Xazonni yoqmang 12/11/2006 12:31:43print versiya O‘lkamizda xazonrezgi fasli. Dov-daraxtlar bargi ko‘cha-kuyni, yo‘lka va xiyobonlarni qoplagan. To‘g‘risini aytganda, bugun shahrimiz obodonlashtirish idoralari xodimlarining ishi har qachongidan-da ortgan. A gar e’tibor bersangiz, kunning istalgan vaqtida ular yerdagi xazonlarni to‘plab, maxsus avtotransport vositalariga yuklashayotganiga guvoh bo‘lasiz. “O`zbekiston ovozi” gazetasining xabar qilishicha, ayni damda ba’zi ko‘cha va aholi turar joylarida xazon yoqish holatlariga tez-tez duch kelayapmiz. Bugun poytaxtimizda bunday noo‘rin ish qilinayotganini ko‘rib, beixtiyor yoqa ushlaysan. Axir, o‘sha tutundan chiqayotgan zaharli havodan bolalar bog‘chasi, maktab, oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan farzandlarimiz, shahrimiz mehmonlari, qolaversa, o‘zimiz nafas olamiz-ku. Bunday ishga qo‘l urayotganlar odamlar sog‘lig‘ini o‘ylamaydilarmi? Yoki bu qilmishlarining oqibati qanday noxushliklarga olib kelishi haqida tasavvurga ega emaslarmi? Mutaxassislarning aytishicha, xazonni yoqqanda undan o‘nlab turdagi zaharli gazlar ajralib chiqarkan. Bu esa insonning nafas yo‘llariga, qolaversa, butun jismiga ham jiddiy putur yetkazishi mumkin. — Shu yil 10 sentabrdan 10 oktabrga qadar poytaxtimizda «Toza havo oyligi» o‘tkazildi, — deydi Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi nazorat bo‘limi noziri Dildora Sultonova. — Xazonrezgi davrida tuman hokimliklari va obodonlashtirish boshqarmalari bilan hamkorlikda xazonlarni yig‘ishtirish hamda yoqishni oldini olish bo‘yicha bir qancha tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, mutaxassislarimiz ommaviy axborot vositalari orqali chiqish qilib turishadi. Lekin shunga qaramasdan ba’zi hollarda xazon yoqqanlarga, ona-tabiatga zarar yetkazayotganlarga duch kelayapmiz. Ularga nisbatan zarur choralar ko‘rishimizga qaramasdan kutilgan natijalarga erishishimiz qiyin kechmoqda. Amaldagi qonunlarimizga muvofiq, xazonlarni yoqayotganlarga nisbatan yakka tartibdagi shaxslarga eng kam ish haqining 3, mansabdorlarga esa 10 baravargacha jarima solinmoqda. — Bu yilgi mavsumga tayyorgarlikni yil boshidan boshlaganmiz, — deydi Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Saidumar Aglayev. — To‘kilgan xazonlarni yig‘ib olish uchun tuman boshqarmalarimizga 2 tadan traktor va 8 tadan pritsep ajratildi. Bu yil bu ishga har yilgidan ko‘proq ishchi kuchi jalb etilib, har bitta tumanda yig‘ilgan xazonni kompos qilish uchun maxsus chuqurlar qazildi. Xodimlarimiz orasida ham keng tushuntirish ishlari olib bordik. To‘g‘ri, bu muammoni o‘zimiz to‘la hal etolmaymiz. Bu ishda mahalla fuqarolar yig‘inlari, tashkilot va idoralar, keng jamoatchilik yordamiga muhtojmiz. Hech bo‘lmaganda, to‘plangan xazonni yoqish sog‘lig‘imiz uchun xavfli ekanligini aholiga tushuntirishda yordam berishsa, yaxshi bo‘lardi. — Shahrimizni obod qilish har birimizning muqaddas burchimiz, — deydi Yunusobod tumanidagi «Turkiston» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Omon Nurxo‘jayev. — Mening nazarimda, ekologik tarbiyani biz oiladanoq boshlashimiz zarur. Shu o‘rinda yana bir gap. Ba’zan daraxtlardan kesilgan shox-shabbalar yoqib yuboriladi. Aynan biz keraksiz, deb o‘t qo‘yayotgan yog‘ochlarga mebel ishlab chiqarayotgan korxona va firmalarda ehtiyoj katta. Ularni yoqib yuborib, tabiatga ziyon yetkazgandan ko‘ra, o‘sha korxonalarga topshirib, daromad qilish mumkin-ku axir. Bozor iqtisodiyoti sharoitida qo‘shimcha mablag‘ hech kimga ortiqchalik qilmasa kerak. Eng yomoni, xazon yoqilgan tutundan nafas olish sog‘lig‘imiz uchun zararli ekanligini bila turib, ko‘pchiligimiz shuni qilamiz. Ochiqroq aytganda, bu ishda avvalo, o‘zimizni tarbiyalashimiz zarur. Axir, xalqimiz bejiz «qush uyasida ko‘rganini qiladi», demaydi-ku... Xulosa qilib aytganda, xazon yoqib atrof-muhitga ziyon-zahmat yetkazayotganlar bir narsani unutmasliklari lozim: o‘z uyimiz, yashab turgan mahallamiz, ko‘chamiz, shahrimizning ozodaligi, havosining sofligi har birimiz uchun juda muhimdir. Unga tajovuz qilish esa ko‘ra-bila turib qilingan jinoyat bilan barobar. Shunday ekan, yuqoridagi kabi noxush ishga qo‘l urayotganlar uning og‘ir oqibatlarini bir bor o‘ylab ko‘rsalar yaxshi bo‘lardi.
|