Ozbekistonning Buxoro vohasida bundan ming yillar oldin qum ostida yo’qolgan Paykend shahri qoldiqlari topilgan. Ayrim tarixchilar xabariga ko’ra, qazilma ishlari natijasida bu shaharni tashqi dushmanlardan ayollar, aniqrog’i amazonkalar himoya qilgani ma’lum bo’lgan. Ba’zi tarixchilar esa, Paykenddagina emas, balki umuman tarixda amazonkalar bo’lgan emas, degan fikrda. O’zbekistonning Buxoro vohasi g’arbiy qismida Paykend degan qadimiy shahar vayronalari hozirga qadar qumlar ostida saqlanib kelgan. Bundan ming yil avval qumlar ostida yo’qolgan bu shahar haqida ko’pgina qadimgi yozma manbalarda eslanadi. O’zbekiston Arxeologiya Instituti bir necha yillardan buyon Rossiya Davlat Ermitaji bilan hamkorlikda bu yodgorlik ustida qazilma ishlari olib bormoqda, deydi Arxeologiya institutining yetakchi ilmiy xodimi Jamoliddin Mirzaahmedov. “Shaharning eng katta, eng qadimgi qismi, bu – Ark. Arkning masshtabi bir gektarni oladi va ikkita shahristondan asosiy shaharning qismi hisoblanadi. Ular 19 gektarni o’z ichiga oladi. Shahar atrofida katta hunarmandlar ishlaydigan rabot saqlanib qolgan. Asosan bu joylarda kulolchilik ustaxonalari, mahalla masjidlari saqlanib qolgan. Noyob, Markaziy Osiyoda birinchi ochilgan apteka ham, 8-asrga oid birinchi apteka ham topilgan. Otashparastlik dinidan saqlanib qolgan katta-katta amaldorlarning oilaviy qabristonlari bor. Xonalarga, o’sha oila a’zolari olamdan o’tgandan keyin, sopoldan yasalgan idishlar ichiga odam suyaklarini qo’yib, saqlab yurishgan”, - deydi J. Mirzaahmedov. Tarixchi Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida Paykendni Buxorodan ham qadimiyroq ekani yozilgan. Mutaxassislarga ko’ra, qadimgi manba’larda Paykend haqida gapirilarkan, uni kichik davlat deb ham yuritilgan. “18 metr pastlikda eng qadimgi qatlamlar chiqdi. Bu qatlamlarning davri Miloddan avvalgi 3-2-asrlardan iborat. Xitoy yozma manbalarida Buxoro vohasi to’g’risida ilk o’rta sardagi davrini gapirishganda aytilganki, qadimgi Paykend joyida qadimgi Bi degan davlat bo’lgan. Bu Bi degan davlat arab manbalarida Boykend deyilgan. Keyinchalik u Poykent deb hozirgi kunlargacha saqlanib qolgan”, -deydi tarixchi Jamoliddin Mirzaaxmedov. Manbalarga ko’ra, atrofi baland qal’a devorlari bilan o’ralgan, mustahkamligi bois Misqal’a deb yuritilgan Paykend shahri Buyuk Ipak yo’lida joylashgan. Arxeologlar ayni paytdagi qazilmalar natijasida eni 5 metrgacha, ayrim joylarda esa 10 metrdan oshadigan, bo’yi esa 12 metrli mudofaa devorlariga duch kelishganini ta’kidlashadi. Shaharning sug’dlardan iborat o’ziga to’q aholisi savdogarlik bilan shug’ullangan. Mutaxassislsrning aytishlaricha, har yil erta bahorda shahardagi erkaklar savdo-sotiq bilan Xitoyga, undan Eronu Vizantiyaga qarab yo’l olishgan. Ayrim qadimshunoslarga ko’ra, erkaklarsiz qolgan shaharni tashqi dushmanlardan ayollar, ya’ni Amazonkalar himoya qilgan. Professor Muhammadjon Isomiddinovga fikricha, bu voha xalqlari tarixidagi amazonkalar ta’sirini inkor etib bo’lmaydi. “Bitta Buxoro vohasida emas, Sirdaryo va Amudaryo o’rtasida yashagan xalqlar tarixida Amazonkalarga sig’inish, ularning tarixiy hayotdagi, zardo’shtiylikdagi roli, ta’siri ancha katta. Ayniqsa, Orol bo’ylarida, Xorazm vohasida yashagan xalqlarda bu narsa yaqqol ko’zga tashlanilgan. Endi bu narsa albatta Buxoro vohasida ham ancha o’zining aksini topgan bo’lsa kerak”,- deydi u. Qadimshunos Rustam Sulaymonovga ko’ra, amazonkalar mavjudligi ilmiy jihatdan aniqlanmagan. Shu sabab Paykendda ham amazonkalar bo’lgan, degan fikrga qo’shilmasligini aytadi u. “Manbada boshqa gap bor. Arablar kelib shaharni olayotganda erkak zoti asosan savdo bilan xorijga ketgan bo’ladi. Arablar oladi. Qaytib kelgan savdogarlar kattakon kontrebutsiya to’lab, shahardan o’z oila a’zolarini qaytib oladi. Shu. Amazonkalar deb tilga olinadi, sabramatlar qabilalarida, ular Pavoljyeda, Uralda yashagan. O’sha qabilalarda matriarxat an’analari bo’lgan. O’rta osiyoda ham bo’lgan matriatxat an’analari, Miloddan avvalgi 5-6 sar davrida. Ko’chmanchi aholi hokimlari asosan ayollar nomidan bizga ma’lum”. Tarixchilarga ko’ra eng katta masjid, Markaziy Osiyodagi qadimiy ilk dorixona, O’rta Osiyodagi eng baland minora ham shu yerda topilgan. Xo’sh, bu kichik davlatning qumlar ostida qolib ketishining sababi nimada? “Paykendni, umuman shahar sifatida yo’q bo’lishi XI asrga to’g’ri keladi. Sabab, Buxorodan Zarafshonning yuqori qismida, Samarqand taraflarda odamlar ko’payib, suv ko’p ishlatilganidan keyin Buxoro vohasida suv kamayib borga-da, eng paski qismida birinchi bo’lib suv tanqisligi natijasida odamlar asta-sekin shaharni tashlab ko’chib ketishgan. Uylar keyin buzilib ketib, vayronaga aylangan”, -deb hisoblaydi Jamoliddin Mirzaahmedov. Paykend ekspeditsiyasi rossiyaliklarning iqtisodiy homiyligi tufayli amalga oshgani bildiriladi. Arxeologlar nazarida “Osiyo Pompeyi” deb ataluvchi qumlar ostidagi shahar bag’rida hali ochilmagan sir-asrorlar ko'p.
|