Пт, 2024.11.15, 06.46
SITE LOGO

 

Меню сайта
Разделы новостей
Habarlar
Maktublar
She'rlar
Hikoyalar
Latifalar
Maqolalar
Kim? qachon? Qaerda?
G'oya mualiifi Maryamjon Bobojonova
Календарь новостей
«  Ноябрь 2006  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
27282930
Поиск
Друзья сайта
Статистика
Наш опрос

"Bananas" nimasi bilan yaxshi?

[ Natija · Arkhiv ]

Javoblar: 30
Главная » 2006 » Ноябрь » 27 » OILA BUZILDI. KEYIN-CHI?..
OILA BUZILDI. KEYIN-CHI?..
17.49
OILA BUZILDI. KEYIN-CHI?..

Sud oilada ulg‘ayayotgan 2 yoshli qizaloq va to‘rt oylik go‘dakni onasi M. qaramog‘ida qoldiradi. Shundan so‘ng qizaloqlar otasi Sh. ma’lum vaqtgacha farzandlarini moddiy jihatdan ta’minlab turadi. Biroq sobiq turmush o‘rtog‘i ko‘p o‘tmay, otani farzandlari bilan ko‘rishishi, ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanishiga to‘sqinlik qiladi. Shundan so‘ng kichik qizi hali ko‘krak suti bilan boqilayotganini hisobga olib, otasi katta qizi Dilbarxon bilan uchrashib turish vaqtini belgilashni so‘rab sudga murojaat qiladi. Sud ushbu masalani atroflicha o‘rganib chiqib, da’vogarning talabini qanoatlantirish to‘g‘risida qaror chiqaradi.

