PLAGIATOR Ochig‘i, biz — har uchala muallif e’tiborli gazetada chop etilgan ushbu hikoyalarni o‘qigandan keyingi holatni tasvirlashga ojizmiz. Negaki, 35-40 yildan buyon kitob, gazeta mutolaasi bilan shug‘ullanib hali bunaqasini uchratmagandik. To‘g‘pi, ba’zan boshlovchi yosh shoirlar taniqli shoirlardan bir ikki misra o‘zlashtirib «she’r» chop etganlari, g‘oya va mazmun o‘g‘riliklari haqida eshitgan joylarimiz bo‘lgan. Ammo bemalol aytish mumkinki, Farrux Abdullayev ushbu «hikoya»lari bilan ko‘chirmachilar poygasida ancha ilgarilab ketibdilar.
O‘zgalar ijodini talon-taroj qilayotgan yozuvchi haqida Ijtimoiy — siyosiy mazmundagi markaziy nashrlar qatori ko‘plab mustaqil gazetalar, ko‘ngil ochar nashrlar ham ko‘paygandan ko‘paymoqda. Ayniqsa, «cariq matbuot» deya tez-tez tilga olinadigan ko‘ngilochar gazetalarni-ku asti qo‘yavering. Ular shu darajada tez va shiddat bilan hayotimizga kirib keldiki, biz (ya’ni gazetxon) hatto bu gazetalarning mazmun-mohiyati, mundarijasi qanday, ularda berilayotgan turli janrdagi materiallar saviyasi qay darajada deyishga ham ulgurolmay qolyapmiz, shekilli. Xususan, tanqidchilaru ko‘zga ko‘ringan adiblarimiz bu nashrlarga ko‘p ham e’tibor qilmayotganlari tufaylidir, bu kabi gazetalar endilikda chunonam «kimo‘zar» poygasini boshlab yuborishdiki, bu hol ayniqsa bir o‘tirishda hikoya yoki bundayroq qissa «yozib tashlashga» qodir «ijodkorlar» uchun ayni muddao bo‘layotgan ko‘rinadi. Negaki bu nashrlar ana shunday chala ijodkorlar uchun haqiqiy poyga maydoniga aylanib, ularning huda-behuda «asarlari»ni paydar-pay chop etib turibdilar-da. Keling yaxshisi, fikrlarimizni tasdiqlash uchun «Parvona» gazetasida chop etilgan ikki hikoya — Farrux Abdullayevning «Yomg‘irli kundagi ilinj» (2005 yil 15 dekabr), «Baxtsiz qiz», (2005 yil 24 noyabr) nomli hikoyalarini sharhlab ko‘rishga harakat qilaylik-da, so‘ng mazkur hikoyalar uchun muhtapam F. Abdullayev muallif sifatida nechog‘li haqlari bor-yo‘qligini o‘ylab ko‘raylik. Ochig‘i, biz — har uchala muallif e’tiborli gazetada chop etilgan ushbu hikoyalarni o‘qigandan keyingi holatni tasvirlashga ojizmiz. Negaki, 35-40 yildan buyon kitob, gazeta mutolaasi bilan shug‘ullanib hali bunaqasini uchratmagandik. To‘g‘pi, ba’zan boshlovchi yosh shoirlar taniqli shoirlardan bir ikki misra o‘zlashtirib «she’r» chop etganlari, g‘oya va mazmun o‘g‘riliklari haqida eshitgan joylarimiz bo‘lgan. Ammo bemalol aytish mumkinki, Farrux Abdullayev ushbu «hikoya»lari bilan ko‘chirmachilar poygasida ancha ilgarilab ketibdilar. Yana, u kishi «yaxshi o‘g‘ri mahallasini tunamaydi» qabilida ish tytib, o‘zimizning adiblar qolib, (sirlari tezroq fosh bo‘lishini o‘ylagan bo‘lsalar kerak) xorij adiblaru ijodxonasiga o‘g‘rilikka tushibdilar. Ochiqrog‘i «yaxshi o‘g‘ri» bo‘lishga harakat qilibdilar. Afsuslanarlisi shundaki, minglab mushtariylar ushbu o‘g‘rilik «non»idan «iste’mol» qilib, o‘zlari bilmagan holda luqmalarini harom qilganlar, aldanganlar. Nazarimizda, ko‘chirmachilik ob’ekti qilib aynan olis Afrika adiblarining ijod namunalarini tanlashda Farrux Abdullayev ikkita omilni e’tiborga olgan bo‘lishi mumkin. Birinchidan, Afrika yozuvchilarining asarlari bizda deyarli kam tarjima qilingan, bugungi kitobxon nazaridan chetda. Ikkinchidan, ushbu adiblar hikoyalari 50-60 yillarda o‘zbekchalashtirilib chop etilgani bois bu to‘plamlar kutubxonalar fondida kamayib qolgan yoxud Sobiq Ittifoq mafkurasi ilgari surilgan kitoblar kutubxonalardan olib tashlangan vaqtda, tushunmovchilik tufayli sovet ideologiyasiga aloqasi bo‘lmagan, biroq Ittifoq davrida chop etilgan ko‘plab sara (xorijiy) asarlar ham yo‘q qilinganligini nazarda tutgan bo‘lishlari mumkin. Ammo Farrux Abdullayev yaxshi kitobning, yaxshi asarlarning qadriga yetuvchilar, bunday kitoblarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylovchi kitobxonlar hozir ham minglab topilishini e’tiborga olmaganlar, shekilli. Jumladan, muallifning har ikki hikoyasiga aynan o‘xshash, o‘xshash emas faqat qahramonlari nomigina o‘zbekcha bo‘lmagan ayni shu hikoyalar ham kiritilgan Afrika yozuvchilarining «Sotilgan yurak» nomli saylanmasi («Sotilgan yurak» Afrika yozuvchilarining hikoyalari. Ruschadan U.Shamsimuhamedov tarjimasi. T. «Adabiyot va san’at nashriyoti. 1977 y) ushbu maqola mualliflari shaxsiy kutubxonalarida mavjudki, bu kabi uy kutubxonalarini O‘zbekistonda istagancha topish mumkin. Keling, endi mazkur hikoyalardan iqtiboslar keltirib, ularni qiyoslashdan avval har to‘rtala hikoyaning qisqacha mazmuni bilan tanishtirib o‘taylik.
Avval Farrux Abdullayevning hikoyasiga nazar tashlaymiz. 1-hikoya — «Baxtsiz qiz». Hikoya qahramoni Munisa qishloqda o‘sgan. Sevgan yigiti Amerikada o‘qiydi. Bechora qiz bir yil ichida to‘rt joyda ishlab omadi yurishmagan. Yaxshi niyat bilan ish joyini yana almashtiradi va Xurshid Shodievichga kotiba bo‘lib ishga qabul qilinadi. Afsuski, qizning yangi ish joyida ham omadi yurishmaydi. Boshlig‘i ish bo‘lmasida zo‘rlab, uning nomusiga tegadi. Bir oz muddat o‘tgach, doktorlardan (dugonasi orqali) homiladorligini bilgan Munisa tajovuzkor boshliqning uyiga borib o‘zini osadi... Endi «Sotilgan yurak» to‘plamining 91-sahifasini ochamiz. Bunda Keniya yozuvchisi Greyst Ogotning «Elizabet» nomli hikoyasi joy olgan. Hikoyaning mazmuniga e’tibor qiling, Elizabet qishloqda yashagan, non topish ilinjida shaharga kelgan. Keyingi olti oy ichida uch marta ish o‘rnini almashtirgan omadsiz qiz. Yigiti AQSh da o‘qiydi. Afsuski, bu yerda ham unga omad kulib boqmaydi: shahvatparast boshlig‘i ish bo‘lmasida majburlab, uning nomusiga tegadi. Keyinchalik doktordan homilasi borligini eshitgan qiz boshlig‘ining uyiga borib o‘zini osadi... 