Пт, 2024.11.15, 07.43
SITE LOGO

 

Меню сайта
Разделы новостей
Habarlar
Maktublar
She'rlar
Hikoyalar
Latifalar
Maqolalar
Kim? qachon? Qaerda?
G'oya mualiifi Maryamjon Bobojonova
Календарь новостей
«  Ноябрь 2006  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
27282930
Поиск
Друзья сайта
Статистика
Наш опрос

Saytimizni baholang

[ Natija · Arkhiv ]

Javoblar: 247
Главная » 2006 » Ноябрь » 2 » Sovet davri qatag'onlarida mahalliy rahbarlar ham faol qatnashgan
Sovet davri qatag'onlarida mahalliy rahbarlar ham faol qatnashgan
12.29
Sovet davri qatag'onlarida mahalliy rahbarlar ham faol qatnashgan
Gulchehra Murodali
Toshkent
15/10/2006



O’zbekistonda sobiq sovet davri qatag’onlari haqida mulohaza yuritilganda asosan Iosif Stalin nomi tilga olinadi. Ko’pincha “Stalin davri qatag’onlari” iborasi qo’llanadi.

Biroq ba’zi tarixchilar sovet davridagi ommaviy qatllarning g’oyaviy muallifi Vladimir Il’ich Lenin deb hisoblaydi. Stalin davri qatliomida nafaqat oddiy odamlar, balki tuzumga vafodor rahbarlar ham shafqat qilinmagan.

Mehnatkash xalq himoyachisi hisoblanmish bolsheviklar tuzumi boshidanoq qatag’on siyosatiga asoslangan. Qatag’on siyosati Stalin shaxsi bilan bog’lanadi, lekin unga Lenin asos solgan, deydi tarixshunos Qahramon Rajabov.

“Bu Lenin tomonidan ishlab chiqilgan uslub edi. Leninning qanday davlatni boshqarish haqidagi g’oyalarini, fikrlarini faqat Stalin amalga oshirdi. Va hatto bu qatag’on Stalinning o’limidan keyin ham to’xtab qolgan emas. Bizda ham hozir ayrim tarixchilar o’rtasida yanglish tushuncha bor. Go’yoki bu qatag’onlarda faqatgina Stalin aybdor. Men bu yerda Stalinni mutlaqo oqlash fikridan yiroqman. Lekin bu qatag’onlar o’sha sotsial tuzum, ya’ni sovet rejimining mahsuli bo’lgan. Bu tuzumga esa Lenin asos soldi, Stalin uni dahshatli ravishda rivojlantirdi”, - deb hisoblaydi Qahramon Rajabov.

Mutaxassislarning so’zlariga qaraganda, O’zbekistonda amalga oshirilgan qatag’on siyosatida ayrim mahalliy rahbarlar faol qatnashgan. 1925 yilda O’zbekiston Kompartiyasi kotibi, 1927 yildan respublika Kompartiyasining birinchi kotibi vazifalarida ishlab, 1938 yilda sovet tuzumi dushmani sifatida qatag’on etilgan Akmal Ikromov bunga misol bo’la oladi. Mahalliy xalq vakillarini qatag’on qilishda uning ham qo’li borligi tarixiy haqiqat.

Bu haqda Qahramon Rajabov shunday deydi:

“1923 yilda Moskvada bo’lib o’tgan RKP (Rossiya kommunistik partiyasi) Markaziy komiteti milliy respublikalar, viloyatlar rahbarlarining mas’ul kengashida Stalin Turkiston respublikasi va Buxoro respublikasi rahbarlarini tanqid qilganda, nafaqat Fayzulla Xo’jayev va boshqalarni, Turor Rizqulovlarni tanqid qiladi. O’sha yerda ham u Akmal Ikromovni tanqid qilib, shunday savol tashlaydi: “Mana siz aytayapsiz, hozirgi paytda sovet hokimiyati noto’g’ri ish olib borayapti, bosmachilar to’g’ri ish qilyapti, deb. Unda nega siz bosmachilarga o’tib ketmaysiz?” Biz mana shu mulohazalardan ham ko’ramizki, Akmal Ikromov aynan o’sha 1924 yillargacha hali o’zining milliy g’oyalaridan, Turkiston manfaatlaridan voz kechmagan edi. Lekin 1925 yildan, ya’ni O’zbekiston SSR tashkil topgandan keyin Akmal Ikromov siyosiy faoliyatida tubdan burilish yuz berdi. Bir paytlar Fitratning shogirdi sanalgan, Fitratni izchil himoya qilgan odam keyinchalik Munavvar qoriga, Fitratga qarshi turli yig’ilishlarda nutqlar so’zlaganligining guvohi bo’lamiz va mana bu holatlarda biz Akmal Ikromovning qismatini, uning ma’lum ma’noda fojeasini ham tushunishimiz mumkin.”

Sovet davri o’zining murakkabligi, ziddiyatliligi bilan ajralib turadi. O’zbekistonliklarning Stalin davri siyosatiga munosabati ham turlicha. Xalqaro Amnistiya tashkiloti a’zosi Mo’tabar Ahmedova bu davrda tuzumga xizmat qilganlarning qatag’onga uchrashini adolatli, deb hisoblaydi.

