Пт, 2024.11.15, 04.24
SITE LOGO

 

Меню сайта
Разделы новостей
Habarlar
Maktublar
She'rlar
Hikoyalar
Latifalar
Maqolalar
Kim? qachon? Qaerda?
G'oya mualiifi Maryamjon Bobojonova
Календарь новостей
«  Январь 2007  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031
Поиск
Друзья сайта
Статистика
Наш опрос

"Bananas" nimasi bilan yaxshi?

[ Natija · Arkhiv ]

Javoblar: 30
Главная » 2007 » Январь » 28 » Nodira
Nodira
14.56
Nodira (Komila) (1792—1842) Taniqli shoira, davlat arbobi. Asl ismi Mohlaroyim, Andijon hokimi Rahmonqulibiy oilasida dunyoga keldi. 1808 yilda oʻsha paytda Margʻilon hokimi boʻlgan Amir Umarxonga turmushga chiqadi. 1810 yilda akasi Olimxon oʻrniga taxtga chiqqan Umarxon bilan Qoʻqonga keladi. 1822 yil Umarxonning fojeali vafotidan soʻng oʻgʻli Maʼdalixon bilan birga Qoʻqon xonligini boshqaradi. Madrasa, masjid, karvonsaroylar qurdiradi. Ilm ahliga rahnamolik, faqirlarga homiylik qiladi. 1842 yil Buxoro xoni Amir Nasrulloh tomonidan qatl etiladi.

Nodiraning sheʼriy merosi bir nechta devonlarining qoʻlyozmalari (inv. № 7768, 660, 2090) orqali yetib kelgan.Oʻzbekcha sheʼrlarida Komila va forsiyda Maknuna taxalluslari bilan ham asarlar yaratgan. Uning 10.000 misraga yaqin asari yetib kelgan. Gʻazal, muxammas, ruboiy, fard kabi koʻplab janrlardan faol foydalangan. Sheʼrlarida Navoiy, Fuzuliy, Bedil anʼanalarini davom ettirgan. Nodira gʻazallarida firoq, dard iztiroblari samimiy bayon qilingan.
Nodira devoni muqovasiNodira hayoti va ijodini oʻrganish oʻz davridanoq boshlangan. Hakimxon Toʻraning «Muntaxabut-tavorix», Avazmuhammad Attorning «Tuhvatut-tavorix», Ishoqxon Toʻraning «Tarixi Fargʻona», Mushrifning «Ansobus-salotin va tavorixi xavoqin» kabi tarixiy asarlarda, Uvaysiyning «Voqeoti Muhammadalixon», Nodir-Uzlatning «Haft gulshan» nomli dostonlarida Nodiraning iqtidori, faoliyati borasida qimmatli maʼlumotlar bayon etilgan.

Ijodi A.Qayumov, T.Jalolov, X.Razzoqov, M.Qodirova kabi olimlar tomonidan oʻrganilgan.

Andijonda shoira nomiga shahar markazidagi shohkoʻchalardan biri, kinoteatr va boshqa madaniy muassasalar qoʻyilgan.
Vasl uyin obod qildim…

Vasl uyin obod qildim, buzdi hijron oqibat,
Seli gʻamdin bu imorat boʻldi vayron oqibat.

Qildi choki piroqan dogʻI dilimni oshkor,
Qolmadi koʻnglumda zaxmi ishq pinhon oqibat.

Ahdu paymonlar qilib erdi, vafo qilgʻum debon,
Ayladi tarki vafo ul ahdi yalgʻon oqibat.

Orzu qildim tutarmen deb visoli domanin,
Pora boʻldi hajr ilgida giribon oqibat.

Zohido, ishqu muhabbat ahlini maʼzur tut,
Yor koʻyida na boʻldi shayx Sanʼon oqibat.

Baski, qon boʻldi yurogim gavhari ashk oʻrnigʻa,
Qatra-qatra koʻzlarimdin tomdi marjon oqibat.

Ohkim, boʻldi yana subhi nishotim shomi gʻam,
Chehra pinhon etti ul xurshidi tobon oqibat.

Garchi bor erdi musaxxar devlar farmonida,
Poymoli hayli moʻr oʻldi Sulaymon oqibat.

Nodira, bulbul kibi to nola insho ayladim,
Navbahor oʻtti, xazon oʻldi guliston oqibat.

Marhabo

Marhabo, ey payki sulton, marhabo,
Hudhudi mulki Sulaymon, marhabo.

Tal’ating farrux, muborak maqdaming
Qildi kulbamni guliston, marhabo.

Xoʻb kelding, yaxshi keltirding xabar,
Aylading dardimga darmon, marhabo.

Boʻldi mavzun qomatingdin munfail,
Sarvi nozi bogʻi rizvon, marhabo.

Qilgʻasen ul moh mehrin oshkor,
Subh yangligʻ pokdomon, marhabo.

Mujda keltirding visoli yordin,
Topti taskin dardi hijron, marhabo.

Kel beri, to xoki poyingni qilay
Toʻtiyoyi chashmi giryon, marhabo.

Ravshan aylarman chirogʻi ohni,
Koʻzlarimdur gavharafshon, marhabo.

Bu kecha hijron shabistonidadur
Anjumi ashkim charogʻon, marhabo.

Qoʻy kafi poyingni diydam ustina
Bir dam, ey sarvi xiromon, marhabo.

Nodira, har soʻzki insho ayladim,
Aydi anga ahli davron: «Marhabo!»

Muhabbatsiz kishi odam emasdur

Na gul sayr ayla, na fikri bahor et,
Jahondin kech, xayoli vasli yor et.

Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et.

Uzoru qaddu raftoringni koʻrsat,
Chaman sarvu gulini sharmisor et.

