— Muammolar juda ko‘p. Asosiy muammolardan biri yaratilayotgan asarlarga ommani qiziqtira olishdan iborat. Fikrimcha, har bir ko‘rgazma OAV orqali yanada kengroq yoritilishi lozim. Ijodkorlar oldidagi muammo esa asar mavzusini to‘g‘ri tanlash, shu orqali hissiyot va tushunchalarini tomoshabinga yetkazish va o‘z asarlari bilan xalq madaniy hayotida ijobiy tomonga siljish qilishdan iborat...
Akmal Ikromjonov 1952 yil Toshkent shahrida tavallud topgan. 1970 yil P.P.Benkov nomidagi rassomchilik bilim yurtini, 1977 yili esa Repin nomidagi Leningrad rassomchilik, haykaltaroshlik va arxitektura institutini tugallagan. 1977 yil — O‘zbekiston Badiiy akademiyasining akademigi. 1998 yil — O‘zbekiston xalq rassomi.
— Tasviriy san’at: kecha va bugun. O‘zgarishlar, yuksalishlar nimalarda namoyon bo‘ladi? — Tasviriy san’at doimo rivojlanib, targ‘ib qiladigan g‘oyalari hamisha o‘zgarib kelgan. Sobiq Ittifoq davrida tasviriy san’atning siyosiy g‘oyalar targ‘iboti bilan shug‘ullanganligidan ko‘pchiligimiz xabardormiz. O‘sha vaqtlari sotsrealizm iborasi mavjud edi. Ya’ni tasviriy san’atda zamonaning ijobiy taraflarini ko‘rsatib berilishi talab qilinardi. Lekin bu bilan tematik asarlar umuman yaratilmagan demoqchi emasman. Erkin mavzudagi asarlar har qanday tuzumda ham ijod qilinadi. Keyingi yillarda esa tasviriy san’atda o‘ziga yarasha ozodlik paydo bo‘ldi. Buni ochiq e’tirof etish kerak. Har bir rassom turfa xil yo‘nalishlarda ijod qila boshladi. Shu vaqt ichida ko‘pgina musavvirlar o‘z yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Bu esa tasviriy san’atning rivoji yo‘lidagi eng asosiy omillardan biri hisoblanadi. — Demak, zamonaviy rangtasvirimizda muammolar yo‘q, shundaymi? — Muammolar juda ko‘p. Asosiy muammolardan biri yaratilayotgan asarlarga ommani qiziqtira olishdan iborat. Fikrimcha, har bir ko‘rgazma OAV orqali yanada kengroq yoritilishi lozim. Ijodkorlar oldidagi muammo esa asar mavzusini to‘g‘ri tanlash, shu orqali hissiyot va tushunchalarini tomoshabinga yetkazish va o‘z asarlari bilan xalq madaniy hayotida ijobiy tomonga siljish qilishdan iborat. — Har bir ijodkorning o‘z uslubi bor. Shu orqali u o‘z o‘y-fikrlari, kechinmalarini namoyon qiladi. Aynan siz asarlaringizda tomoshabinni nimalarga undaysiz? — Har bir san’at asari o‘zidan nur taratib turishi kerak. Ya’ni asar insonlarga ijobiy ta’sir etishi lozim. Go‘zallikni ko‘ra bilishga undashi darkor. Biror asar yaratishdan avval rassom o‘z oldidagi maqsadini aniq belgilab oladi. Asar ranglari jilosidagi tasvir g‘oyani ramziy ma’noda ifodalaydi. Tomoshabin men yaratgan asarlarni ko‘rganidan so‘ng atrofga boshqacha ko‘z bilan qarashini istardim. — Ijodga endi qadam tashlagan paytlaringiz sizni ko‘pchilik avangard yo‘nalishida chizgan suratlaringiz bilan tanishgan ekan. Keyingi vaqtlarda ushbu yo‘nalishga biroz kamroq murojaat qilmoqdasiz? — Ijodkor borki, o‘z ijodiy faoliyati davomida bir qator yo‘nalishlarga murojaat qiladi. Bu tabiiy. Avangard yo‘nalishi ilgarilari yopiq mavzu edi. Shuning uchun ko‘plab rassomlarning shu yo‘nalishga qiziqishlari yuqori bo‘lgan. Men ham o‘z fikrlarimni avangard uslublarida ifoda etishga harakat qilganman. Lekin