Mutaxassislarga ko’ra, so’nggi yillarda O’zbekistonda yosh yigit-qizlarning erta oila qurishi kuzatilmoqda. Qonun tomonidan belgilangan nikoh yoshiga yetmagan qizlarni turmushga uzatish ayniqsa shaharlarda ko’proq uchraydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ona va bolalar o’limi aksariyat hollarda aynan 16-18 yoshda turmush qurganlar orasida uchramoqda. Yosh oilalar o’rtasida ajralishlarning ko’pligiga turlicha sabablar ko’rsatilsa-da, ayrim o’zbekistonliklar fikricha, aksar oilalardagi nochorlik va yetishmovchilik shu oilaning barbod bo’lishiga olib kelayotir. O’zbeklarda farzandni uylantirish yoki turmushga uzatish ota-ona burchi hisoblanadi. Biroq bu burchni tezroq ado etishga shoshayotgan ba’zi ota-onalar to’y-marosimlarini juda erta, hatto qonunda belgilangan nikoh yoshiga yetmasdan turib ado etishga urinmoqda. Shifokor tadqiqotchi O’ktam Muhammad Murod fikricha: “Oxirgi paytlarda bir holat mavjud: qiz bola maktabni tugatar-tugatmasdan uning uyiga sovchi serqatnov bo’lsa va u barvaqt turmush qursa, shu xonadon shu qadar fayzli ekanligidan go’yo dalolat bergandek. Mahalla-ko’ylarda, o’zbek oilalari orasida hattoki qizini tezroq erga berish norasmiy poygasi ham vujudga kelgan-da. Tib olimlari 18 yoshga yetgan qizlarning aksariyati hali to’liq rasidaga yetmagan, to’liq voyaga yetmaganligini, uning hayz ko’rayotgani uning albatta tug’a olish qobiliyatidan dalolat bermayotganligini, uning boshqa jinsiy a’zolari, bachadon va boshqa tug’ruq yo’llarining hali to’liq bog’liq bo’lmagani, ichki sekretsiya bezlari yetarlicha rivoj topmaganligini aniqlashgan va 18 yoshgacha bo’lganlarning turmush qurishiga o’ta qarshi ekanliklarini ta’kidlashgan”, - deydi shifokor O’ktam Muhammad Murod. Yoshlar 17-18 yoshdagi yigit-qizlarning oila qurishayotganligi boisini turlicha izohlashadi. Ba’zilarga ko’ra, erta turmush qurishga nafaqat ota-onalar, balki farzandlarning o’zi ham sababchi bo’layotir. “Ba’zi qizlarimiz bor, maktabdan chiqib olib, o’rtoqlariga qarab havaslari kelishadi turmushga chiqayotgan bo’lsa, masalan-da. Ota-onalari ham orzu-havas ko’ray deganday, vaqtliroq turmushga berishlari mumkin-da. Tanish-bilish qilishlari mumkin, qarindosh-urug’chilik qilishlari mumkin. Buzilib ketishlaridan qo’rqib ham shu narsani amalga oshirishadi-da. Oilali bo’lgandan keyin, boshi ikkita bo’lgandan keyin ko’proq oila bilan shug’ullanadi, oilaga sho’ng’iydi degan maqsadda ham uylantirib yoki turmushga berishlari mumkin-da”. “Hozir bolalar kamayib ketyapti, endi hozir bitta bolaga 5-6 ta qiz to’g’ri kelyapti-da, to’g’risini aytganda. Hamma qizlar o’zidan qo’rqyapti hozir, bolalar kamayib ketyapti-yu, tez-tez tegib olish maqsad”. “Shahar joyida, ayniqsa Toshkentda qizlarni 16-17 yoshdan turmushga berib yuborishadi. Bunga asosiy sabab, keyinchalik kuyov topilmay qoladi, degan muammo bor. Shahar joyda 20 yoshdan o’tib qolgan qizga kuyov topish juda qiyin bo’ladi. Yigitlar ham yoshini olaman deydi”, - deb fikr bildirishadi ayrim yoshlar. Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, yigit-qizlarning erta turmush qurish holatlari asosan dindor oilalarda ko’proq uchramoqda. Ayni paytda 16 yoshli qizlarning turmushga uzatilayotgani fojealarga ham olib kelayotganiga ko’z yumib bo’lmaydi, deydi tadqiqotchi Davron Xoliqov. “Kuzatiladi qizlarni 16 yoshdan turmushga berishlik. Ammo bizning qonunimizda, Oila kodeksida qizlarni turmushga berish 17 yoshdan, o’g’il bolalarning uylanishi 18 yoshdan qilib belgilangan. Ammo qizlarning fiziologik voyaga yetishi juda katta ahamiyat