Parijning qoq markazida joylashgan "Samarqand" restorani do'st-birodalar yig'ilib, bir piyola ko'k choy ustida suhbat quruvchi shinmagina maskan sifatida ko'pchilikning mehrini qozongan. "Jahon" AAning xabar qilishicha, bu yerga bir bor kelgan odam albatta yana keladi. Restoranda muntazam ravishda turli xil yig'ilishlar, seminar va uchrashuvlar o'tkazib turiladi. Yaqinda esa bu yerda Fransiya Temuriylar davri tarixi va madaniyatini tadqiq qilish uyushmasi vakillarining uchrashuvi bo'lib o'tdi. 1988 yili tashkil etilgan mazkur tuzilmaning asosiy maqsadi – Amir Temur va uning zamondoshlari tomonidan qoldirilgan boy madaniy tarixni o'rganish. Ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish barobarida u Temuriylar davriga bag'ishlangan kitoblarni nashr etish va yevropaliklarni mazkur davr bilan yaqinroq tanishtirishga xizmat qiladi. Qirq nafar a'zoni birlashtirib turgan uyushmaga uning tashkilotchisi, professor Lyusen Keren rahbarlik qilmoqda. Amir Temurga bag'ishlangan ikkita kitob va o'nlab maqolalarning muallifi bo'lgan olim uyushma tomonidan nashr etiluvchi "Temuriylar" jurnalining bosh muharriri hamdir. "Samarqand" restoranida bo'lib o'tgan uchrashuv chog'ida L.Kerenning uchinchi kitobi - "Temur davrida Samarqandga sayohat" asarining taqdimoti bo'lib o'tdi. O'zA.
|