Floridada yosh o'zbekistonlik Ulug'bek Nabiyev bedarak yo'qolgan Amerika Ovozi 13/09/2006 AQShning Florida shtatida yashovchi yosh o’zbekistonlik bedarak ketgan. 27 yoshli Ulug’bek Nabiyev oxirgi marta 20 avgust kuni ko’ringan. Ulug’bek Floridaning Fort-Mayers shahrida yashagan va AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi grin-karta sohibi, deydi uni yaxshi taniydigan o’zbekistonlik muhojirlardan biri. "Ulug'bek Nabiyevning bo'yi 160 santimetr atrofida, 75-80 kilogram vazndagi yigit. Uni ko'rgan yoki eshitganlar bo'lsa, iltimos, 305-803-6567 yoki 239-707-8616 telefon qilishsin." Ulug’bekning yengil mashinasi g’ildiragi teshilgan holda Fort Mayers shahri hududidan topilgan. Hozirda uning bedarak ketgani haqida Qo’qondagi ota-onasiga xabar berilgan. AQShning O’zbekistondagi elchixonasidan uni topishda yordam so’ralgan. "Ulug'bek Amerikada 1998 yilda kelgan. Bu yerda yuqori sinfni bitirib, kollejda o'qigan. Kollejni bitirgach, bir restoranda ofitsiant bo'lib ishlayotgan edi. AQShda qonuniy ravishda yashaydi. Ulug'bekning do'stlari Amerikaning deyarli hamma burchaklarida bor. Har zamondan telefon qilib, hol ahvol so'rab turishar edi." AQShda O’zbekistondan kelib ishlayotgan va vatanida oilasini boqayotgan kishilar necha sonni tashkil etishi haqida rasmiy ma’lumotlar bo’lmasa-da, Florida, Nyu-York, Kaliforniya, Tennessi va Virjiniya kabi muhojirlarga boy shtatlarda yuzlab o’zbekistonlik ishchilarni uchratish mumkin. Ulug’bek Nabiyev haqida xabar topgan kishi Amerika Ovoziga telefon qilishi yoki maktub yo’llashi mumkin. Vashingtondagi telefon raqamlar: 202 382 5065 yoki 202 382 5066, elektron pochta esa uzbek@voanews.com.
|