Пт, 2024.11.15, 06.58
SITE LOGO

 

Меню сайта
Разделы новостей
Habarlar
Maktublar
She'rlar
Hikoyalar
Latifalar
Maqolalar
Kim? qachon? Qaerda?
G'oya mualiifi Maryamjon Bobojonova
Календарь новостей
«  Сентябрь 2006  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930
Поиск
Друзья сайта
Статистика
Наш опрос

"Bananas" nimasi bilan yaxshi?

[ Natija · Arkhiv ]

Javoblar: 30
Главная » 2006 » Сентябрь » 27 » “XOLIS TALABA” XOLISMI?
“XOLIS TALABA” XOLISMI?
13.35
“Hurriyat”da “Tanishing bo‘lsin ekan-da yoki ko‘chada qolgan qizlar” sarlavhasi ostida berilgan maqolani o‘qib bu “xolis” talaba biroz emas, balki keragidan-da ortiq oshirib yuborganligi biroz qalbimni jarohatlagandek bo‘ldi. Chunki men ham O‘zDJTUning 1-talabalar uyida 4 yil yashaganman.
2002 yil shu universitetning xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi bo‘ldim. Barcha talabalar qatori men ham 1-talabalar turar joyiga joylashdim. Joylashgan kunimdan boshlab bu yerdagi tartibsizligu, binoning ahvolini ko‘rib hayratdan yoqa ushlagandim. Birinchi qavat xonalari zax, pashsha va chivinlar doimiy xonadoshlarimizga aylanib ulgurgani yetmaganidek, bu yerdagi ichki tartib-qoidalarning yo‘qligi har xil janjallarga sabab bo‘lardi. Eng achinarlisi shuki, bu dargoh allaqachon ko‘chada qolgan boshqa universitet talabalariyu, “Farhod” bozorida ishlaydigan viloyatdan kelgan ishchilar uchun “bedarvoza shahar”ga aylanib ulgurgan edi.
2003 yil universitetimiz rahbariyati tomonidan talabalar turar joyini to‘liq ta’mirlash bo‘yicha qaror qabul qilindi. 6 oy ichida yangi, zamon talablariga to‘liq javob beradigan bu maskan bizni o‘z bag‘riga oldi. Hammadan ham quvonarlisi shu ediki, yangi binoning yangi komendanti oldingi komendantdan har tomonlama mas’uliyatli va o‘z ishining yetuk mutaxassisi ekanligi bizlarni quvontirdi. Shu bilan birgalikda universitet rahbariyati tomonidan talabalar turar joyining ichki tartib-qoidalari ishlab chiqildi. Har bir qiladigan ishimizdan tortib kirish-chiqishimizgacha har tomonlama qulayliklar yaratildi.
Dilmurod Jalilovning tartibli ish uslubiga tezda o‘rganib ketdik. Yotoqxonada talabalarning kirish-chiqishi to‘liq nazorat ostidaligi, soat 20:00 dan keyin yotoqxona darvozasi yopilishi, birinchi qavatda kutubxona, kompyuter bizning xizmatimizda ekanligi uzoqdagi ota-onamizni ham quvontirdi.
“Xolis” talaba o‘z maqolasida universitet talabalar turar jo­yini yomonlashdan ko‘ra, o‘zimizning kamchiliklarimizni ham ko‘rsatib o‘tsa yaxshi bo‘lardi. Ikki yil davomida talabalar turar joyida sardorlik qilib kimning qanaqaligini besh barmoqday bilib oldim. Ayrim paytlari bizga yaratilgan shart-sharoitlar qadriga yetmayotgan talabalarni ko‘rib asabiylashardim. Hatto shu masala bo‘yicha bir nechta qizlar bilan janjallashib ham qolganman. Qizlarning ko‘pchiligi bu yerga o‘tkinchi, vaqtinchalik yashash joyi degan nazar bilan qarashib, yangi buyumlarning qadriga yetmaydilar. Shuningdek, oddiy ko‘cha supurishu navbatchilik ham san-manga boradi. Rahbariyat bularning barchasidan xabardor bo‘lishiga qaramasdan, shu 4 yil davomida bitta qizni ham ko‘chaga haydamagan. Aslida, uch marta yotoqxona ichki tartib-qoidalarini buzgan talaba yotoqxonadan chetlashtirilishi barchamizga ma’lum. Ba’zan majlislarda masalani ko‘targanimda, komendant “Sizlar qiz bolasiz, ko‘chada qolgan qiz bolaning ahvoli qiyin bo‘ladi” derdilar. Lekin qoidabuzar qizlarimiz ham keyinchalik o‘z kamchiliklarini tushunib yetishgan.