kasb etadi, chunki ular kelgusida farzand ko’rishi kerak. Shunday ekan, hozirgi paytda kam kuzatiladigan bo’lsa-da, onalar o’limi yoki bolalar o’limi ko’proq mana shu yosh onalarga to’g’ri kelayapti”, - deydi Davron Xoliqov. Mutaxassislar fikricha, so’nggi paytlarda erta turmush qurgan oilalarda erta ajralish holatlari kuzatilmoqda. Ba’zi yoshlar fikricha, o’zbek to’ylarining benihoya dabdabali va serxarj o’tishi natijasida, to’y qilgan oilaning bir necha yillik qarzdorlik botqog’iga botishi-yu, shu bois chiqqan janjallar ham yosh oilalar buzilishiga sabab bo’lmoqda. “Hozirgi kunda oilalarning mol-mulkka qarab qiz uzatishi judayam ko’payib bormoqda. To’y qilayotgan vaqtlarda tovoqlar qilishadi bir-biriga, lekin buni qadriyatlarimiz deb hammasi to’y bo’lishdan oldin qilishadi. Lekin qo’shilmayman men bu fikrlarga. Tovoqlar, stenkalar berishadi, mana shular ko’p bo’lishi mumkin, ayrim qizlarga yaxshi bo’lishi mumkinmas. Chunki ota-onasining qurbi yetmasa qilolmaydi-da buni. Hamma qizlar ham tabiiy shu holatga uchrashi, chunki hamma bilan teng bo’lay deydi u ham. Lekin u qiz ota-onasining sharoitini ham tushunishi kerak-da. Albatta janjalga olib keladi, qancha moshina kelgani uning ZAGSiga. Bular uning kelajakdagi hayotini hal qilib bermaydi-ku baribir”. “Qizlarga hozir, masalan, kuchi yetgan odamlar haddan tashqari oshirib yuborayapti. Mebelning ham qimmatbahosini, ko’rpa-to’shaklarni juda oshirib qilishyapti. O’shaning orqasidan kuchi yetgan qiladi, kuchi yetmagan oilalar bo’lsa holicha, ya’ni bor-boricha, yo’q holicha deganday. O’shaning orqasidan keyin boshqa kelinlarning sepini ko’rib kelgan qaynonalar o’zlarining kelinlarini nazariga ilishmay qo’yishyapti-da. Shuning ketidan janjal chiqadi”, - deb hisoblashadi ba’zi o’zbekistonliklar. O’zbek xonadonlaridagi 16-18 yoshda oila qurishayotgan yoshlarning bir-ikki yil ichida farzandli bo’lmasligi ham, bu oilaning buzilib ketishiga bois bo’layotir, deydi shifokor O’ktam Muhammad Murod. “Bizlarda bir gap bor, go’yo-ki qiz bola qanchalik tez turmushga chiqqandan keyin bir necha oydan keyin homilador bo’lishligi talab etiladi. Bu go’yoki unga bog’liqday. Aslida olganda tibbiyotda fiziologik bepushtlik degan narsa bor. Ya’ni endi turmushga chiqqan qiz bola fiziologok jihatdan, jismoniy jihatdan organizmi to’liq rasida bo’lmagan bo’lsa, to’liq bog’liq bo’lmagan bo’lsa, to’liq voyaga yetmagan bo’lsa, biron yil farzand ko’rish imkoniyatidan mosuvo bo’lib turadi. Bu vaqtinchalik holat. Shu vaqtinchalik holat ham kelinchakning dardiga mengzaladi. Uning go’yoki dardmand ekanligiga, uni turli stress holatlarga, qaynonalar tarafidan siquvlarga olishiga olib keladi. Natijada yosh oilaning buzilishi ko’pincha birinchi yildayoq ro’y berishini kuzatamiz”, - deya fikr bildiradi shifokor-tadqiqotchi O’ktam Muhammad Murod. Azaldan muqaddas hisoblanib kelingan oilaga so’nggi paytlarda yoshlarning yengil-yelpi qarashlari kuzatilayotgani aytiladi. Hatto bir-biriga muhabbat qo’ygan yoshlarning ham ajrashib ketayotgani ularning oila qurishga, ya’ni an’anaviy o’zbek oilasidagi past-balandliklarga chidashga hali tayyor emasligining isboti sifatida ko’rsatiladi. “Masalan, bizning bir qo’shnimiz 16 yoshdan bordi, er-xotin yaxshi ko’rishdi, lekin o’sha sevgisi ham hech qanchaga bormadi. Mana u ham ajralishdi. Turmushlari bir yilga ham borgani yo’q. Birovning uyiga borgandan keyin, uning sharoitiga tushish uchun hali siz o’rganishingiz kerak ancha. Ha, uning o’zi hali past-balandni bilmaydi, borgan, qayno-qaynotaning hurmatini joyiga