Eshmatvoyning yoshi ellikka kirsa ham esi kirmadi. O‘g‘il uylab, qiz chiqardi, o‘zini ichkilikdan tiyadigan vaqt bo‘ldi, axir. Bugun yana uning uzoqdan bir tomonga qiyshayib kelayotganini ko‘rib xotini — Xolposhsha erining shirakayfligini darrov payqadi. — Salomat bo‘lgur, qachon sizga Xudo insof berib, ichkilikni tashlarkansiz? — deya g‘udranishni boshladi xotini. — Ey, menga insof tilaguncha o‘zingga iymon tilasang bo‘lmaydimi? Kim aytdi senga meni, insofi yo‘q deb. Ichsam o‘zimning pulimga ichyapman. Yo, sen biror so‘m berib qo‘yyapsanmi? — deya o‘dag‘ayladi Eshmatvoy. Boshqa vaqt bo‘lganda-ku, Xolposhsha insof nimadaligini boplab piyanista eriga tushuntirib qo‘ygan bo‘lardi. Lekin hozir ularning uyida mehmonlar bor. Yaqindagina turmushga uzatgan qizi kuyovi bilan mehmonga kelishgan. Xotini qo‘lidagi kapgirni qozonning chetiga bir-ikki urdi-da, oshni damlashga chog‘landi. Ammo butun diqqat-e’tibori sherdek o‘kirib turgan erida edi. Vaziyatni to‘g‘ri tushungan ayol endi mug‘ombirlikka o‘tdi: — Voy dadajonisi, o‘zim aylanay sizdan. Uyimizda mehmonlar bor-a, — deganicha ichkari xonadonga boshi bilan ishora qilib qo‘ydi. — Mehmon, yana qanaqa mehmon keladi? — erini hozirgi biroz bukilib, tebranib turishi so‘roq belgisini eslatardi. Xotini ovozini pastlatib: — Nasiba qizingiz kuyovi bilan kelishibdi, — dedi. Kuyov so‘zini eshitgan Eshmatvoy biroz hushyorroq tortdi-da, bir-ikki hiqichoq tortib: — Kuyov bola bahonasida yuz-yuz urarkanmiz-da? — deganicha mehmonlar oldiga kirib ketdi. Kuyovni payg‘ambarimiz ham suygan. Xonadon to‘rida qavat-qavat to‘shaklar ustida o‘tirgan istaralikkina kuyov bola qaynotasini ko‘rishi bilan o‘rnidan turdi-da, quyuq ko‘rishdi. Kuyovi va qizi bilan hol-ahvol so‘rashgach, qaynota orqasidagi yostiqqa suyanib o‘tirdi. Xontaxta ustiga yozilgan dasturxonda hamma noz-ne’matlar bisyor ekanligini ko‘rib: — Yaxshi, — deb qo‘ydi-da, keyin dasturxonda anavi bo‘yni uzun zormondadan yo‘qligidan: — Ie, haligi bizni qittay-qittay uradigan shishalarimiz ko‘rinmaydi? — deya bezovtalana boshladi. Kuyov bola bo‘lsa biroz tortinib: — Dada, to‘g‘risini aytsam, men sira ichmayman? — dedi. Choy quyib uzatayotgan qizi ham uning gapini ma’qullaganday dadasiga qarab qo‘ydi. — Ie, shundaymi? — deganicha Eshmatvoy qulog‘iga qadar qizarib ketdi. Otasining ahvolini tushungan qizi o‘zini qaerga qo‘yarini bilmay uyalganidan yerga qaradi. ... Shu voqea sabab bo‘ldi-yu, Eshmatvoyning esi kirdi, ichkilikni tashladi. Anvarjon HALIMOV