2-hikoya — «Yomg‘irli kundagi ilinj»ning syujet mazmuniga e’tibor qiling. Yomg‘ir yog‘moqda. Abdullaning oshxonasi. Oshxonaga kirib kelgan Malika kino qachon tugashini so‘raydi. Kino sakkiz yarimda tugashini eshitgach, shu yerda kutib, sevgan yigiti — Sulton haqida o‘ylaydi. Bu yerga kelishdan maqsadi esa Sultonning begona qizlar bilan yurishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish. Shuning uchun kino tugashini kutadi. Kino tugaydi, biroq Sultonni tomoshabinlar orasida uchratmaydi. Shu payt kinoteatr yaqinida ikki kishi mushtlasha boshlaydi. Ularning biri ikkinchisini mashina tagiga itarib tashlaydi. Mashina urib ketgan yigit Sulton ekanligini bilmagan bechora qiz qaytib oshxonaga kiradi va yigitini kutib qoladi... «Sotilgan yurak»ni varaqlaymiz. 269-sahifa. Janubiy Afrika Respublikasi yozuvchisi Richard Rivning «Yomg‘ir» nomli hikoyasini o‘qiymiz. Syujet esa mana bunday: Yomg‘ir yog‘moqda. Sollining magazini. Magazinga Siena kirib keladi va kino qachon tugashini so‘raydi. Kino kechki o‘n yarimda tugashini eshitgach, shu yerda yigitini kutishga qapop qiladi. Aynan shu yerga kelishdan maqsadi esa yigiti Jozefning keyingi paytda begona ayollarga ilakishib qolganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish. Kino tugaydi va Siena kinoteatr oldida Jozefni birov bilan mushtlashayotganiga ko‘zi tushadi. Surishtirganda bir qiz uchun ikkovlon jiqqamusht bo‘lganligini biladi. Ishga politsiya aralashadi va Jozefni olib ketadi. Siena esa yana magazinga kirib umid bilan Jozefning kelishini kutadi... E’tibor qildingizmi, aziz o‘quvchi, «Baxtsiz qiz» bilan «Elizabet», «Yomg‘irli kundagi ilinj» bilan «Yomg‘ir» hikoyalari ikki tomchi suvdek, xuddi egizaklardek bir-biriga o‘xshash. Shunday ekan, bu hikoyalarni o‘qigan mushtariy Farrux Abdullayevning hikoyanavislik «san’at»iga qoyil qolsinlarmi yoxud bir ishora bilan xorijlik personajlarga o‘zbekcha libos kiydirib, lison baxsh etish, o‘zbek fuqarosiga aylantirish mahoratiga tasanno aytsinlarmi? Balki janoblari o‘zbek kitobxonini bir qadar go‘l yoki bo‘lmasa, allaqachon kitobxonlikdan, adabiyot mutolaasidan uzoqlashganga chiqarib qo‘ygandirlar? Agar haqiqatdan ham shunday bo‘lsa, hikoyanavisimiz bir muncha shoshilgan, adashgan ko‘rinadilar. Negaki, inson zakovati, ma’naviyatini yuksaltiruvchi vositalar har qancha zamonaviylashmasin, baribir kitob va kitob mutolaasi inson ma’naviy hayotida beqiyos o‘rnini yo‘qotmagan va yo‘qotmaydiyam. Chunki hech bir narsa (hatto eng aqlli kompyuterlar ham) inson ongining shakllanishida kitobchalik, adabiyotchalik mavqega ega bo‘lolmasligi mumkin. Ushbu fikrlarni o‘qigan gazetxon, balki hikoyalar syujetida o‘xshashlik bo‘lgandir, aslida muammo u qadar chalkash emasdir degan mulohazaga bormasligi uchun va, albatta, maqola mualliflarining iddaolariga shubha qoldirmaslik maqsadida to‘rtala hikoyadan ayni bir-birini takrorlagan jumlalar, dialoglardan iqtiboslar keltirishni ham lozim ko‘rdik.