Labi maxmurdadurmen, jomi may tut,
Karam qil, soqiyo, daf’i humor et.

«Analhaq» mojarosin aylading fosh,
kel, ey Mansur, istiqboli dor et.

Duru ashku aqiqi xuni dilni
Kelu yoring ayogʻigʻa nisor et.

Kuyib, ey Nodira, olam eligʻa
Muhabbat shevasini oshkor et.

Dodim eshit

Doda keldim, ey salotin sarvari, dodim eshit,
Sen shohu, men benavo, lutf ayla, faryodim eshit.

Dudi ohim shu’lasi husning dabiristonida
Misraʼi barjastadur, ey sarvi ozodim, eshit.

Sarvinozim, sendin ayru naxli ohim boʻldi xam,
Qomating hajrida sindi shoxi shamshodim, eshit.

Har nechakim, sabr taʼmirini bunyod ayladim,
Ashk selobida vayron oʻldi obodim, eshit.

Barcha yoru oshnodin aylading begonaligʻ,
Necha kunlar boʻldi hargiz qilmading yodim, eshit.

Kelki, bir soat seni koʻrmoq uchun mushtoqmen,
Telba boʻldim sendin ayru, ey parizodim, eshit.

Nodira bodi sabodin senga irsol etgali
Qildi insho bu gʻazalni tab’i noshodim, eshit.

Dahrni imtihon etib ket

Kel, dahrni imtihon etib ket,
Sayri chamani jahon etib ket.

Bedardlaring jafolaridin
Faryod etib, figʻon etib ket.

Dunyo chamanini bulbulisen,
Gul shoxida oshyon etib ket.

Ey ashk, koʻzimni maktabidin
Hayrat sabaqin ravon etib ket.

Olam chamaniki bevafodur,
Bir oh bila xazon etib ket.

Ushshoq maqomi boʻstondur,
Azmi rahi boʻston etib ket.

Maqsad na edi, jahona kelding?
Kayfiyatini bayon etib ket.

Fosh etma ulusqa ishq sirrin,
Koʻngulda ani nihon etib ket.

Kel, ishq yoʻlida koʻzlaringni
Ey Nodira, durfishon etib ket.

Yorsiz na lazzat

Jon koʻrmadi roʻzadin halovat
Iftorda yorsiz na lazzat?

Yor aylasa yori birla iftor,
Yoʻq roʻzada mundin oʻzga davlat.

El barcha visol bazmida shod,
To subh chekib surudi ishrat.

Har shom menga navolayi gʻam
Iftor qilurgʻa boʻldi qismat.

Mohi ramazonki, fayzi choʻqtur,
Men xastagʻa yorsiz na rohat.

Har shom koʻzimni yoshi sham’im,
Xuni jigarim ba joyi sharbat.

Hijron ila roʻza javr etolmas,
Gar yor esa, Nodira, salomat.

Koʻzlarim mushtoqdur diydor uchun…

Koʻzlarim mushtoqdur diydor uchun, ruxsora och,
Pardani yuzdin, koʻzim qilgʻuncha bir nazzora, och.

Pardayi nozu hayo xomush laʼlingdin koʻtar,
Ikki gul bargini birdin guhar guftora och.

Besutun togʻida koʻp jon chekmagʻil, ey koʻhkan,
Koʻkragimdin joʻyi shir oʻrnigʻa oʻtligʻ yora och.

Ey koʻngul, dudi figʻoningdin kavokib tiyradur
Oh koʻp chekma, hijobi sobiti sayyora och.

Shavq komil boʻlsa, muxlis koʻchasi masdud emas,
Ey sharar, bir jazba birla rohi sangi xora och.

Muncha pinhon dogʻkim, ey jon, falak qoʻydi senga,
Yor agar kelsa, giriboningni aylab pora, och.

Nodira, ohu dilu shoʻri junun barpoy qil,
Ushbu lashkar birla olam mulkini yakbora och.

Ehtiyoj

Qilmagʻil zinhor izhor ehtiyoj
Kim, aziz elni qilur xor ehtiyoj.

Hech kim olamda forugʻbol emas,
Har kima oʻz miqdoricha bor ehtiyoj.

Ganji husningni zakoti ber menga,
Sen gʻanisan, menda bisyor ehtiyoj.

Koʻzlarim aylar yuzingni orzu
Kim erur koʻzguya diydor ehtiyoj.

Mustamand etti meni muhtojlik,
Qildi hojatmanding, ey yor, ehtiyoj.

Gar tilarsen obroʻ ahbob aro,
Aylama zinhor izhor ehtiyoj.

Qil ravo, albatta, oshiq hojatin,
Boqmagʻil arz etsa agʻyor ehtiyoj.

Bir tarahhum zohir etsang, netgusi,
Qildi husninggʻa meni zor ehtiyoj.

Yor vaslini tilarmen, Nodira,
Ayladi koʻnglimni afgor ehtiyoj.

Nodira ahvolidin ogoh boʻling

Yorning vasli emas ozorsiz,
Gulshan ichra gul topilmas xorsiz.

Ul parivash vaslidin boʻldim judo,
Rohati dil qolmadi dildorsiz.

Yor uchun agʻyor dardin tortaman,
Koʻrmadim bir yorni agʻyorsiz.

Tan buzuldi, endi rohat qolmadi,
Soya paydo boʻlmadi devorsiz.

Berma nisbat qaddiga, ey bogʻbon,
Sarvdur bu bogʻ aro raftorsiz.

Nodira ahvolidin ogoh boʻling,
(Ey musohiblarki, qolmish yorsiz).

Категория: Hikoyalar | Просмотров: 1068 | Добавил: Nodira | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]