marhabo talantlar Maktab. Sinfxona. Dars. Yo‘qlama jarayoni. — Almatov Toshmat! Sado chiqmadi. Demak, u yana kelmabdi. O‘qituvchi asabiy g‘udrandi. Jurnalga “yopishib” qolgan qo‘zlarini uzmay do‘q urdi: — Bormi?! O‘quvchilar (!) orasidan kimdir luqma tashladi: — Ustoz, uning darsga kelishga vaqti yo‘q. U katta shoir! Bugun naq beshinchi she’riy to‘plamining taqdimot marosimi bo‘larkan. Shuning uchun kelolmadi. O‘qituvchi: — Mayli. Maktab sha’ni uchun dars qoldiribdi, urishmaymiz, — deya davom etdi. U muttasil ravishda goh stoli ustidagi jurnalga, goh daftarga nimalarnidir ko‘chirardi: — Bo‘ronova Salima? Yana o‘sha o‘quvchi javob qaytardi: — Muallim, uniyam darsga kelishga fursati yo‘qroq. Ulkan adiba u! “Iste’dodsiz puldorlar” deb nomlangan romanini chop ettirish ishlari bilan band. Shunga kelolmaydi. O‘qituvchi o‘sha ko‘yi so‘radi: — Nega endi romani “Iste’dodsiz puldorlar” deb nomlanadi? Qiziq-ku? Eh mayli, hozirgi zamon yoshlari onasining qornidanoq faylasuf bo‘lib tushadi. Bizning aqlimiz ojiz. Bu ham maktab obro‘si! Xo‘sh, Gulmatov Qulmat?! — Ustoz, nahotki bexabar bo‘lsangiz? U “Ey vijdonim, xayr endi” degan yangi qo‘shiq aytdi-ku... Radioda tinimsiz qo‘yilyapti. So‘zini o‘zi yozgan. Bir-ikki misra aytaymi: “Puling bo‘lsa hamyonda Dam ber darhol vijdonga. Olg‘ir, qallob bo‘lmasang Yolchimaysan ishtonga...” O‘qituvchi bosh irg‘ab qo‘ydi. — Qalay? Yoqdimi? Zo‘r-a? O‘zingizga ma’lum, dadasi ovoz yozish studiyasining rahbari. Xullas, u ham bugun kelolmaydi — o‘sha qo‘shiqqa KLIP ishlayapti. — Durust, durust. Faridova Latifa bormi?! — Faridova “Kamalak” sardori. Bugun konferentsiyasi bor ekan. Shunga kelolmadi. — Yaxshi, yaxshi. Fuzaylova Anora-chi?! — U anovi... bor-ku, qizlarga beriladigan mukofot.Zulfiya mukofoti. O‘zingizga ma’lum bu yil maktabni tamomlaymiz... O‘qishga kirish kerakmi, albatta, kerak. Shuni olay deb, yelib yugurib yuribdi. Vaqti yo‘q... — Ajoyib-ku... Maktabimiz g‘ururi bo‘larkan-da. Mayli, omadini bersin. Hech bo‘lmasa, Halimova Olima bormi? — Ustoz, bilasizmi, u bo‘lajak Pikasso! Yo‘q-yo‘q, Leonardo da Vinchining quyib qo‘ygan o‘zi. Onasi boshqarayotgan katta binolarning birida bugun u chizgan rasmlar ko‘rgazmasi bo‘lyapti. Shunga kelolmadi. — Hoshimov Xudoyberdi? — dedi o‘qituvchi so‘nggi umid va ilinj bilan. Shunda hartugul birinchi ijobiy javob bo‘ldi. Halidan beri sinfdoshlarini ta’riflayotgan yigit o‘rnidan turib: — Men, ustoz! — dedi. O‘qituvchi shundagina jurnaldan ko‘zini uzib auditoriyaga qaradi va hayratdan badani titrab ketdi: hayhotdek sinfxonada nimtabassum qilib Hoshimovning bir o‘zi turardi! O‘qituvchining rangi o‘zgardi, o‘rnidan shiddat bilan ko‘tarildi va qizarib-bo‘zarib yana joyiga o‘tirib qoldi. Olov bo‘lib yonayotgan yuzlarini kaftlari bilan berkitib hazin so‘zladi: — Nima? Sen... iste’dodsizmisan-a? O‘quvchi u yoq-bu yoqqa qiyshayib namoyishkorona dedi: — Nega endi iste’dodsiz bo‘larkanman. Men ularning prodyusoriman! — Prodyussorman, degin... Voh, iste’dod dastidan dod!!! O‘qituvchi jurnalga peshonasini tirab, uzoq vaqt qotib qoldi... Zohidjon XOLOV
|