Dastlab «Elizabet» hamda «Baxtsiz qiz»dan ko‘chirmalar keltiraylik. Bunda avval Greyst Ogoti hikoyasidan olingan iqtibosning ayni «egizagi»ni uning tagidan keltiramiz va bu bilan hikoyalardagi nafaqat syujet va mazmun, balki qahramonlar dialoglari ham U.Shamsimuhammedov tarjimasidan shundoq, ko‘chirib qo‘yilganligini ko‘rsatishga harakat qilamiz. 1.«— Bu Jimboning kotibasimi?» «— Bu Xurshid Shodievichning yangi kotibasimi?» 2. «Elizabet ichkariga mo‘ralab qo‘ydi». «Munisa boshliqning xonasiga mo‘raladi». 3. «Qiziq bu joyda u qancha ishlarkan? Hozirgi idora yarim yil ichida ishlayotgan uchinchi joyi edi». «Qiziq, bu joyda u qancha ishlar ekan? Hozirgi ish joyi bir yil ichidagi to‘rtinchisi». 4. «Aftidan, to‘g‘ri keladigan ayolning ketidan yuradiganga o‘xshamasdi». «Uning nazarida boshliq to‘g‘ri kelgan ayolning ketidan ergashib yuradiganlarga o‘xshamasdi». 5. «Dushanba kuni janob Jimbo huzuriga istarasi issiq bir ayol keldi. Liz bu ayolni qaerda ko‘rganini eslolmaydi. Sarvqomat, kelishgan bu bug‘doyrang ayol sochini ajoyib turmaklab olgandi». «Ertasi kuni Xurshid Shodievichning huzuriga tannoz bir ayol keldi. Munisa bu ayolni qaerdadir ko‘rganday bo‘ldi, lekin eslolmadi. Sarvqomat bu ayol sochini ajoyib tarzda turmaklab olgandi». 6. «— Ha, majlis bo‘layapti. Ismingiz nima? Men ichki telefon orqali aytaman». «— Ha, yig‘ilish bo‘layapti. Ismingizni ayting, juda zarur bo‘lsa ichki telefon orqali aytaman». 7. «— Uning xotiniman». «Men uning xotiniman». 8. «— Sizni qaerda ko‘rganim endi esimga tushdi, — bo‘lmadagi suratda ko‘rgandim. O‘tiring, Jimbo xonim. Hozir kelganingizni xabar qilaman». «Sizni qaerda ko‘rganimni endi esladim. Xurshid Shodievichning stolidagi suratda ko‘rgandim. O‘tirib turing, hozir kelganingizni xabar qilaman». 9.«U AQSh ga ketgan yigiti haqida o‘ylab xo‘rsinib qo‘ydi». «U Amerikaga o‘qishga ketgan yigiti haqida o‘ylab, xo‘rsinib qo‘ydi». 10. «Kechqurunlari idorada yolg‘iz qolish qo‘rqinchli edi. Ammo Liz Jimbo qo‘lida zo‘r ishonch bilan ishlar, ser qizga yaxshi muomila qilardi». «Kechqurunlari ishxonada yolg‘iz qolishi qo‘rqinchli edi, ammo Munisa Xurshid Shodievichning qo‘lida zo‘r ishonch bilan ishlardi». 11. «— Bunday bemahalda yolg‘iz o‘zingizni jo‘natishga ko‘nglim bo‘lmayapti. Ammo o‘z xizmatimni taklif qilishga ham jazm qilolmayapman. Tuhmatga qolishingiz ham hech gapmas. Sizning kelajagingiz porloq. Nomingizga dog‘ tushira ko‘rmang». «— Shunday bemahalda yolg‘iz o‘zingiz ishlashingiz yaxshi emas. Sizni kuzatib qo‘yishni jazm qilolmayman. Tuhmatga qolishingiz ham hech gapmas. Sizning kelajagingiz porloq, nomusingizga dog‘ tushirmaslik kerak». 12. «— Yo‘q, sizni uyingizga kuzatib qo‘yish uchun keldim». «— Yo‘q, sizni uyingizga kuzatib qo‘yish uchun keldim». 13. «Liz uning iltimosini qaytarmoqchi bo‘ldi. Janob Jimbo bir odamgarchilik yuzasidan aytayapti, deb o‘ylagan edi». «Munisa uning iltimosini qaytarmoqchi bo‘ldi. Boshliq shunchaki, odamgarchilik yuzasidan aytayapti, deb o‘yladi». 14. «U shirinsuxan boshlig‘iga beodob ko‘rinmaslikka harakat qildi. Ammo qiz xo‘jayinining o‘z aytganida turib olganidan bir oz hadiksirar edi». «U shirinsuxan boshlig‘iga beodob ko‘rinishni istamadi. Lekin u boshlig‘ining o‘z aytganidan qolmaganidan hadiksirardi». 