Zargarlik xalqimizning eng qadimiy san’at turlaridan biridir. O‘zbekiston hududida olib borilgan arxeologik qazishmalar vaqtida topilgan uzoq o‘tmishga daxldor zeb-ziynat buyumlari ana shundan dalolat beradi. “Mahalla” gazetasining xabar qilishicha, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qo‘qon, Xiva, Qarshi, Boysun singari shaharlar zargarlikning qadimiy markazlari hisoblangan. Buxoro zargarlari ziynat buyumlariga sir berish, silliqlash usulidan o‘tgan asrlardayoq xabardor edilar. Bu sohada buxorolik nafis simkori zargar Said Pochaev va qolipaki buyumlar ustasi Qosim Miroqovlarning nomi mashhur. Qolipaki buyum yasashda zargarlar biron ziynat buyumiga mo‘ljallab tayyorlangan plastinkani metall qolipga joylashtirib, so‘ng unga po‘lat pichoqcha va bolg‘acha bilan naqsh o‘yganlar. Bundan tashqari, qolip yordamida naqshlar tushirilgan va ba’zan unga qadaladigan asl toshlar uchun uyachalar ham o‘yilgan. Oltin, kumush singari nodir metallardan to‘r shaklida ishlangan zargarlik buyumlari juda nafis va go‘zal qilib tayyorlangan. Bunday buyumlar “simkori” deb atalib, ular ingichka-yo‘g‘onligi har xil bo‘lgan maxsus kumush sim tolalardan ishlangan. Ya’ni sim tolalarning uchlari ma’lum shaklga moslab, bir-biriga payvand qilingan va shu yo‘sinda nihoyatda nafis va chiroyli “to‘r” hosil bo‘lgan. Simkori ziynat buyumlari, ko‘pincha, mayda-mayda kumush munchoqlar bilan bezatilar, bu esa bezakning qadrini yanada oshirgan. Buxorolik zargarlar tomonidan yaratilgan “zulf” deb ataluvchi bosh bezagining ham xaridori ko‘p bo‘lgan. Buxoro zulflari kimxob, zardof kabi bejirim gazlamalardan tayyorlanib, uning har ikkala uchiga popuk ulangan. Buxoroda bilaguzukni “dastpona” deb atashadi. Shuningdek, bu yerlik ustalar ijodiga mansub ziraklar ham el orasida mashhur. Buxoro ayollari o‘rtasida peshona bezaklari taqish ham keng rasm bo‘lgan. Buxoroliklar bunday bezaklarni “bibishak”, “sarsuzon”, “boloabru” va “tillabargak” deb atashgan. Jumladan, sarsuzon bezagi bibishakka o‘xshagan bo‘lsa ham, uning yuqori qismida metalldan yasalgan ikkita qushcha tasviri bo‘lgan. Bunday tasvir tushirish XIX asr oxiridan boshlab rasm bo‘lgan. Bu usulni zargarlikda birinchi bo‘lib buxorolik usta Miroq Qosimov qo‘llagan. Oltin va kumushdan nozik zeb-ziynat buyumlari tayyorlashda samarqandlik zargarlar ham juda mohir bo‘lganlar. Keyingi yillarda Samarqand zargarlik san’ati an’analarini Muso Isoev, Anvar Asanov, Naim Po‘latov, Usmon Ismoilov, Najmiddin Bahavuddinov, Nosir Do‘stov, Maya Hamidova, Zubayda Umarova, Fayzi Islomov, Akbar Hasanovlar yangi shakl va mazmun bilan boyitib bormoqda. Bu sohada toshkentlik hunar ahli ham mashhur bo‘lgan. Qadimdan xalq orasida Toshkent zargarlari yasagan qimmatbaho kamarlar, tillaqosh, bargak, zirak, tumor, zulfak, murg‘ak, bilakuzuk, chiroyli haykalchalar va boshqa rang-barang zeb-ziynat buyumlari keng tarqalgan, Sharqda, hatto G‘arb bozorlarida ham ancha qadrlangan. 1866 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda 31 ta zargarlik ustaxonasi, 20 dan ortiq zargarlik buyumlari sotiladigan do‘kon, 1898 yilgi ma’lumotga ko‘ra esa shaharda 39 ta zargarlik ustaxonasi, 27 ta zargarlik do‘koni faoliyat ko‘rsatgan. Bu ustaxonalarda zeb-ziynat buyumlaridan tashqari, egar-jabduq, miltiq, qilich, kamar kabi anjomlarga ham zar berilgan va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Mirg‘iyos Karimov, Hamidullo Qalandarov, Ismoil Solihov, Haydar Po‘latov, Mirsharof Yoqubjonov, Komil Toshmuhamedov, Olimjon Muhammadiev kabi toshkentlik mohir zargarlar bu sohada katta tajriba orttirganlar. Ular yasagan zeb-ziynat buyumlari XIX asrning oxiri XX asr boshlarida Parij, Vena, Kopengagen, Chikago, Glazgo, Milan, Nijnыy Novgorod, Xarkov, Moskva, Peterburg shaharlarida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmalarda hamda Turkiston o‘lkasi ko‘rgazmasida namoyish etilib, munosib taqdirlangan. Zargarlikda ishlatiladigan buyumlar turi nihoyatda ko‘p. Shuningdek, XIX asr boshlarida bu yerda “gajak” deb yuritiladigan taqinchoq ham mavjud edi. Ha, yurtimizning qadimiy Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Xiva, Qarshi singari shaharlarida ajdodlarimiz tomonidan asos solingan zargarlik san’ati bugun ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Ayni paytda bu qadimiy san’at an’analarini hunar sohiblarining avlodlari, shogirdlari davom ettirib, yangi shakl va mazmun bilan boyitib kelmoqdalar.
|