” birlashmasi raisining muoviniga ko`ra, yuzaga kelgan vaziyatda ko`proq televideniyelar, ayniqsa nodavlat televideniyelar aybdor, chunki ular pul evaziga lisenziyaga ega bo`lmagan har qanday xonandani xohlagan miqdorda namoyish etaverishadi. “Bunga qarshi jamoatchilik kurashishi kerak. Biz bu haqda o`z fikr-mulohazalarimizni yozib yotibmi, taqdim etayapmiz,” - deydi Yo`ldosh Norbo`tayev. San`atshunos jurnalist Gulchehra Umarovaga ko`ra, zamonaviy estradada ikki tilni bir-biriga qo’shib, yoki hech qanday mazmunga ega bo`lmagan qo`shiqlar aytilar ekan, tanqidlar davom etadi. “Yoshlarning rep haqidagi tushunchalari shulardan iborat bo`lib qolyapti. Vaholanki, biz ham chet-el replarini eshitamiz, hozir ham eshitmoqdamiz, ular bunaqa emas,” - deydi Umarova. “Tarona Records” studuiyasining administratori Davronga ko`ra, tanqidga uchragan xonanadalarning studiyaga aloqasi yo`q, lekin ularning o`z muxlislari bor. Yoshlarda bu kabi yo`nalishdagi qo`shiqchikkka ehtiyoj mavjud va bu bilan hisoblashish kerak. “Hurriyat”dagi maqolada bevosita nomi keltirilgan “Xumo” gazetasi Bosh muharrir muovini Dildora Yo`ldosheva fikricha, jurnalist pashshadan fil yasashga harakat qilgan; bu jurnalistning shaxsiy fikri, xolos. O`zbekiston nohukumat elektron ommaviy axborot vositalari uyushmasi vakillari esa bu borada biror izoh berishni istashmaydi. Kuzatuvchilar nazarida, televideniye va radio uchun mavzular, ayniqsa o`tkir ijtimoiy-siyosiy mavzular ta`qiqlangan bir paytda, nohukumat televideniyelarning aholini jalb etishdagi asosiy vositasi faqat estrada, kuy-qo’shiq bo`lib qolmoqda. Tanqid natijasi, deyishadi kuzatuvchilar, quyidagi holatlar bilan tugashi mumkin: lisenziya berish tartibi yanada qattiqroq nazoratga olinadi; bu borada prezident devonining bevosita ishtiroki kengayadi. O`zbekistondagi ko`pgina xususiy televideniye va studiyalarning faoliyati yuqori qatlamga tegishli vakillar tomonidan nazorat qilinayotgani inobatga olinsa, tanqid natijalari boshqacha ta’sir berishi mumkinligi ham ta`kidlab o`tilmoqda.
|