OZODA NURSAIDOVA: “YO‘QOTGANLARIMDAN TOPGANLARIM KO‘P” — Qo‘shiqchiligimizda professional bo‘lmagan tasodifiy insonlarning ko‘payib ketayotgani, yulduzlik kasaliga juda erta chalingan va savodsiz qo‘shiqchilarning ko‘payib borayotgani, ayrim san’atkorlarning uy-joy, mol-dunyoga haddan ziyod qiziqishi, o‘ziga juda katta baho berishi, hattoki qorani oq, oqni qora deyishi eng og‘ir “kasallik”, nazarimda. Afsuski, aksariyat qo‘shiqchilarimizda bilim, savod yetishmasligi katta muammolarga olib kelmoqda. Iste’dodli san’atkor Ozoda Nursaidovaning “Xalqlar do‘stligi” saroyidagi 13 kunlik kontsert dasturi fayzli va mazmunli o‘tdi. Ayrim san’atkorlar bir kunlik kontsertiga zalni to‘ldirolmay, o‘tmagan biletlarni oshna-og‘aynisiyu tanish-bilishlarini ishga solib majburlab sotayotgan bir paytda salkam ikki haftalik kontsert dasturining tomoshabinlar bilan bu qadar gavjum bo‘lgani, boz ustiga, ayrim muxlislarga joy ham yetmay qolgani san’at muhiblari Ozoda Nursaidova iste’dodiga yuksak baho berishidan dalolat. Xonanda bilan suhbat qilishga ko‘p bor urindik. Ozoda Nursaidova bir qarasangiz, Hindistonda kontsert berayotgan bo‘ladi, yana bir surishtirsangiz, Turkiyaga klip ishlash uchun ketgan bo‘ladi. Xullas, vaqti-soati bugunga belgilangan ekan. Nihoyat, san’atkorimiz bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik. — “Baraka yog‘ilgan, bag‘ri kengdir Toshkanni” qo‘shig‘ingiz kontsertingizda tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Suhbatimiz avvalida ana shu qo‘shig‘ingiz yaralashi haqida to‘xtalsangiz. — Kontsertning uchinchi kunida xorazmlik bir necha xonanda ushbu she’r matnini olib kelishdi. Mashhur bir san’atkorimiz «Xorazmlik qizlar bosdi Toshkanni» degan qo‘shiq kuylagan ekan. Tabiiyki, xorazmliklar qo‘shiqdan qattiq ranjishibdi. Qo‘shiq matni menga ham ma’qul kelmadi. Nega deganda, mahalliychilik ruhidagi bu qo‘shiq birligimizga rahna solishi mumkin. Ana shunday salbiy holat oldini olish uchun mazkur qo‘shiqni kuyladim. — Ayrim muxlislar kontsertingizga bilet narxi qimmat bo‘lganini aytishdi... — Kontsert dasturini “Panterra” studiyasi bilan hamkorlikda qildik va ochig‘ini aytsam, tashkiliy masalalarga aralashmadim ham. To‘g‘ri, bilet qo‘lda qimmat bo‘lishi mumkin. O‘zingiz bilasiz, bilet olibsotarga tushgandan keyin narx ham oshib ketaveradi. Lekin meni bunga aloqam yo‘q. — Yangi dasturda ingliz, rus, italyan tillarida qo‘shiqlar kuyladingiz. Umuman, turli tillarda qo‘shiq ijro etishingizga nima turtki bo‘ldi? — Chet elda kuylaganimizda, chet ellik muxlislar qo‘shig‘imiz tarjimasini so‘rashadi. Xorijiy tillarda kuylagan qo‘shiqlarimni tinglaganlar tarjimonga ehtiyoj sezmaydi. O‘zbekiston — baynalmilal, turli millat-elatlar yashaydigan mamlakat. Shu ma’noda xorijiy tillarda kuylaganda, boshqa millat yurtdoshlarimiz ham qo‘shiqlarimizdan bahramand bo‘lishlarini maqsad qildik. Bu yilgi kontsertimda ingliz tilida ijro etgan qo‘shig‘im «Beautiful Uzbekistan» (Go‘zal O‘zbekiston) deb nomlanadi. Chet elliklar ham yaxshi bilib olsin: o‘zbek farzandlari Vatan madhini xohlagan tilda kuylay oladilar! — Har qanday musiqa yoki qo‘shiqda millat ruhi mujassam bo‘ladi. Aslida san’atning jozibasi va qimmati ham shunda bo‘lsa kerak. Lekin zamonaviy estradamizda milliy ruh tobora zaiflashib borayotganday. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz? — Bugungi o‘zbek estradasida milliy ruhning zaiflashib ketayotganiga boshqa millat san’atidan ijodiy o‘rganishda me’yorning unutilayotgani sabab bo‘lmoqda, nazarimda. Mana masalan, grek musiqasi turli millat san’atining uyg‘unligi, xorij qo‘shiqchiligi ta’siri ostida shakllangani bilan ajralib turadi. Men aslida o‘zbek san’ati ham greklarniki kabi aralash bo‘lib ketishidan qo‘rqaman. — Milliy estrada, sizningcha, qanday bo‘lishi kerak? — Milliy estrada qanday bo‘lishi kerak degan savolga Botir Zokirov o‘z ijodi bilan javob bergan edi. Bundan buyog‘iga javob beradigan odam topilmayapti. Hamma harakatda, ijodiy izlanishda yuribdi, lekin aniq bir san’atkor ijodini milliy estrada namunasi sifatida misol qilib aytish qiyin. — Qo‘shiqchiligimizdagi eng og‘ir “kasallik” nima? — Qo‘shiqchiligimizda professional bo‘lmagan tasodifiy insonlarning ko‘payib ketayotgani, yulduzlik kasaliga juda erta chalingan va savodsiz qo‘shiqchilarning ko‘payib borayotgani, ayrim san’atkorlarning uy-joy, mol-dunyoga haddan ziyod qiziqishi, o‘ziga juda katta baho berishi, hattoki qorani oq, oqni qora deyishi eng og‘ir “kasallik”, nazarimda. Afsuski, aksariyat qo‘shiqchilarimizda bilim, savod yetishmasligi katta muammolarga olib kelmoqda. Salbiy omillar juda ko‘p. Xafa bo‘lishmasin-u, bugun bozorda tijorat qilayotganlar ham ashula ayta boshladi. Men ular ustidan kulmoqchi emasman. Lekin bundaylar ko‘payib ketyapti-da. Menimcha, hamma o‘z ishini qilgani yaxshi. Qolaversa, endigina o‘sib kelayotgan yosh xonandalarning tarbiyasini buzadigan san’atkorlarimiz ham yo‘q emas. Umuman, oxirgi paytlarda san’atkorlarimiz orasida tarbiya beradiganlari kamayib ketdi. — Bugungi kunda ziyolilar davrasida bot-bot tashvish bilan esga olinayotgan yengil-elpi qo‘shiqlar haqida gap ketganda, ayrimlar bu holat tabiiy ekani, san’at asari da’vosidagi saviyasiz xonishlar vaqt o‘tishi bilan unut bo‘lishi, zamonning o‘zi sarakni sarakka saralashini aytishadi. Boshqa bir guruh esa bunday qo‘shiqlar yoshlar ma’naviyatiga salbiy ta’sir etadi degan xavotirda kuyunishadi. Bu borada sizning fikringiz qanday? — Men ikkinchi guruh ziyolilar fikriga qo‘shilaman. Umuman, yengil-elpi, saviyasiz asarlarning ko‘payib ketayotgani bor gap. Taajjubga tushaman, o‘zbek tilida “sevgi” so‘zini to‘g‘ri talaffuz qila olmaydigan xonanda muhabbat haqida qo‘shiq aytadi. Adabiy tildan mutlaqo bexabar, tuzukroq surishtirsangiz, o‘zbek tilini ham yaxshi bilmaydigan shoirlar tez fursatda xalqqa mashhur bo‘lib ketishadi. Menimcha, qo‘shiqchiligimizni eng avval sayoz she’rlar yozadigan ana shunday shoirlardan tozalash kerak. Ziyolilar kuyunib aytayotgan gaplarda jon bor. Mana shu kamchiliklarni bartaraf etish uchun jiddiy nazorat kerakka o‘xshaydi. — San’at dargohiga kirib yo‘qotgan va topganlaringiz? — San’atga kirib halovat yo‘qotdim. Do‘stlarimdan ayrildim. Vaqtdan boy berdim. Orttirganlarim esa qo‘shiq, alam, quvonch, baxt va xalq mehri bo‘ldi. O‘ylab qarasam, san’at yo‘liga kirib, yo‘qotganlarimdan topganlarim
|