15. «— Qizalog‘im, sizdan xursandman. Bu yerga kelganingizdan beri hamma narsa o‘zgarib ketdi. Ko‘p narsalar yaxshi kotibaga bog‘liq ekan». «— Men sizdan xursandman. Kelganingizdan beri hamma narsa o‘zgarib ketdi. Ko‘p narsa yaxshi kotibaga bog‘liq ekan». 16. «Ser qizga yeb quyguday tikilar edi». «Boshliq Munisaga yeb qo‘ygudek tikilardi». 17.«Liz g‘alati bo‘lib, nafasi tiqila boshladi». «U g‘alati bo‘lib, nafasi ichiga tiqila boshladi». 18. «Ser, ketishimga ruxsat bering, iltimos. Men unashilganman. Xotiningiz bolalaringizni o‘ylang». «— Menga ketishga ruxsat bering. Meni baxtiqaro qilmang. Xotiningiz, bolalaringizni o‘ylang». 19.«— Bo‘ldi o‘zingni bos, ovozingni eshitib qolishlari mumkin...» «— Bo‘ldi o‘zingni bos, ovozingni eshitib qolishlari mumkin...» 20. «Qiz undan qochib ... eshik oldiga bordi ... ser uni ushlab divan tomon sudradi». «Munisa qo‘rqqanidan eshik oldiga bordi. Boshliq uni ushlab divan tomon sudradi». 21. «U qishlog‘idagi uyini, katta, ahil oilasini sog‘indi». «U qishlog‘idagi uyini, katta, ahil oilasini sog‘ingandi». 22. «Shu payt Liz to‘satdan Jimboxonimning ko‘rinishini eslab qoldi. U ayol birinchi marta esiga tushishi edi... Baxtli hayotdan xursand, biror bir kamchiligi yo‘q...» «Munisa to‘satdan Xurshid Shodievichning xotinini eslab qoldi. U baxtli hayotdan mamnun». 23. «Jimbo eshikni ochib gandiraklab ketdi. Liz qizil sharfga osilgancha jon bergandi». «Hujra eshigini ochdiyu gandiraklab ketdi. Munisa o‘zini osib qo‘ygandi».
Endi «Yomg‘ir» hamda «Yomg‘irli kundagi ilinj» hikoyalaridagi o‘xshashliklarga e’tibor qiling. 1. «Yomg‘ir shalobba qilgan ko‘chalarga qizil, sariq neon chiroqlar tushib xira miltiraydi». «Yomg‘ir shalobba qilgan ko‘chalarga tungi yoritgich chiroqlarning qizil, sariq nurlari tushib xira miltiraydi». 2. «Baland oshxona binosi yomg‘ir va tuman pardasi ortidan arang ko‘rinadi». «Yomg‘irning qalin pardasi ortidan oshxona binosi arang ko‘rinib turadi». 3. «Magazinning ichi qovurilgan baliq va xaridorlarning ter hidi, yengil-boshlaridan ko‘tarilayotgan hovurdan dimiqib ketgan». «Oshxona ichi qovurilgan baliq, go‘sht ... va xo‘randalarning egni-boshidan ko‘tarilayotgan hovurlar bilan aralash-quralash bo‘lib, dimiqib ketgandi». 4. «Terga botgan ko‘ylakchan Solli jig‘ibiyron so‘kinardi». «Terga botgan ko‘ylakchan Abdulla jig‘ibiyroni chiqib yordamchilarini so‘kardi». 5. «Hoy yaramas, eshikni yopsangchi, nima balo chaylada yashaysanmi?» «Hoy qiltiriq boboy, tezroq eshikni yopsang-chi, nima balo sen eshiksiz kulbada yashaysanmi?!» 6. «— Jin ursin bunaqa ob-havoni, — uning gapini maqullab qo‘ydi qotma, feskali bir malayalik». «— Jin ursin bunaqa ob-havoni, — deb uning gapini maqulladi cholning yonidagi stolda sigaret chekib o‘tirgan, qotmadan kelgan odam». 7. «Juvon hadeganda eshikni yopolmay, oxiri bilchillab yotgan qirindiga oyoq bosdi». «Qiz hadeganda eshikni yopolmay, oxiri bilchillab yotgan yo‘lakka oyoq bosdi». 8. «— Kinoning seansi qachon tamom bo‘lishini bilmaysizmi? — so‘radi yangi kirib kelgan ayol». «— Kechirasiz, kinoning seansi qachon tamom bo‘lishini bilmaysizmi? — deb birdan Abdulladan so‘rab qoldi qiz». 9. «— Nima, men kinoning adminstratorimanmi?» «— Qayoqdan bilay, nima men kino qo‘yadigan odammi?» 