“O’sha paytda ham davlat tepasiga kelganlar yana yerlarni, mulklarni bo’lib ola boshladi. Odamlar gapiga qaraganda, 1936 yilga kelganda xalqning yashash turmushi nihoyatda yaxshi darajada bo’lgan. Stalin xalqni shu iqtisodiy bo’hrondan, shu siyosiy bo’hrondan olib chiqa oldi. Kim buzyapti bu narsani? Oylab ko’rsa, mahalliy hokimlar. Ana shuning uchun Stalin birinchi bo’lib endi nima qilish kerak, o’sha yuqori lavozimdagilarning hammasini tozalash kerak, degan xulosaga kelgan. Qatag’onning boshida xalq o’sha mahalliy rahbarlar tomonidan qatag’on qilingan. 1936 yilning oxiri, 1937 yildan boshlab mahalliy rahbarlarning qatag’on qilinishi, saroy shoirlari, saroy ziyolilarining qatag’on qilinishini men juda to’g’ri deb topaman,” - deydi Mo’tabar Ahmedova.

Biroq ba’zi mutaxassislarning ta’kidlashicha, O’zbekiston hukumati qatag’onlarni yoqlamagan. 1920 yillar o’rtalarida 18 nafar rahbardan iborat “O’n sakkizlar guruhi” nomli muxolifat bunga misol tarzida keltiriladi.

“O’n sakkizlar guruhi”ning asosiy maqsadi - O’zbekiston va boshqa respublikalar ustidan o’sha paytda Toshkentda faoliyat ko’rsatgan RKPB Markaziy Komiteti O’rta Osiyo byurosining hukmronligini to’xtatish edi. 1930 yillarning boshlarida O’rta Osiyo respublikalarining rahbarlari Fayzulla Xo’jayev, Akmal Ikromov va hatto Turor Rizqulov, Abdullo Rahimboyev (Tojikiston hukumatining boshlig’i), Qyg’us Otaboyev (Turkmaniston hukumatining boshlig’i) mana shunday yashirin milliy markaz tuzib, beshta respublikani SSSR tarkibidan ajratib mustaqil bir davlat holida, ya’ni Turon yoki Turkiston degan davlat holida ko’rish haqidagi fikrlari bo’lgan,” - deydi tarixshunos Qahramon Rajabov.

O’sha davrda nafaqat oddiy xalq, balki sovet tuzumi taraqqiyotiga ishongan, unga chin dildan xizmat qilgan rahbarlar ham qatag’on iskanjasidan omon qolmagan.

“Burxonxo’jayev A’zamxo’ja 1937 yilgi qatag’on qurboni. Moliya vaziri bo’lgan, rahmatli. Akmal Ikromovlardan keyin bularni olib chiqib ketishgan. U paytda hamma bizlarni “xalq dushmanining bolalari” deb chetlatib, o’qishdan haydab, maktabga kiritmagan. Keyin 1956 yilda Moskvadan xat kelganki, 1942 yilda arterioskleroz bilan o’lgan deb.”

Tarixshunos olim Sirojiddin Ahmedov:

“Sho’rolar hukumati o’zi voyaga yetkazgan kishilar bor. Moskva, Leningradda ta’lim olib kelgan shaxslar, siymolar bor. Masalan, Botu, Oltoy, Saidahmad Nazirov kabi. Xalq Maorifi komissarligida ishlashgan. Mana bu kishilar nohaq, adolatsiz ravishda to’qima, yolg’on ayblar bilan qatag’on qilingan. Bularning ishi bilan tanishar ekanman, sho’ro hukumatining siyosatiga qarshi olib borgan zarracha aybini ko’rmadim. Ularning ustiga juda katta tuxmat-bo’htonlar ag’darilgan. Ular kaltaklangan, qiynoqqa tortilgan. Shularning evazigagina o’zlarini jinoyatchi hisoblaganlar. Lekin aslida ular hech qanday gunoh qilishmagan.”

Shifokor Dilbar Abdullayeva:

“Otam Sog’liqni saqlash ministri bo’lgan, Abdullayev Karim. 1937 yili avgustda olib chiqib ketishgan ekan. Men onamning qornida qolganman. 33 yoshda bo’lganlar . Ular Samarqand universitetining birinchi rektori bo’lganlar. Undan keyin Sog’liqni saqlash ministri qilib ko’tarilgan. Xalq dushmani deb ayb qo’yilgan. 1939 yilda otildi deyilmagan, o’ldi deb Moskvadan qog’oz kelgan.”

Ba’zi mutaxassislar fikricha, davlat, partiya, armiya, xo’jalik rahbarlari, sud, prokuratura xodimlari Sovet hukumatiga xizmat qilgan bo’lsa ham ularning ko’pi o’zbek xalqining qo’li bilan shu xalqning qirilib ketishiga imkoniyat ochilganini anglashgan. Bu haqiqatni tushungan rahbarlar jazosiz qolmagan.

Категория: Maqolalar | Просмотров: 1087 | Добавил: Anahon | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]