ochiq sonlar,yalang'och kindik va yirtiq yubkalar Ko‘cha-ko‘yda nega erkaklar yerga qarab yuradigan bo‘lib qoldi? Bu hammasi moda tufayli. Ko‘zingni ko‘tarishing bilan maykasi kindigidan ko‘tarilib, shimining tarangligidan hamma joyi bilinib turgan do‘ndiqchaga beixtiyor qarashga to‘g‘ri keladi. Yana yerga qarab yonidan o‘tib ketayotganingda modaparast moda maykasini kindigiga qarab ikki marta tortib ham qo‘yadi... Alloh taolo insonni juft-juft qilib yaratishi ajib bir hikmatdir. Juftlikdan muhabbat yaraldi. Muhabbatdan qalb yaraldi. Agar juftlik bo‘lmaganida na qalb bo‘lardi va na muhabbat! Xuddi shuningdek inson o‘z juftidan ajrab turishi uchun kiyimni kashf etdi. Juftlik bo‘lmaganida kiyim ham bo‘lmasdi, balki. Kiyimning birinchi vazifasi tanani yopish bo‘lsa, ikkinchisi qarama-qarshi juftdan ajralib turishdir. Ibtidoda kiyimlar ham oddiy edi... Keyinchalik inson kibrni kashf etdi. Shuning bilan kiyimlar ham o‘zgara bordi. Asta-sekin libosning funktsiyasi almashdi. Endi odamlar modaga qarab (ehtiyojga qarab emas) kiyina boshladilar. Har xil liboslar paydo bo‘ldi. Millatlar, xalqlar o‘z kiyimlarini tanladilar. Kimdir uzun, kimdir keng, kimdir tor, yana kimdir ... Afrikada bir qabila bor ekan. Ularning “madaniyati”da kiyinish degan tushuncha yo‘q ekan: qip-yalang‘och jamiyat... Bu faktni bekorga keltirganim yo‘q. Negadir taraqqiy etgan davlatlarning “aqlli” jamoalari o‘sha Afrikadagi qarindoshlari “madaniyatlari”ga tobora ergashmoqdalar. Yaqinda Avstraliyada yana o‘sha qip-yalang‘ochlar namoyishi bo‘lib o‘tibdi. Ular ko‘chalarda ham shunday yurishni targ‘ib qilishibdi. Yaxshiyam politsiyachilar bor ekan. Bo‘lmasa nima voqealar ro‘y berib ketardi... G‘arb jamiyatlarida kiyim tanani yopish vositasi emas, namoyish etish vositasi bo‘lib bormoqda. Inson istaganini amalga oshiryapti. U juda ko‘p narsalarni xohlayapti. Endi savol tug‘iladi: erkak erkakni, ayol ayolni xohlayotgan jamiyatlar uchun kiyimning nechog‘li ahamiyati bor ekan? Oddiydek tuyuladigan bu muammoni frantsiyalik Jan Martin degan olim shunday izohlaydi: “Agar Yevropada shunaqa holat davom etaversa, yaqin yillar ichida G‘arb juda katta ma’naviy bo‘xronga uchraydi. Yevropa erkaklari va ayollari bir-biridan to‘yib bo‘ldi. Ko‘cha-ko‘yda ham matbuot-jurnallar, televidenieda yalang‘och ayol va erkaklar bijg‘ib yotibdi. Ko‘chalarda behayo kiyingan ayollar hech kimni qiziqtirmay qo‘ydi. Erkaklar potentsiali aynan shu ayollar harakatlari orqali susayib bormoqda. Bunga Yevropa jamiyatlaridagi aholi ko‘payishining kamayib borayotgani misol bo‘ladi. Mana misol uchun, dunyodagi eng sovuqmijoz germaniyalik oilalarning 3/4 qismi farzandsiz o‘tmoqda. Bu holatni boshqa davlatlarda ham kuzatish mumkin. Endi erkak ayoldan, ayol erkakdan to‘ygandan so‘ng o‘z jinsiga nisbatan qiziqish ortmoqdaki, bunday besoqolboz va lezbian jamiyatlari tobora ko‘payib, o‘z tashkilotlari, qonuniy himoyalariga ega bo‘lmoqdalar. Albatta, inson huquqlari hamma narsada ustun. Lekin ma’naviy qadriyatlarimiz toptalishida inson huquqlarining ba’zi bandlari chetga surilsa yaxshi bo‘lardi. Hozirda Yevropa erkaklarining kamida 20 foizi impotentdir. Men bunga sabab qilib, behayo kiyingan ayollarni ko‘rsataman. Men xristianman. Lekin bu borada musulmonlar an’analarini hurmat qilaman. Chunki musulmon jamiyatlarida kiyinish, ayniqsa, ayollar kiyinishlari yaxshi tartibga tushirilgan. Shuning uchun ham musulmon jamiyatlarida aholi ko‘payishi kuchli, salomatlik darajasi ham normal darajada. Garchi inson huquqlariga to‘g‘ri kelmasa-da, kiyinishni tartibga tushirish kerak. Shundagina Yevropa tarixdagi muvaffaqiyatlariga yana erishadi”. G‘arblik olimning fikrlari bilan tanishdingiz. Bu holat Frantsiyadan boshqa davlatlarda ham kuzatiladi. Bir yil oldin, Angliyada erkaklar namoyishga chiqishdi. Ularning talablari ayollarning liboslari bilan bog‘liq edi. Hatto namoyishchilar erkak va ayollarning alohida transporti bo‘lishini ham talab qildilar. Chet-elni tahlil qilib chiqdik. Xo‘sh O‘zbekistonda ham bu muammo mavjudmi? Bu haqdagi fikrlarni o‘rganishga harakat qildik: Shohida, 24 yosh: — Tengdoshlarim