Bugun mamlakatimizda yosh avlodni komil insonlar qilib tarbiyalash borasida muhim islohotlar amalga oshirilar ekan, bu jarayonda eng birinchi va asosiy e’tibor oilalar mustahkamligini ta’minlashga qaratilyapti. Bu tabiiy hol, albatta. Chunki kelajagimiz vorislari bo‘lgan farzandlar bunyodkori ham, ularni kamolga yetkazuvchi ham - eng avvalo oila. Shu boisdan unga jamiyatning bir bo‘lagi sifatida qaraladi, e’zozlanadi. Biroq ... taassufki, harchand jon kuydirmaylik oilalarning buzilib ketish hollari, ajralishlar yuz berib turibdi. Bundan esa nafaqat ushbu taqdir egalariga, balki butun bir jamiyatga ziyon yetayotgani tashvishlantiradi kishini. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi raisi Muqaddas FULOMOVA muxbirimiz bilan suhbatda ushbu muammo yuzasidan o‘z fikrlarini bayon qiladi.
— Muqaddas Ziyodullaevna, oilaviy nizolar va buning oqibatida kelib chiqadigan oilaviy ajrimlarning oldini olish uchun qanday samarali vositalardan foydalanishni ma’qullaysiz?
— Nikohdan o‘tish ikki insonning roziligi, o‘zaro kelishuvi asosida amalga oshadigan jarayondir. Shu bois er-xotinlik munosabatlarini vujudga keltirishda ularning xohishiga qarshi ish ko‘rishga hech kimning haqqi yo‘q. O‘z navbatida er va xotin o‘zaro kelishib yashayotgan oilani ham ajratib yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu fuqarolarimizning konstitutsion huquqlari. Biroq farzandlari tarbiyasiga, jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan janjalkash oilalar taqdiriga befarq qarashning ertangi oqibatlari ham barchamizga ayon.
Demak, bu o‘rinda oldimizda turgan yagona vazifa targ‘ibot-tashviqot, tegishli maslahatlar va boshqa ma’naviy ta’sir choralari orqali sog‘lom oilalarni bunyod etish, ularning mustahkamligini ta’minlash. Buning uchun jamoatchilik vakillarining faoliyatini oshirish zarur. Mahalladagi obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan kayvoni, yoshi ulug‘ insonlardan tarkib topgan yarashtirish, xotin-qizlar bilan ishlash komissiyalari faoliyatini jonlantirish joiz. Biroq bu o‘rinda hal qiluvchi rolni ikki tomon, ya’ni er va xotin bajargani bois, eng avvalo, ular qalbida oila muqaddasligi, otalik va onalik burchi, farzandlar kamolotiga mas’ullik kabi tuyg‘ular yaxshi shakllangan bo‘lishi lozim. Aks holda, ajrashayotgan er-xotin «bu mening shaxsiy ishim, ajrashishimga hech kim qarshilik qila olmaydi, oilaviy ishimga aralashmanglar» qabilidagi so‘zlar bilan ushbu oila butunligini saqlab qolishga harakat qilayotgan insonlarning umidini puchga chiqaradi. Shu bois, dastlabki sa’y-harakatlar hali oila qurilmasidan avval — ikki yoshni katta hayotra tayyorlash jarayonida amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ayni paytda bu borada bir qator mahallalarda ibratli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ularning tajribalari boshqa hududlarda ham ommalashtirilayotgani tabiiy.
— Nikohni bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilganda er-xotinning voyaga yetmagan farzandlari aksariyat hollarda sud qarori asosida onaning qaramog‘ida qoldirilganligiga guvoh bo‘lganmiz. Xo‘sh, bu o‘rinda otaning farzandiga nisbatan huquqlari nimalardan iborat bo‘ladi? Ya’ni u farzandi (farzandlari)ni moddiy jihatdan ta’minlash va tarbiyalash bilan bog‘liq ishlarda qay tarzda ishtirok etadi?
— Albatta, yurtimizda bu masalaning qonuniy asoslari yaratilgan. Chunki farzandlarini umuminsoniy qadriyatlarni hurmatlash, ma’naviy merosni saqlash va rivojlantirish, yuksak vatanparvarlik, soflik va halollik ruhida tarbiyalash, ularni ijtimoiy mehnatga tayyorlash ota-onalarning konstitutsiyaviy va ma’naviy burchidir. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida ham maxsus bob va moddalar mavjud. Jumladan, mazkur kodeksning 96-moddasida ta’kidlanganidek, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Nikohi bekor qilingan tomonlarning aliment undirish haqidagi arizalari da’vo yoki sud buyrug‘i, ish yurituvi tartibida ko‘riladi. Ota-ona favqulodda hollar (bolaning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha harajatlarda ishtirok etishi shart.
Shuningdek, kodeksning 66-moddasiga ko‘ra, bola otasi, onasi, bobosi, buvisi, aka-ukalari, opa-singillari va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqiga ega. Ota-onasining nikohdan ajralishi, nikohning haqiqiy emas deb topilishi yoki ota-onaning alohida yashashi bolaning huquqlariga ta’sir qilmaydi.
Aytaylik, er-xotinning turmushi buzildi. Qonuniy asosda ular o‘rtasidagi nikoh bekor qilindi. Biroq ularning voyaga yetmagan farzandi bor. Sud farzandni onasi yoki otasi qaramog‘ida yashashini ma’qullab qaror chiqardi. Ammo shundan so‘ng ham otaning yoki onaning farzandiga nisbatan huquqi va uning oldidagi burch va majburiyatlari saqlanib qoladi. Jumladan, Oila kodeksining 76-moddasiga ko‘ra, boladan alohida yashayotgan ota yoki ona farzandi bilan ko‘rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta’lim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.
Shunday bo‘lsa-da, ba’zi ota-onalar nikohi bekor bo‘lgandan so‘ng tamomila bir-biri bilan yovlarcha munosabatda bo‘lib, farzandlarini ota yoki onasidan butunlay uzoqlashtirishga, ularni ota (ona)si bilan ko‘rishishdan mutlaqo mahrum qilishga harakat qiladilar. Oqibatda otalik yoki onalik huquqi poymol etilib, tomonlardan biri sudga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.
— Tabiiyki, faoliyatingizda ana shunday holatlarga ko‘p bora duch kelgansiz. Misol tariqasida ulardan birining tafsilotini aytib bersangiz.
— O‘tgan yili huddi shunday masala yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulyg‘bek tumanlararo sudida bir ish ko‘rib chiqilgan edi. O‘shanda farzandi bilan ko‘rishib turish huquqini ta’minlash da’vosi bilan fuqaro Sh. sudga murojaat qilgan edi. Sud ishi materiallarida qayd etilishicha, da’vogar Sh. fuqaro M. bilan rasmiy nikohdan o‘tadi. Shundan so‘ng oilada birin-ketin ikki nafar farzand dunyoga keladi. Biroq taqdirning bunday siylovlariga qaramay, er-xotin o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelib, tez-tez janjallar sodir bo‘la boshlaydi. Nihoyat bunday mashmashalar sud tomonidan ularning nikohi bekar qilinishi bilan yakun topadi. Sud oilada ulg‘ayayotgan 2 yoshli qizaloq va to‘rt oylik go‘dakni onasi M. qaramog‘ida qoldiradi. Shundan so‘ng qizaloqlar otasi Sh. ma’lum vaqtgacha farzandlarini moddiy jihatdan ta’minlab turadi. Biroq sobiq turmush o‘rtog‘i ko‘p o‘tmay, otani farzandlari bilan ko‘rishishi, ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanishiga to‘sqinlik qiladi. Shundan so‘ng kichik qizi hali ko‘krak suti bilan boqilayotganini hisobga olib, otasi katta qizi Dilbarxon bilan uchrashib turish vaqtini belgilashni so‘rab sudga murojaat qiladi. Sud ushbu masalani atroflicha o‘rganib chiqib, da’vogarning talabini qanoatlantirish to‘g‘risida qaror chiqaradi.
Albatta, biz har qanday vaziyatda ham adolatning qaror topishi tarafdorimiz. O‘z navbatida garchi turmushi buzilgan bo‘lsa-da, ota-onalarning farzandi (farzandlari) oldidagi burch va majburiyatlarini, huquqlarini ta’minlashiga qonunlarimiz imkon beradi hamda buni talab qiladi ham. Biroq bu natija bilan butunlay qanoat hosil qilib bo‘lmaydi. Negaki, haqiqiy yutug‘imiz parchalanib ketgan oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlarni qonuniy tartibga solishdangina emas, balki ana shu oilalarning bir bytunligini, totuvligini mustahkamlashdan iboratdir, Shundagina nafaqat 3-4 nafar inson, qolaversa, butun jamiyat taqdiriga daxldor ezgu ish qilgan bo‘lamiz.
Farrux BO‘TAYEV
suhbatlashdi
Категория: Maqolalar | Просмотров: 1357 | Добавил: Anahon | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]