ijodkor ruhiyatida vaqt o‘tishi bilan, zamona zayli tufayli turli o‘zgarishlar sodir bo‘lar ekan. 1990-92 yillar men uchun tarixga qiziqish davri bo‘ldi. Portret san’atiga ma’naviy ehtiyoj seza boshladim. Ko‘plab portret asarlarimni o‘sha yillari ishlaganman. Lekin shu bilan bir qatorda kubizm, syurrealizm, abstraktsionizm yo‘nalishlarida yaratilgan asarlarim ham bor. — Ko‘pchilikni qiziqtiradi: siz natyurmort janriga bot-bot murojaat qilgansiz. Natyurmort ijodingizda boshqalarnikidan farqli o‘laroq ko‘makchi emas, yetakchi janr darajasiga ko‘tarilganini ko‘rish mumkin. Buning o‘ziga yarasha sabablari bordir? — Aksariyat rassomlar natyurmortni ranglarni boyitish uchun yaratishadi. Men bu fikrga qo‘shila olmayman. Chunki mening ijodimda bunday asarlar o‘ziga yarasha salmoqli o‘rinni egallaydi. Yaratilgan har bir natyurmort o‘zga bir dunyo. Undagi predmetlarni asar sifatida ko‘rsata bilish ijodkor uchun katta baxt. Har bir predmetning o‘z jilosi, formasi, plastikasi bor. Ularni bir joyga jamlab kompozitsiya yaratish murakkab jarayon. Natyurmort orqali har bir predmetning go‘zalligi tomoshabin uchun yana bir bor namoyon bo‘ladi. — Ijodingizning bir qirrasi natyurmort asarlarda ko‘rinsa, boshqa bir qirrasi mahobatli rangtasvirda ko‘zga tashlanadi. — Bilim yurtida dastgohli rangtasvir yo‘nalishida tahsil olganman. Mahobatli rangtasvirda 80-yillardan beri rasmlar ishlab kelaman. Hozirgi kungacha O‘zbekiston tarixi muzeyidan “Gullayotgan vatanim”, Oqsaroydan “Lolazor”, Senat binosidan “Diyorimda bahor” kabi mahobatli rangtasvir yo‘nalishida yaratilgan asarlarim o‘rin olgan. Bundan tashqari ko‘plab boshqa inshootlarga mahobatli rangtasvir asarlarini yaratishda ishtirok etganman. Lekin aslida menga dastgohli rangtasvir yo‘nalishida rasmlar chizish ko‘proq yoqadi. Chunki bu jarayonda asarning har bir nuqtasi ustida faqat o‘zim ishlayman. — Inson yomon kayfiyatda ijod bilan shug‘ullansa, uning ruhiyatidagi salbiy holatlar bevosita asarida namoyon bo‘ladi, deyishadi. Sizning qanday kayfiyatda bo‘lishingizning ijodga ta’siri bormi? — Kayfiyat yomon vaqtda ijod bilan shug‘ullanish kerak emas. Bunday vaqtda yaratilgan asarlar pessimistik ruhda bo‘ladi. Tomoshabinning tushkun kayfiyatiga sabab bo‘lib qolishi mumkin. Shuningdek, asardagi g‘oyani to‘liq tushina olmaslikka olib keladi. Bu esa asarga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Yaxshi kayfiyatda yaratilgan asarlar ko‘tarinki ruhda bo‘ladi va nazari tushgan har bir kishiga o‘z kayfiyatidan in’om qiladi. — Pessimistik ruhda suratlar ishlamaslik kerak deb hisoblaysizmi? — Yomon asarlarning kimga keragi bor? Har bir tasviriy san’at asari insonni ezgulikka chorlashi darkor. Undagi ranglar koloriti qanday bo‘lishidan qat’i nazar maqsadni aniq ifodalab, tomoshabinni o‘ziga jalb etib turishi lozim. Ana shundagina asar muvaffaqiyatga erishadi. — Navbatdagi shaxsiy ko‘rgazmangizdan muxlislaringiz qachon bahramand bo‘lishadi? — Shu yilning noyabr - dekabr oylarida Moskva shahrida shaxsiy ko‘rgazmamni o‘tkazish niyatim bor. Hozirda ana shunga tayyorgarlik ko‘ryapman. Ko‘rgazmada ko‘plab yangi asarlarim namoyish etiladi. Shahzod SHOMANSUROV suhbatlashdi