NAPOLEON KURSISI — SAMARQANDDA! Samarqanddagi O‘zbekiston xalqlari madaniyati tarixi muzeyining yangi eksponatlari bu yerga tashrif buyuruvchilar sonining ko‘payishiga sabab bo‘lishi turgan gap. Chunki bu eksponantlar Napoleon Bonapart yashagan davrda yaratilgan mebel majmuasidan iborat. Xo‘sh, qanday qilib ushbu mebel Samarqandga kelib qolgan? 1946 yilda Samarqand tumanidagi sobiq Kaganovich kolxozidan Leningradga bir necha vagon piyoz va quruq meva jo‘natiladi. Mahsulot 90 ming rublga sotiladi va puliga akademik Belinkovning bevasidan mebel majmuasi sotib olinadi. O‘shanda bu ayol mebel Napoleonga tegishli bo‘lganligini aytgan. Uning bergan ma’lumotiga ko‘ra, 1814 yilda rus qo‘shinlari Parijga bostirib kirganda, imperator Aleksandr I Napoleon poytaxtini egallaganligi sharafiga mebel majmuasini Peterburgga olib ketishni buyuradi. So‘ngra uni o‘zining yaqinlaridan biri, rus zodagonlaridan bo‘lgan Belinkovga sovg‘a qiladi. Imperator sovg‘asi avloddan avlodga o‘tib, oxiri akademik Belinkovga tegadi. Mebel majmuasi bitta stol, uchta kreslo, to‘rtta stul, bitta divan, ikkita shkaf va soatdan iborat. Bu jihozlar ko‘p yillar davomida xo‘jalik raisining ish xonasini bezab turgan. Divan, kreslo va stullarga ko‘pchilik o‘tirib-turganligi bois xitoy ipagidan qilingan jildining rangi qoramtir tus olib, ba’zi joylari yeyiladi va yirtiladi. Shu sababli barcha jihozlar kolxoz ustasi tomonidan qizil baxmal bilan qoplanadi. Oddiy bir xo‘jalikdagi bunday chiroyli va qimmatbaho mebel yuqoriroqda o‘tirgan ayrim rahbarlarning tinchini buzadi. Raykomu obkomdan tortib, hukumat rahbarigacha jihozlar bilan o‘z ish xonasini bezash orzusida bo‘ladi. Lekin xo‘jalik rahbarlari bu jamoa mulki ekanligini, uni hech kimning tortib olishga haqi yo‘qligini uqtirishadi. Ularning bunday «o‘zboshimchaligi» qimmatga tushadi: moliyaviy huquqbuzarlikda ayblanadi. O‘sha vaqtdagi rais Ismoil Ibrohimov 7 yilga, mebelni Rossiyadan sotib olib kelgan xo‘jalik ta’minotchisi Aron Kaplan 20 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Qishloqdagi 60 yillik «hayot»idan so‘ng mebel jihozlari yaqinda davlat muzeyi ixtiyoriga berildi. Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori No‘’mon Mahmudovning so‘zlariga ko‘ra, yirik jamoa xo‘jaliklari o‘rniga kichik fermer xo‘jaliklari vujudga kelishi boshqa mol-mulk qatori mebel majmuasini taqsimlash masalasini vujudga keltirishi mumkin edi. Bu bir tomondan. Boshqa tomondan, deyarli ikki yuz yillik tarixga ega bo‘lgan jihozlar restavratsiya qilinishi va mutaxassislar nazorati ostida bo‘lishi zarur edi. Bundan tashqari, sayyohlar shahri bo‘lgan Samarqandda, uning bosh muzeyida saqlangan eksponatdan ko‘pchilik bahramand bo‘lishini ham nazarga olish kerak. Hozirgi kunda muzey mutaxassislari majmuadagi har bir jihozni sinchkovlik bilan o‘rganishmoqda. Ma’lum tayyorgarlik ishlaridan so‘ng ular qayta ta’mirlanadi va alohida xonaga joylashtiriladi. Buning uchun muzey zallaridan biri ajratilgan bo‘lib, N. Mahmudovning uqtirishicha, u yerga mebel majmuasidan tashqari Yevropa ruhini beradigan suratlar va boshqa jihozlar ham qo‘yiladi. Aziz mushtariylarda «Mebelning Napoleonga daxldorligi qanchalik haqiqatga yaqin?» degan savol tug‘ilgan bo‘lishi tabiiy. Ushbu savolga mutaxassislar ham javob izlashmoqda. Samarqand muzeyining bosh saqlovchisi Olga Pogarelovaning fikricha, jihozlar bir necha marta ekspertizadan o‘tkazilgan. Ammo eng sifatlisi O‘zbekiston badiiy akademiyasi bosh eksperti Kuzma Tkachenko tomonidan 1998 yilda bajarilgan. U o‘z xulosasida stol va stullar XVIII asrda Frantsiyada yasalganligini uqtiradi. Ekspert stolning yonboshida Napoleonga tegishli ekanligini bildiruvchi belgi (mutaxassislar tili bilan aytganda, venzel yoki tug‘ro) — «N» harfi bitilganligiga e’tibor jalb etadi. «Divan va kresloga Bonapart o‘tirgan yoki o‘tirmaganligi aniq bo‘lmasa-da, ammo mebel Napoleon davriga tegishli ekanligiga shubha yo‘q», — deydi O. Pogarelova. Ko‘p o‘tmay ikki yuz yillik tarixga ega va ko‘pgina tarixiy voqealarning guvohi bo‘lgan mebel majmuasi muzey eksponatlari qatoridan joy oladi. Shunda muzeyga kelgan har bir kishi jihozlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, ularga baho berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.