Maqolada ma’lumot bo‘yicha qizlarning ko‘chada qolganligi ham noto‘g‘ri. Shu paytgacha men ham arizamga qo‘l qo‘ydirguncha birinchi qavatda yashab turganman. Qolaversa, komendantimiz hech qachon qizlarni ko‘chada qoldirmagan. Shuni ham ta’kidlab o‘tishim kerakki, talabalar turar joyida joylashadigan talaba birinchi navbatda qonun-qoidani bilishi va bajarishi kerak. Har kim o‘z bilganicha joylashib ketaversa, xohlagan kunidan kelib, to‘g‘ri xona olsa, rahbariyatning yuritayotgan ish faoliyatiyu tartib degan qoidalarining nima keragi bor? Noto‘g‘ri tanqid qilishni bilgan bu kabi talabalarga “Bu yil “Homiylar va shifokorlar yili”, shu munosabat bilan sen talabalar turar joyiga biror xayrli xizmat qildingmi yoki o‘zing yashagan xonaning buzilgan shkafining eshigini tuzatdingmi?” degan savolga javob topishlarini eslatib qo‘ymoqchiman. Masalan, Amerikada universitetni bitirgan sobiq talabalar har yili tahsil olgan dargohga qo‘lidan kelganicha xayriyalar berishi odat tusiga aylanib ulgurgan. Aslida bu narsa bizga ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan urf-odatdir. Bu kabi milliy odatlarimizni chet elliklar faxr bilan bajarishsa-yu, o‘zimiz befarqlik ko‘zi bilan qarashimiz, adolatdanmikan?
Barchamizga ma’lumki, ayolni, qizlarni azal-azaldan ko‘kka ko‘tarib, gul kabi asrashgan, qadrlashgan. Biz buni buyuk ajdodlarimiz Navoiy, Bobur yaratgan asarlar timsolida kuzatishimiz mumkin. Qani endi o‘sha Farhodlar, Alpomishlar? Qani endi Jaloliddin Manguberdi yoki Sohibqiron Amir Temurning mardligiyu pahlavonligi. Vatani uchun jon bergan mard o‘g‘lonlar? Nahotki, yigit talabalarimiz orasida o‘zi himoyaga muhtoj bo‘lib kelayotgan talabalar ko‘payib borayotgan bo‘lsa?
“Xolis” talaba komendantni poraxo‘rga chiqaribdi. Lekin bu gapni aniq misollar bilan yozganida rostligiga ishonardik. NahotAxir jurnalistikada har bir misol faktlarga suyanishidan bexabar bo‘lsangiz, ey “xolis” talaba?
O‘tgan yilning oxirida qattiq gripp bo‘lib davolanishimga to‘g‘ri keldi. Toshkent tibbiyot akademiya­sida o‘qiydigan sinfdosh dugonam meni bir hafta muolaja qildi va xonamda yashadi, albatta, komendantning ruxsati bilan. Lekin komendant bir so‘m ham so‘ramadi. Agar Dilmurod aka pul olib begonalarni qo‘yganida, bu yotoqxona allaqachon, 2000-2002 yillardagi “bedarvoza shahar”ga aylanib ulgurmasmidi?
“Xolis” talabaning tanqidiy ko‘rsatmalariga biz, shaxsan men qo‘shilmayman. Muallif kamchiliklarni chiroyli tasvir, badiiy mahorat bilan o‘z o‘rnida yozibdilar, lekin bu darajada “o‘tkir” qalam sohibiga aylanishida universitet o‘qituvchilarining, qolaversa, rahbariyatning bergan ta’lim-tarbiyasiyu yaratilgan shart-sharoitlar asosiy omil emasmikan?
1-talabalar turar joyining bugungi faoliyati o‘rnak olgulik darajada desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Hurmatli tengdosh, yo‘q kamchilikni katta ovoza qilgandan ko‘ra o‘zimizning xatolarimizni to‘g‘rilasak, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Chunki bu dargoh bizdan keyingi avlodlarga ham yaxshi xizmat qilishi kerak. Men ham talabaman, lekin bu kabi noo‘rin bildirilgan tanqidiy fikrlarni ko‘ra turib ko‘z yumib ketadigan talaba emasman. Rahbariyatga kamchilik orqali minnatdorchilik bildirish bizga yarashmaydi. Aksincha, o‘zimizga yaratilgan shart-sharoitlarni suiiste’mol qilmayapmizmikan? Shu o‘rinda “Tuzimni yeb, tuzlig‘imga tupurdi”, degan maqolni eslatib o‘tmoqchiman.
“Xolis” talaba “kamchiliklar”ni oshkora yozib mardlik qilibdi dersiz, lekin mard talabaning o‘z nomini oshkora qilishidan cho‘chiganligi nomarrdlik emasmi?..
Dilrabo JUMATOVA,
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika
fakulteti magistranti
Категория: Maktublar | Просмотров: 986 | Добавил: Anahon | Рейтинг: 0.0/0 |
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]