“Suyunchi” filmi yodingizdami? Xalq artisti G'ani A’zamov (Alloh rahmatiga olgan bo`lsin) yaratgan chol obrazida “Falonchining to`yi yaxshi o`tdi-yu, mushtlashish bo`lmadi-da. Qishloqda mushtlashish bo`lmagan to`y to`ymi” deb qo`yadi. O`tgan oyning 30-sida Alisher Navoiy nomli kino saroyida scenariy muallifi va rejissor Rixsivoy Muhammadjonovning “Qaydasan, muhabbat” filmi premyerasi ana shunaqa to`ylardek, juda antiqa o`tdi. Hali premyera boshlanmasdan, kino ijodkolari sahnaga chiqishlari bilan besh-o`n chog`li yosh-yalang orasida “gap qochdimi”, ishqilib, gurras o`rinlaridan turib, mushtlasha ketdi. Kinosaroy posbonlariyu, tomoshabinlarning “hay-hay”lashiga qaramay, shovvozlar “guv” etib o`zlarini tashqariga urdi. Adashmasak, naq yigirma besh yillar oldin (balki undan ko`proqdir) navbatdagi hind kinosi ishqibozlari ishtirokidagina saroyning oynavand eshiklari singani yodimda. Bu gal saroyning zil-zambil kirish eshiklaridan biri bugungi yoshlarning “shiddatiga” dosh berolmay, bir tomonga egildi-qoldi. Ha, endi yoshlar-da, g`ayrati jo`sh urib ketgan, deb ijodkorlarni olqishlab turgandik, hayal o`tmay ikkinchi bir guruh yigitlar “san-manga” borib qolsa bo`ladimi?
Bular ham “narigilardan qayerimiz kam” deb kinoga kelgan, shekilli, ikki tomon bir-birini chunonam do`pposladiki, bu gal posbonlar ham, tomoshabinlar ham tala-to`pga qo`shilmaslikni afzal bilishdi. Bechora rejissor, balki gapni sal cho`zib yubordim deb o`yladimi, falsafasini kalta qilib, muddaoga o`tib qo`ya qoldi.
Kino boshlandi. Ikki yoshning muhabbatiga bag`ishlangan (hozir eng “modaga” kirgan mavzuda endi) kinoning yarmidan xiyol o`tganda, zalning o`rtasida yana “hay-hay” boshlanib qolsa deng. Bular har ikki guruhning qolgan-qutgani shekilli, ulardan kamroq sonli yoshlar bir-biriga chunonam “shirin takalluflar izhor qilib” kino zalni “tark etdi”.
To`g`risini aytaylik, harqalay, kino mavzusiga, undagi muammolarga andak tushungan esam-da, haligi to`s-to`polonlar ko`proq taassurot qoldirdi. Kinodan chiqar ekanman, yoshi ulug`roq bir otaxonning “Shuncha g`ayrati bor ekan, bu yigitlarni ishlatish kerak-da”, degan gaplariga e’tibor berdim. Xullas, “Qaydasan, muhabbat” premyerasida “jasorat ko`rsatgan” yigitlar ana shu g`ayratu shijoatini foydaliroq ishga yo`naltirsa bormi...