qo’yish, eriniki. Hamma tomonlama bu qiz xullas oilaga tayyor emas, hali u past-balandni o’rganishi kerak”, - deb o’z fikrini bildiradi toshkentlik ayol. Farzandlarni erta uylantirish yoki uzatish odati natijasida, hali na ma’lumoti, na tayinli kasb-hunari bo’lgan yigit-qizlar oila qurishib, moddiy jihatdan to’la ota-ona qaramog’ida bo’lishadi. Ayni paytda ko’pgina oilalarning iqtisodiy nochor ahvoli ham yosh oilalarning buzilishiga olib kelayotgan holat ekani aytiladi. “To’yib ovqat yeyish ham hozir barcha oilada yo’q hisobi-da. Asosan shu iqtisodiy muammo tufayli ajralib ketishyapti. Iqtisodiy muammo deganda, hech bo’lmasa bir haftada yarim kilo go’sht yeyish, asal yeyish, qand yeyish, shakar yeyish, chunki qishloqlarda odamlar pul ko’rmaydi, pul nimaligini bir yilda bir marta biladi, ya’ni paxta tergan paytida. O’shanda ham bir marta, ikki marta 20 ming, 30 ming so’m pul ko’rib qolishi mumkin, shu bilan boshqa pul ko’rmaydi”. “Yoshlarning kelishmovchiligi yetishmovchilikdan. Hozirgi yoshlarning hammasini yuragi tor bo’lib ketgan. Oilada ishqilib bola-chaqa bo’ladi, ularga kiyim-kechak kerak, hozir nonlar ham qimmat bo’lib ketyapti. Biri ro’zg’orga yetsa, biri kiyimiga yetmaydi. Muammo shundan kelib chiqadi”, - deyishadi ayrim o’zbekistonliklar. O’zini Hamza dem tanishtirgan kishiga ko’ra, respublikadagi mavjud ishsizlik ham yosh oilalar parokandaligiga boisdir. “17-18 yoshda bu hali o’zi ishlab biror narsa topa olishi kerak. Ayniqsa hozirgi sharoitda ish topa olishning o’zi bir muammo. Ota-ona yoshi 50 dan oshgan bo’lsa, pensiya oladi, 10 ming-15 ming. Shu nafaqaga qaraydi. Ishsizlar yollanib ishlashadi-da, kimgadir, nimagadir”, - deydi Hamza ismli kishi. 21 yoshli talaba qiz fikricha, hozirgi paytda ba’zi yigitlarning giyohvandlik va boshqa jinoiy ishlarga qo’l urayotgani ham yosh oilalar turmushi buzilishiga sabab bo’lmoqda. “Yoshlar o’rtasida erta turmush qurib, erta ajralishlarning sababi asosan yigitning yomon odatlarga berilishi. Masalan chekishi, ichishi, yoki yomon yo’llarga kirib o’g’rilik, bezorilik qilishi, o’zining jufti-haliloni tushunmasligi va narkomaniyaga kirib kelishiga asosan ota-onasining befarqligi. Bitta qo’shnim bor edi, bu bola hozir Rossiyaga qochib ketgan. Qamalib ham chiqqan edi bu bola. Hozir xotini qiynalib yuribdi-da, tekkaniga ming pushaymon bo’lib”, - deydi talaba qiz. 25 yoshli Iroda 19 yoshida turmush qurgan. Biroq hozir u beva. Irodaga ko’ra, so’nggi yillarda yashirin yoki oshkor qo’sh xotinlikning odat tusiga kirgani unga o’xshash bevalar sonini ko’paytirmoqda. “Yaxsh ko’rib turmush qurganmiz, lekin oradan ikki oy o’tmasdan ‘mening turmush o’rtog’im edi, men bilan yashagan edi’, deb chaqaloq ko’tarib bitta ayol kelgan. Shuning orqasidan oilamizda ko’p janjal bo’lgan. Ketib qolay desam men ham ota-onamdan uyalganman, chunki o’zim xohlab tekkanman. Chidab yuraverganman. Oxiri borib ikkita farzandli bo’lgandan so’ng turmushimiz buzilib ketdi”, - deydi Iroda. Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, farzandli va yo yolg’iz qolgan yosh beva ayollarning o’z ota-onasi xonadoniga yana singib ketishi og’ir kechadi. O’z kunini o’zi ko’rishga harakat qilayotgan bunday yoshlar ko’p holda fohishalik yo’liga ham kirib ketishmoqda. O’zbekistonda nisbatan yosh oilalarning paydo bo’lishini milliy an’ana sifatida talqin qiluvchilar ham topiladi. Biroq ko’plab yoshlar va ziyolilarning bu an’anaga qarshi chiqayotgani jamiyat taraqqiyoti jarayonida ayrim urf-odatlar sekin-asta iste’moldan chiqarib tashlanishi lozimligini ko’rsatmoqda.
|