Har yerni qilma havas 18.11.2006 13:15 To‘g‘ri, chet elga borib mehnat qilish ham mumkin. Agar kasbingiz, ish joyingiz aniq bo‘lib, o‘z ishingizning ustasi bo‘lsangiz. Bundan tashqari, kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib, qonuniy yo‘l bilan borishingiz darkor. Aks holda, sizning u yerdan nafaqat mo‘may daromad olib kelishingiz, balki sog‘-omon qaytishingizga ham hech kim kafolat bermaydi «Mahalla» gazetasining xabar qilishicha, ba’zida odamlarga ham hayron qolasan, mehnat qilgan va mehnat qilishga ishtiyoqi bo‘lgan kishilarga mamlakatimizda ham ish bisyor-ku. Buning ustiga, kim sizni chet elda kattagina maosh to‘layman, deb kutib turibdi?! Mabodo shunday bo‘lganda ham, nima o‘sha mamlakatning o‘zida ishchi kuchi yo‘qmikan?! Ba’zilar buni tushunsa, ba’zilari tushunmaganligi, huquqiy savodsizligi va soddaligi oqibatida ko‘pgina ko‘ngilsizliklarga duchor bo‘lishmoqda. Buning ortida ayrim kimsalarning moddiy manfaatlari yotibdi va bu yo‘lda ular o‘z yurtdoshlari kuchini sotib, ulardan quldek foydalanishdan ham toymayaptilar. “O‘lja”larini o‘zlariga bo‘ysundurish uchun esa ularning pasportlarini olib qo‘yib, tutqunlikda ushlab turish yo‘llaridan foydalanishmoqda. Yaqinda Navoiy viloyatida ana shunday kimsalardan biri sudning qora kursisiga o‘tirdi. Tergov jarayonida aniqlanishicha, sudlanuvchi Shaxobiddin Hayitov gazeta e’lonlari orqali ish qidirayotgan odamlarni topgan va daromadli ish va’da qilgan holda ularni Ufaga — mahalliy issiqxonalarda ishlash uchun jo‘natgan. U yerda esa Shaxobiddinning hamtovoqlari ishchilarning pasportlarini olib qo‘yib, ularni quldek ishlatishgan, mehnatiga deyarli haq ham to‘lashmagan. Insonning huquqini poymol qilgan holda daromad qilayotgan ushbu guruhning qilgan jinoyatlarini fosh etishga tutqundan qochishga muvaffaq bo‘lgan uch nafar yigit yordam bergan. Jinoyatchilarni qo‘lga tushirish operatsiyasi ufalik militsionerlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. O‘z moddiy manfaatini ko‘zlab hamyurtlarini “asir”likka mahkum etgan Shaxobiddin esa Navoiy viloyati sudining hukmi bilan olti yilga ozodlikdan mahrum etildi. To‘g‘ri, hozirda Shaxobiddinga o‘xshab pul uchun o‘z imonini sotib ketayotganlar nafaqat mamlakatimizda, balki boshqa davlatlarda ham topiladi va ularning o‘z qilmishlari uchun qonuniy jazo topishlari muqarrardir. Biroq hamyurtlarimiz ham bunday kimsalarning yolg‘on va’dalariga ishonib, o‘zga yurtda tutqunlikda, oiladan yiroqda, noinsoniy sharoitlarda quldek ishlagandan ko‘ra, o‘z yurtida mehnat qilib, halol rizqlarini topganlari yaxshi emasmi?! Nega o‘z Vatanimizda mavjud bo‘lgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan to‘liq foydalanmaymiz?! Nega mo‘may daromad haqidagi cho‘pchaklarga ishonib, aqlu idrokimiz, bilagimizdagi kuchimizni o‘z yurtimiz ravnaqiga emas, boshqa bir yurtga borib tekinga sarf qilib kelamiz va boshimizga kulfat tushgandagina o‘z xatolarimizni anglaymiz?!
|