Yo‘l azobi, go‘r azobi. Amallab Toshkentga, keyin tramvayda yotoqxonaga yetib keldim. Bu yerda ham bayram, shekilli, tumonat odam. Goh u tomonga, goh bu tomonga mayishib yukimni ko‘targancha, darvoza oldiga kelsam, hech kimni ichkariga kirgizmayapti. Qo‘ltig‘imdan tarvuzim tushdi... Yo‘q, tarvuz emas, yelkamdan sumkam gurs etib pastga tushdi. Birinchi, ikkinchi kurslar oldindan ariza yozgan bo‘lsa, yotoqxonaga kirilar ekan, kiritilgan ham. Uchinchi, to‘rtinchi kurslarga umuman ruxsat yo‘q emish.
Yoki ko‘chaga haydalgan qizlar O‘qishga kirganimdan beri har qishloqqa borganimda salkam bayram qilib kutib olishadi. Kuzatish ham shunday. Yangi o‘quv yili oldidan-ku, xuddi meni xorijga kuzatayotgandek qarindoshlar barchasi yig‘ilishadi. Shu safar Toshkentga qaytayotganimda ammam so‘rab qoldi: — Yotoqxonada turasanmi yo “kvartira” olasanmi? Yotoqxonalar yaxshi bo‘lmasa kerak?! Buni eshitgan otamning fig‘oni falakka chiqdi: — Hoy, sen nima deyapsan? Bularning yotoqxonasi senu mening uyimdan zo‘r. Zamonaviy allambalo taqir-tuqurlari ham bor. (Otam kompyuter va boshqa texnik jihozlarni nazarda tutgandi). Yangilangan Talabalar shaharchasini shaxsan Prezidentimizning o‘zi borib ochdi, talabalarga topshirdi-ku! — Men qaerdan bilay, aka, Toshkentni tushimda ham ko‘rmagan bo‘lsam, — deb yengilganday bo‘ldi ammam. — Men ham bormaganman. Televizordan ko‘rdim. Senlar-ku oilaviy serial-perial ko‘rishdan bo‘shamasang, qaerdan bilarding? Otamning shashtini qaytargim kelmadi. Bizning yotoqxona Talabalar shaharchasida joylashmagan demoqchi bo‘ldim-u, indamadim. Qolaversa, yotoqxonamiz ham qayta ta’mirlangan, sharoitlari yaxshi... Yo‘l azobi, go‘r azobi. Amallab Toshkentga, keyin tramvayda yotoqxonaga yetib keldim. Bu yerda ham bayram, shekilli, tumonat odam. Goh u tomonga, goh bu tomonga mayishib yukimni ko‘targancha, darvoza oldiga kelsam, hech kimni ichkariga kirgizmayapti. Qo‘ltig‘imdan tarvuzim tushdi... Yo‘q, tarvuz emas, yelkamdan sumkam gurs etib pastga tushdi. Birinchi, ikkinchi kurslar oldindan ariza yozgan bo‘lsa, yotoqxonaga kirilar ekan, kiritilgan ham. Uchinchi, to‘rtinchi kurslarga umuman ruxsat yo‘q emish. Bu yerda turganlarning hammasi qizlar. (Hamdard yigitlar ham bor). Chunki bu yotoqxona qizlarniki. Shuncha qiz qaerga ketar ekan-a?! Turib-turib xo‘rliging kelib ketadi? Toshkentda yaqin bir qarindoshimiz, hechqursa tanishimiz ham yo‘q. “Kattalar”dan hech issiqlik chiqmagach, imkonini qilganlar (tanishi borlar) birin-ketin jo‘nab keta boshlashdi. Toshkentda yaxshimi, yomonmi tanishing bo‘lsin ekan-da! “Qorong‘u tushmasdan kvartira topaylik”, desam, atrofimdagilar biri olib, biri qo‘yib “kvartiralar osmon bo‘lib ketgan”daqa gaplar qilishadi. “Qimmat bo‘lsayam, mayli, lekin shu ham yo‘q-da!” Xayolimdan nimalar kechmayapti?! Otamning shukronalarini eslayman, beixtiyor. Aytgancha, “Toshkentga borishing bilan bizni xavotirga qo‘ymay