Muammo va tanqid O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi diqqatiga! O‘rikzor mavzesida joylashgan “Karvon bozori” har doim odamlar bilan gavjum. Kiraverishdan chap tomondagi sotuvchi qaytimga mayda puli yo‘qligini bahona qilib, o‘rniga shokolad olishimizni tavsiya qildi. Chamamda 50 so‘mlik, o‘shandan ikki dona oldik. Chetdan turib kuzatib turgan haligi savdogar: — Ey, kamtar qizlar-ey, ikkita bo‘lmasa 4-5 ta olavermaysizmi, bu do‘kon meniki emas, egasi boshqa, — deya piching ohangida kuldi. Hech narsani tushunolmay halol luqmamiz hisoblanmish shokoladni olib uyga jo‘nadik. Yosh bola shirinlik shaydosi emasmi, kechga yaqin bergan o‘sha shokoladni Sardor sabrsizlik bilan ochdi. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, shokoladni sirti oppoq, xuddi bo‘rga o‘xshardi. Ochilmagan holatda obro‘si boshqalar bilan barobar bo‘lgan “Vinni” shokoladlarining asl basharasi namoyon bo‘lganda bir tiyinlik ham qimmati yo‘qligi ayon bo‘ldi. Shularga oydinlik kiritish maqsadida yana o‘sha... savdogarning huzuriga yo‘l oldik. Bu gal sotuvchi — ayol yonida o‘shanda vaqtinchalik sotuvchilik vazifasini bajargan 3-4 ta yosh yigitlar turardi. “Ohak shokoladlar”ning asosiy egasi shu ayolning o‘zi ekan. Shu sababli unga savol bilan murojaat etdik: — Kechirasiz, sizda “Vinni” nomli shokolad bormi? — Nega aynan shu shokolad kerak bo‘ldi sizga, mana boshqa xillari ham bor-ku... Ataylab savol bilan qitiqlab ko‘rish maqsadida: — Nazarimda, avval aynan shu do‘konda ko‘rgandim-ov... — Yo‘g‘-e, biz unaqa shokolad olmaganmiz ham, sotmaganmiz ham. — U holda mana bularni yo‘ldan topib olgan ekanman-da, — deya istehzo bilan boyagi ikkita ohaktoshni ko‘rsatdim. Eng achinarlisi, sotuvchi o‘zining qilgan qing‘ir ishidan uyalish o‘rniga, aksincha, hech narsa ko‘rmagandek qiqirlab kulib o‘tiribdi-ya, tavba! Ketma-ket berilgan savollardan dovdirab qolgan ayol o‘zi bilmagan holda beixtiyor: — Ey, aytgancha o‘sha kuni bir otaxon ham sizlarga o‘xshab shikoyat qilib keldi. U ham ayni shu yashikdan bir kilogrammga yaqin olgan ekan, hammasi shunaqa chiqibdi. Jahl qilib, qaytarib berib ketdi. U shokolad emas, balki ko‘rgazmaga qo‘yish uchun chiqarilgan nusxasi bo‘lgan. Aslida fabrikalarning o‘zi shokolad bilan birga shunga o‘xshash yasalgan ohaksimon shaklini ishlab chiqaradi. O‘z navbatida sotuvchilarning o‘zi ham tovarlarining issiqda erib ketmasligi uchun buyurtma berishadi. Biz shu soxta nusxalarini yashikning ustiga qo‘yamiz... — Demak, o‘sha kuni bozor gavjum, xaridor ko‘p bo‘lsa, sotaman-qo‘yaman, birov bilib turibdimi, degan xomxayol bilan haqiqiy shokoladlar orasiga tiqqan ekansiz-da. — Yo‘-o‘q, meni bundan aslo xabarim yo‘q. Manavi uquvsizlar yoshlik qilib, bilmay sotib yuborgan-da, yanglishmovchilik bo‘libdi, ular ko‘rgazma uchun olib kelingan blokning yelimini ochib, rastaga chiqarishibdi-da... Hozir mana unaqasi yo‘q. Hammasini yo‘qotdim. Xullas, bozorda mana shunday ayanchli ahvol. Biri “O‘zi maxsus chiqarilgan”, deb cho‘pchak to‘qisa, boshqasi “Men bilmay sotib qo‘ydim”, deya o‘zini go‘llikka soladi. Xo‘sh, u reklama qilish uchun chiqarilgan ham deylik, unda ularni sotuvdagiga aralashtirgandan ne naf? Shokoladlarning yuzdan ortiq turi bor, ularning har biri uchun alohida “qotirilgan ohak” shakli chiqarilsa, butun rastani ular bilan to‘ldirishga to‘g‘ri keladi-ku! Shuning o‘rniga “Sembol” fabrikasi ishlab chiqarayotgan turfa rang etiketkalarning o‘zini bo‘sh holicha yopishtirib qo‘ysa, bundan ortiq reklama bo‘lmasa kerak. Qo‘shni savdogarning bergan ma’lumotiga ko‘ra, bundan 2-3 yil oldin ham xuddi shu muammo yuzasidan bozorning o‘rtasida janjal chiqib, bir-birining ustidan yozishma bo‘lib ketgan ekan. O‘shanda sotuvchilardan biri xuddi hozirgidek, reklama vazifasini bajaruvchi yasama shokoladlarning olti yashigini boshqa savdogarga sotib yuborgan. Uning ichidagi “ohak shokolad”larni “Vinis” fabrikasi ishlab chiqargan ekan. O‘sha savdogarning aytishicha, esda qolarli “shokolad operatsiyasi”dan keyin deyarli hech kim bunday mahsulotga buyurtma bermagan. Afsuski, keyingi vaqtlarda savdo bilan shug‘ullanayotgan ayrim shaxslar, ko‘pchilik xaridorlar qalbaki mahsulotga ega bo‘lib, firibgarlik qurboniga aylanib qolishyapti. Bu muammoga bozorning har bir bo‘limida nazorat uchun qo‘yilgan ichki ishlar xodimlari, qolaversa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘limi xodimlari yanada jiddiyroq ahamiyat berib muttasil nazorat qilib tursalar, aslo foydadan holi bo‘lmas edi. Yana dalillarga murojaat etsak, mana shu “Vinni” va boshqa turdagi shokoladning ohakli nusxasini “Oqzodi” degan (faoliyat yurita boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagan) tsex ishlab chiqargan. Hech bo‘lmasa, mahsulot bilan ta’minlovchi ana shunday fabrika xodimlari reklama uchun yasalganlarini bilmasdan yoxud bilib-bilmaganga olib, rastaga chiqarib sotib yubormanglar, deb qat’iy ogohlantirsa bo‘lmaydimi?! Sotuvchidan ham haqiqiy mahsulotni tanlash, e’tiborli va sinchkov bo‘lish hamda o‘z vazifasini xolis va vijdonan ado etish talab qilinadi. Vaholanki, soxta tadbirkorlik, ya’ni shokoladlarning orasiga qo‘lbola tayyorlanganidan qo‘shib, tarozidan urib qolgan bilan hech kim badavlat bo‘lib ketmaydi. Aksincha, aholining unga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi. Dilafro‘z TO‘RAQULOVA, O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi
|