10. «— O‘n yarimda, — dedi malayalik yigit iltifot ko‘rsatib». «— Sakkiz yarimda tugaydi, — dedi boyagi yigit qizga iltifot ko‘rsatib». 11. «— Yomg‘ir yog‘ayotganini ko‘rib turibman, lekin bu yerda xaloskor armiya joylashgan emas». «— Yomg‘ir yog‘ayotganligini ko‘rib turibman, lekin bu yerda xaloskorlar guruhi joylashgan emas». 12. «...bu do‘kon qancha yillardan beri Solliga qarasa, shu yillar ichida u eshitmagan haqoratlar qolmadi hisob». «Bu oshxona qancha yillardan beri unga qarashli bo‘lsa-da, shu yillar ichida u bu yerda eshitmagan haqoratlari qolmadi hisob». 13. «Solli hammasiga e’tibor bermay, chidab kelardi, ammo bunday deb chaqirishlarini birinchi marta eshitishi edi». «U hammasiga e’tibor bermay chidab kelardi, lekin uni bunday chaqirishlarini birinchi marta eshitishi edi». 14. «— Gapirmaysami? E, menga desa tiling tanglayingga yopishib qolsin-e...» «— Gapirmaysanmi? Gapirmasang tiling tanglayingga yopishib qolsin menga desa...» 15. «Siena Jozef tobora sovib-uzoqlashib ketayotganini his etsa ham qo‘lidan hech narsa kelmas edi». «Malika Sulton o‘zidan tobora sovib-uzoqlashib ketayotganligini bilsa ham qo‘lidan hech narsa kelmasdi». 16. «Siena deraza ortidagi qorong‘ulikka yana ham qattiqroq tikila boshladi». «Malika deraza ortidagi qorong‘ulikka yana ham qattiqroq tikildi». 17. «Juvon Solliga yo‘l-yo‘lakay minnatdorchilik bildirib eshik tomon yurdi». «Malika yo‘l-yo‘lakay Abdullaga minnatdorchilik bildirib eshik tomon yurdi». 18. «Ammo Jozef ko‘rinmaydi. Ayolning qalbi vayron bo‘ldi». «Ammo Sulton ko‘rinmasdi. Qizning dili vayron bo‘ldi». 19. «Olomon siyraklashib, kinoteatr oldida bir gypyh daydilargina qoldi». «Ko‘chada odamlar siyraklashib kinoteatr oldida bir guruh daydi, bezori bolalar qoldi».
Endi o‘zingiz insof bilan ayting-chi, maqola davomida ta’kidlaganimiz kabi F.Abdullayev nufuzli gazetaga berib yuborgan mazkur har ikki hikoyasi uchun mualliflik da’vosini qilishga, «Bu hikoyalar aslida mening ijodim mahsuli», deyishga haqlimikan? Agar kitob tarjimoni U.Shamsimuhammedov hayot bo‘lsalar, bu savolga balki o‘zlari izoh berib o‘tardilar. O‘tgan asrning 70 — 80 yillarida e’lon qilingan nainki yangi qissa yoki roman, hatto kichikroq hikoyalar ham adabiyotimizda voqelik sifatida kutib olinar, ba’zan ko‘zga ko‘ringan adiblarimizning-da hikoyalari chop etilgach matbuotda uzoq bahsu munozaralar bo‘lar, adabiyotshunoslar, tanqidchilar tomonidan munosabat bildirilardi. Endi-chi? Adabiyot, san’at, madaniyat sohasida erishilayotgan yutuqlarimiz qatorida bu ulkan ma’naviyatimiz gulshanidagi g‘yborlar haqida nega kam gapirilmoqda. Adabiyot maydoni «sanitar»lari hisoblanmish adabiy tanqidchilarimiz nega jim? Zero, F. Abdullayevga o‘xshash «yozuvchilar» ham shu andishaning «mevalari»ga o‘xshab ketadilar chog‘i. Yomon mevaning esa urug‘i ko‘p bo‘ladi, deyishadi. Shu ma’noda ajabmaski, F.Abdullayevga o‘xshash biz bilmagan yana qancha «yozuvchilar» o‘z ijod namunalari bilan kitobxonlarni aldab yurgan bo‘lsalar?! «Yomg‘irli kundagi ilinj» hamda «Baxtsiz qiz» hikoyalari esa yuzlab ana shunday hikoyalardan biz ilg‘ab olgan ikkitaginasi xolos.
Ne’mat Yo‘ldoshev, tadbirkor, Erkin Muqimov, O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi. Davron Oripov, «Hurriyat» muxbiri