Davrada suhbatlashib o‘tirgan edik, mahallamizning eng keksa oqsoqollaridan biri yaqinda to‘y o‘tkazgan yigitga qarab shunday dedi: — To‘yni yaxshi o‘tkazib oldingmi, bolam, artistning ham tanqislisini olib kelibsan, aytishlaricha 5-6 ta qo‘shiq aytib, ketib qolibdi... Yigit oqsoqolga qulluq qilib: “Qo‘shiqchi birrovga keluvdi”, deb javob berdi. Oqsoqol ham qo‘ymadi: — Bu “birrov” degani nimasi? Yigitning javob bermaslikdan boshqa iloji qolmadi: — Qo‘shiqchi bilan bir kelib qo‘shiq aytib ketishi uchun ma’lum summaga og‘zaki shartnoma tuzasiz. Keladi, aytadi-aytadi, keyin ketadi. Qolganlar kelgan joyidan davom ettiraveradi, buva. — Qancha berding, bolam, — deb oqsoqol tutgan joyidan qo‘ymadi. Yigit narxini aytdi. — Obbo, bizning Chuvildoqqa (qishloqning nomi) bu pulga o‘zimizning artistlardan to‘rttasi keladi-ku, — buva mazza qilib kuldi. Shu suhbat bahona bo‘ldimi, keyingi paytlarda ancha urf bo‘lib ketgan “birrov” haqida chuqur o‘ylab qoldim. Mahallamizning 80-85 yoshlarni qoralagan keksalari Ma’murjon Uzoqov, Tamaraxonim, Halima Nosirova kabi el suygan san’atkorlarni tep-tekin kelib, to‘yda xizmat qilib ketganligini aytishganda ko‘pchiligimiz ishonmasdik. Saksonni qoralagan otam bir voqeani aytib bergan edi. — Qurol degan bir yigit qishlog‘imizning podasini boqardi. Shu yigit farzand ko‘rmay yurib-yurib o‘g‘il ko‘rdi. Niyat qildi, o‘g‘lining sunnat to‘yiga Ma’murjon Uzoqovni olib kelaman deb. Hofizning Toshkentga kelganini eshitib, tinimsiz qatnayverdi, hech uchratolmadi. Shu kambag‘alning orzusi ushalsin deb poda ham navbat bilan boqishga o‘tib ketdi. Axiyri “Toshkent dengizi”ning shundoq yonidagi “Qunduzak” degan qishloqqa kelarmish degan gapni eshitib qoladi. To‘yga borib nima deb tushuntirsa tushuntirgandir, Ma’murjon Uzoqov podachining to‘yiga kelib, o‘rtadan tushgan pulni belboqqa tugib, qo‘liga berib ketgan edi. Men ulug‘ san’atkorlarimizning bunday tantiligi, oliy himmatligi haqida juda ko‘p eshitganman. Lekin keyingi paytlarda san’atkorlarning bunday mardligi haqida biror voqeaning ovoza bo‘lganligini eshitmadim. Gazetalarda qaysi san’atkorlar bilan shu mavzuda suhbat ochilsa, darrov: “Qo‘shiq yozish pul, musiqasi uchun pul, yana klip uchun falon pul kerak”, degan chiroyli bahonalarni shunday “qog‘ozga o‘rab” gapirishadiki, beixtiyor: “Ularga ham qiyin ekan-da”, deb yuborasiz. Darvoqe... gap “birrov” haqida edi. To‘y qilgan inson elga yozilgan dasturxoni oldida taniqli hofizning qo‘shiq aytishini orzu qiladi. Ayniqsa, qishloq odamlari uchun bu sharaf. Buni manmanlikka, o‘zini ko‘rsatib qo‘yishga yo‘yish noto‘g‘ri. Balki bu ham o‘zbek mintalitetining o‘ziga xos tomonlaridan biridir: farzandining kamolini ko‘zlagan ota-ona bu kamolot yo‘lini bir chetida farzandi to‘yida aynan ulug‘, taniqli san’atkorning bir juftgina bo‘lsa-da qo‘shiq aytishini istaydi. Axir bir xotirlab ko‘ring-a, o‘z hayotingiz davomida farzandi tug‘ilganidayoq unga