menga ham nega shim kiymaysan, deyishadi. Men esa: ayol ayol kabi bo‘lmog‘i lozim deb aytaman. Farrux, 20 yosh: — Qizlarning hozirgidek kiyinishlariga qarshi emasman, ularga qarab zavq olaman. O‘zbeklarning boshqa millat qizlaridan nima kami bor? Ular ham “modniy” kiyinsalar boshqalarni ortda qoldiradilar. Abdug‘ani, 37 yosh: — Qizlarning hozirgi shim, miniyubka, tor kiyimlar kiyishiga qarshiman. Lekin... men ham 5-sinfda o‘qiyotgan qizimga shim sotib olib berdim. Bunga esa quyidagi voqea sabab bo‘ldi: bir kuni qizim maktabdan yig‘lab keldi. Nima bo‘ldi deb so‘rasam, dugonalari “Adang senga shim olib bersa bo‘miydimi, puli yo‘qmi? Mana mani adamlar shuncha shim olib berganlar”, deyishibdi. Shundan so‘ng majbur bo‘ldim. Men bu muammoning kelib chiqishiga ota-onalar sababchi deb bilaman. Abdulfattoh, 21 yosh: — Bu faqat ayollar muammosi emas. Yigitlarimizning ham ba’zi kiyimlari axloqqa to‘g‘ri kelmaydi. Qizlarimiz esa bahor kelishi bilan juda “ochilib” ketishadi. Badanga juda yopishib, tananing eng nozik a’zolarigacha shundoq bilinib turadigan kiyimlarni, afsus, o‘zbek qizlarimizda ham ko‘rib turamiz. Avvallari faqat fohisha ayollar shunday kiyinishardi... Hozir esa... Fikrlar bilan tanishdingiz. Bu mavzu haqida yozilgan boshqa maqolalardan iqtibos keltiramiz: “Hidoyat” jurnali, 2003-yil. “Gunohlar yo‘lini to‘saylik” maqolasidan. Muallif — Ziyouddin Rahimov: — Ayollar tor, yupqa, kalta va harir narsalarni kiyganlarida eng nozik, nomahramdan pana bo‘lishi kerak a’zolarigacha shundoq bilinib turadi. Bu bilan o‘zlari gunoh qilganlari holda boshqalarni ham gunohga botiryaptilar. Qolaversa, bunday kiyinish sog‘liklari uchun ham koni zarar, tug‘ilajak farzandlar uchun ham xavfli. Bunga ayollarning o‘zlarigina emas, erkaklarimiz ham aybdordir. Axir shunday sharmandali va behayo kiyinib ko‘chaga chiqqan qiz, ayollar qaysi birimizning opamiz, singlimiz, qizimiz, xotinimiz emasmi? Tribune-uz.info mustaqil internet nashri. “Shimsiz qolgan erkaklar” maqolasidan. Muallif: Nurullo Ostonov: — Ko‘cha-ko‘yda nega erkaklar yerga qarab yuradigan bo‘lib qoldi? Bu hammasi moda tufayli. Ko‘zingni ko‘tarishing bilan maykasi kindigidan ko‘tarilib, shimining tarangligidan hamma joyi bilinib turgan do‘ndiqchaga beixtiyor qarashga to‘g‘ri keladi. Yana yerga qarab yonidan o‘tib ketayotganingda modaparast moda maykasini kindigiga qarab ikki marta tortib ham qo‘yadi... Ilgari striptiz ko‘rish uchun odamlar maxsus restoranlarga kirishardi. Endi bunga hojat ham bo‘lmay qoldi. Ko‘chaga chiqsang bas, striptiz! Islam.uz internet nashriga berilgan savolga sayt muharriri Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf shunday javob beradilar: — Kiyinishda umumiy qilib aytadigan narsa shuki, boshqa begona kishilarga ko‘rinishi imkoni bo‘lgan vaqtida muslima ayollar yuzlarini va qo‘llarini, ya’ni kaftlarini ochib yurishga ruxsat berilgan. Endi kiyimga kelsak, bunday kiyimlar chiroyli, sarishta bo‘lishi nihoyatda yaxshi bo‘ladi. Lekin chegara shuki, badanning to‘silishi lozim bo‘lgan joylarga kiyiladigan kiyim, birinchidan, o‘ta yupqa bo‘lib kiyim tagidagi badanning ko‘rinishiga sabab bo‘lmasligi kerak. Ikkinchidan ana shu kiyim o‘ta tor bo‘lib tananing shaklini ko‘rsatadigan bo‘lmaslik kerak. Asosiy shartlar shu, avrat hisoblangan joylarni to‘sib turishi kerak. Shu bilan birga ulamolarimiz aytadiki, “juda ola-bula bo‘lib e’tiborni tortadigan holda bo‘lmasligi ham odobdan bo‘ladi“, deydilar. Bu ko‘chaga chiqqanda kiyiladigan kiyimning vasfi bo‘ldi. Uy ichida, mahramlarini oldida bunday kiyinish shart emas. Shimga kelsak, bu torligi uchun badanni vasf qilgani uchun to‘g‘ri kelmaydi va shariatga muvofiq emas. Lekin uyda va kiyimini ostidan kiysa, ayollar uchun tikilgan shim bo‘lsa bo‘ladi, deyishgan ulamolarimiz. Kiyinish bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarimizning o‘zi bir qancha ekan. Jamiyatimizda axloq-odobni yana-da mustahkamlash yo‘lida, albatta, bu muammoni ham isloh qilish darkor. Bu borada yana o‘sha milliy an’analarimizga qaytsak yaxshi ish bo‘lardi. Xulosa chiqarish esa sizdan. Davronbek TOJIALIYEV