telefon qil” deyishgandi. O‘zim bilan o‘zim bo‘lib unutibman. Bir qizning qo‘l telefonidan uyga qo‘ng‘iroq qildim. — Joylashgan bo‘lsang, nega tunda tashqarida tishing takillab turibsan, bolam, — dedi onam. — Ichkari kirsang, bo‘lmaydimi? (Ona baribir ona ekan-da. Ona ko‘nglining sezgirligiga yana bir amin bo‘ldim). — Zerikib ketdim. Shunga... Onam yoshlardan nolib-nolib xayrlashdi. Bu yoqda “sotka” egasi ham “pul ishlab ketdi” deb betoqatlanardi. — Haliyam shanba kuni kelmabsiz, — deyishdi menga. — Juda salqin edi. Bugun havo yaxshi-ku! E’tibor bermabman. Ikkinchi kurslar ham turgan ekan. — Nega siz kirmadingiz? — deb so‘rasam: — Men bugun keldim. Ariza yozish kerak ekan. Dekanning qo‘li bo‘lishi kerak ekan, — deydi. Nahotki, bir parcha qog‘oz odamdan ustun bo‘lsa?! Nahotki, yotoqxonada shuncha bo‘sh xonalar bo‘la turib bir kechaga joy berishmasa?! Aslida, hammasi talabalar uchun emasmi? Biroz achchiq ustida ham aytishim mumkinki, axir dekanu “zamdekanlar”, yotoqxonadagi “komendantlar”... agar talabalar bo‘lmasa, ular ham bu lavozimlarda ishlay olmasdilar! Shunday emasmi? Yotoqxona hovlisidagi azim chinorlar tagida o‘tiribmiz. “Kattalar” allaqochan issiq uylariga jo‘nab ketishgan. — Yashirincha, yotoqxonaga kirib olsa bo‘ladi. Lekin “komendant” va shunga o‘xshash “mansab”dagilar ko‘rib qolsa, ularning gaplaridan mulzam bo‘lib turishni o‘ylasam, ko‘chada ham yotishga tayyorman, — deydi havo salqinligidan junjikayotgan bir qiz. — Axir, kontrakt to‘lab qo‘yganmiz-ku! Yoki endi uchinchi kurs bo‘lding, ozroq to‘la deganlarmi? Mening hovlida ichkari kirolmay o‘tirish “staj”im kamroq. Shuning uchun jimgina faqat kuzatyapman. Oldinroq kelib amallab joylashib olgan qizlar tashqaridagilarga hamdard bo‘lishadi: — Hechqisi yo‘q! Baribir kirgizishadi. Bizni ham birinchi kuni shunday olib o‘tirishgan. Soat o‘ndan o‘tgandan keyin xuddi xizmatkoriga rahm qilayotgan boylarday ichkariga “taklif qilishadi”. — Dilmurod aka bilan gaplashib bo‘lmasmikin? Oldinlari g‘irt begonalar ham pul berib yotoqxonaga turishardi-ku! — Qiz bola boshing bilan qanday gaplashasan? Bo‘lsin-bo‘lsin, “komendant”dan tanishing bo‘lsin ekan-da! Ko‘nglimda xo‘rlik va g‘urur aralash qandaydir tuyg‘u hukmron. Mayli biz, talabalarni “Talabalar turar joyi”ga kiritmasinlar. Ertalabgacha shu Bobochinorga bosh qo‘yib uxlashga tayyorman. Erta tongdan esa million bo‘lmaydimi, ijaraga uy topaman... Balki “universitetimiz Kattalari”ning maqsadi tabalalarni shunday o‘ylashga majbur qilishdir. Kim bo‘ldi, bu “tuzlig‘iga tupurgan” talaba deb, (chunki bizda o‘z haqini talab qilganlarni shunday atashdi) oshig‘ich maqola tagiga qarayapsizmi? Axir, men bitta emasman-ku?! Aytgancha, o‘qiydigan universitetimni o‘zingiz bilib olgandirsiz? Sal ochiqroq ayta qolay, o‘quv yurtimiz chet tillarini o‘rgatishga ixtisoslashgan. Iltimos, ism-familiyamni oshkor qilmang. Chunki... Xolis TALABA