mashhur san’atkorlarning ismlarini qo‘ygan, beshikdagi chaqalog‘ining to‘yiga Alloh nasib etsa falon san’atkorni olib kelishini niyat qilib qo‘ygan otalarni nechtasini ko‘rgan ekansiz? Menimcha, to‘yga nomi chiqqan san’atkorni olib kelish yuqorida aytganimizdek manmanlik, nom chiqarga emas, aksariyat hollarda ko‘p yillik orzularning ushalishidir. Qishloq odamlarining: “Falonchining to‘yida falonchi qo‘shiqlarini mazza qilib eshitdik”, degan bir og‘iz gapi to‘y egasining barcha charchoqlarini yozib yuboradi. Masalaning yana bir muhim tomonini unutmaslik kerak. Bizning xalqimiz san’atsevar xalq, o‘z san’atkorlarini boshiga ko‘targuvchi xalq. Lekin qishloq odamlarining har kuni televizorlarda reklama qilinayotgan poytaxtdagi muhtasham saroylarda bo‘lib o‘tadigan katta kontsertlarga borishga vaqti qayda deysiz. Erta tongdan ketmoni bilan quyoshni o‘z yotog‘idan uyg‘otib, to kechgacha dalasida g‘o‘zasining ortidan jonnisor yuradigan dehqonning shahardagi katta kontsertga juda-juda borgisi keladi, u ham odam, lekin kun sanaydigan g‘o‘zasini bir kunga yolg‘iz qoldira oladimi? Dehqon yerga chigit qadalganidan so‘ng faqat g‘o‘zasining aytganini qiladi, hatto o‘z farzandining “kontsertga boraylik” degan xarxashasiga quloq tutmasa ham. To‘g‘risi, dehqonning bolasi bunday xarxasha ham qilmaydi, uning kun bo‘yi qiladigan ishi tayin — mol-holni boqish kerak. Xo‘sh, shunday sharoitda qishlog‘idagi to‘yga el sevgan san’atkorning “birrov” bo‘lsa-da kelishi u uchun katta gap emasmi? “Bir necha yil ilgari falonchi san’atkor falonchining to‘yiga kelganda bir mazza qilgan edik”, deb shirin xotiralarga berilgan hamqishloqlarimning nechasini ko‘rganman. O‘sha to‘yda necha kilo osh damlanganini hozir hech kim bilmaydi, lekin o‘sha to‘ydagi san’atkorni, uning qo‘shiqlarini qalbining to‘rida asraydi, qishloq odamlari. Men bu gaplarim bilan nima demoqchiman. Ba’zi bir san’atkorlarimiz oldilariga umid bilan borgan to‘y egalarining avvalo cho‘ntaklariga emas, unga bo‘lgan ixlosi, ishtiyoqi va niyatini hisobga olib narxni belgilasalar ularning el-yurt ichidagi obro‘-e’tiborlari yana ham oshgan bo‘lardi. Bundan tashqari “birrov” degani besh-oltita qo‘shiq emas-da. Buni ayniqsa cho‘ntagiga ovozi yozilgan disketni solib kelib, fonogramma bilan qo‘shiq aytib ketish hollariga solishtirsangiz, “birrov”ning narxi shuncha qimmatmi deysiz? To‘g‘ri, bu maqolani o‘qigan ba’zi birovlar: “To‘yning chiqimiga chidasangiz qiling, ko‘rpaga qarab oyoq uzating”, deb miyig‘ida kulib qo‘yishlari mumkin. Bu bor gap. Lekin xalq jon-dili bilan eshitadigan qo‘shiqlarni pulga chaqaverib, odamlarni qo‘shiqdan ham (gap yaxshi hofizlarning yaxshi qo‘shiqlari ustida ketyapti) bezdirib qo‘ymaylik deyman-da. Xonandalar tomonidan o‘ylab chiqarilganmi yoki to‘y egasining kashfiyotimi, bilmadim, har qalay “birrov” ham odamlarimiz ma’naviyatini boyitishga xizmat qilishi kerak deb o‘ylayman. Hamid NORQULOV